O‘zbek ustasining yelimsiz yasalgan yog‘och moslamasi xorijliklarda qiziqish uyg‘otdi (video)

O‘zbekistonlik hunarmandning yaxlit yog‘och bo‘lagidan yasagan noodatiy moslamasi ijtimoiy tarmoqlarda e’tibor qozondi. Kitob, planshet va telefon qo‘yishga mo‘ljallangan ushbu buyumning eng qiziq jihati — uni tayyorlashda yelim yoki mixdan foydalanilmagan.
Ustaning mahorati bilan yog‘ochning alohida qismlari bir-biriga moslab ishlangan va murakkab konstruksiya hosil qilingan. Bunday usul o‘zbek yog‘och o‘ymakorligida qadimdan qo‘llanib keladigan an’anaviy hunarmandchilik namunalaridan biri — lavh tayyorlash san’atiga xos.
Lavh, odatda, kitoblarni, xususan, Qur’oni karimni o‘qishda foydalaniladigan yog‘och qo‘ygich hisoblanadi. Uning ayrim turlari yaxlit yog‘och bo‘lagidan yasalib, mix, yelim va sharnirlarsiz ochilib-yig‘iladi.
Videoda ham o‘zbek hunarmandining milliy yog‘och o‘ymakorligidagi an’anaviy buyumi — lavhni xorijlik sayyohlarga tanishtirayotgani aks etgan. Usta ingliz tilida tushuntirish berib, ushbu moslamadan 6–7 xil usulda foydalanish mumkinligini ko‘rsatadi.
Jumladan, lavhga kitob, telefon, planshet va hatto kompyuterni ham joylashtirish mumkinligini amalda namoyish etadi. Sayyohlar esa buyumning o‘ziga xos tuzilishi va ko‘p vazifali ekanini ko‘rib, hayratlarini yashira olmagan.
Ushbu lavh nafaqat o‘zbek ustalarining yuksak mahoratini, balki milliy hunarmandchilik an’analarining zamonaviy hayotda ham o‘z o‘rniga ega ekanini namoyon etdi.






























Izohlar 0
…