13:39 / 28.06.2017
4 132

Vazirlik tanlov e’lon qildi: tomoshaga tayyor turing!

Vazirlik tanlov e’lon qildi: tomoshaga tayyor turing!
Yaqinda XTV “Xalq ta’limi tizimidagi eng yaxshi veb-sayt” tanlovini o‘tkazdi. Tanlov nizomi ideal ishlab chiqilgan: maqsad va vazifalar, tartiblar, baholash mezonlari va hokazo. O‘qigan odam qaniydi o‘qituvchi bo‘lsamu shu tanlovda qatnashsam, birinchi o‘rinni olmasam ham mayli edi, ammo bunday adolatli, sharafli tanlovda qatnashib, o‘zimni baxtiyor his etsam, deydi. Bir dunyo ishlari, qo‘shimcha yumushlari, dala-ko‘chadagi tashvishlaridan ortib veb-sayt yuritayotgan pedagoglarniku aytmay qo‘yavering. Xullas, yaxshi niyat, bir chimdim umid bilan tanlovda qatnashish uchun arizalar berildi, birinchi bosqich ko‘ngildagidek, qog‘ozlarda yozilganidek o‘tdi hisob.

Ammo navbatdagi va so‘nggi – Respublika bosqichi boshlanganidan keyin “ob-havo” butunlay o‘zgardi, osmonni qora, mavhum bulutlar qoplab, o‘yin shartlari o‘zgardi, yangi ishtirokchilar paydo bo‘lib, g‘oliblikka da’vo qilishga o‘tdi. Avval-boshda e’lon qilingan tanlov Nizomiga ochiqchasiga tupurildi, umid bilan tanlovga ariza berganlarning ixlosi batamom sindirildi, hafsalasi pir qilindi.
Tanlov boshidan meni ko‘proq 2-nominasiya – “Eng yaxshi o‘qituvchi veb-sayti” qiziqtirgani uchun, ushbu nominasiya bo‘yicha jarayonlarni kuzatib borishga harakat qildim. Keling, shu haqda batafsilroq to‘xtalsam.

Nizomga ko‘ra, arizalar 23 martdan 12 aprelgacha qabul qilinishi, tanlovni baholash davri esa 16 mayda yakuniga etishi lozim edi. Ammo saralanib, Top-10ga kiritilgan 10ta saytning 4tasi 24 martda, 2tasi esa aprelda ochilgani kishini taajjubga soladi, aniqrog‘i shubhalantiradi, qayerdan paydo bo‘lib qoldi ular?! O‘tgan bir-ikki oy ichida qanday olamshumul yangilikka qo‘l urishgan ekanki, tug‘ilgandan g‘oliblikka da’vo qilishga o‘tsa? Qolgan saytlardan 2tasidan biri ham ishga tushganiga uncha ko‘p bo‘lmaganiga nima deysiz? Biri 2017 yilning yanvarida, ikkinchisi fevralda ochilgan (milliy domenlar registratorining Cctld.uz sayti asosida). Eng kuchli 10 saytning 2tasi esa 3-darajali domenda bo‘lgani sababli qachon ochilganini bilish qiyin. Mazkur saytlarning mazmuni, dizayni, texnik holati, foydalanishga qulayligi, davomiyligi haqida gapirish ortiqchalik qiladi.

Yana bir jihat: Top-10dagi saytning 4tasi Xorazm, 3tasi Jizzaxda ochilgan. Aynan mana shu saytlar 2017 yil 24 martda va aprel oyida ochilgan. Qiziq, boshqa hududlarda sifatli veb-sayt ochib, uni zamonga mos kontent bilan to‘ldirib borayotgan pedagoglar yo‘qmi? Tanlov uchun ochilgan va tanlovdan keyin qancha yashashi noma’lum saytlar qanday qilib top-10 reytingiga kirib qolgani tushunarsiz.

Ha, yana bir narsa. Tanlov nizomida katta qilib yozilgan: Tanlovning rasmiy sayti – https://tanlov.uzedu.uz deb. 5 iyungacha Respublika bosqichi natijalarini bilishning imkoni bo‘lmadi. Oxiri Tashkiliy qo‘mitaga telefon qilib so‘radik. Javobning antiqaligini qarang: forum.uzedu.uz saytida chiqdiku. Qiziq, bu haqda qachon, qayerda e’lon berildi? Garchi nizomda tanlovga o‘zgartishlar kiritilishi ehtimoli haqida aytib o‘tilgan bo‘lsa ham, buni imi-jimida amalga oshirish mumkin, degan joyi yo‘qku? Bu kabi ishlardan so‘ng shunday xulosa qilishga asoslar etarli: tanlovni tashkil etish, g‘oliblarni aniqlashda noxolisliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Mana, 16 mayda e’lon qilinishi kerak bo‘lgan natijalar nihoyat 23 iyun kuni dunyo yuzini ko‘rdi. Tanlovda:
Jizzax viloyati Do‘stlik tuman 10-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Shuhrat Nurgazievning https://shuhratbek.uz/;
Farg‘ona viloyati Yozyovon tuman 21-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Qobiljon Mirzaqulovning https://infomat.uz;
Jizzax viloyati Jizzax tuman 14-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Nargiza Qarshiboyevaning https://nargiz13.uz veb-saytlari g‘olib bo‘ldi.

G‘oliblarga e’tirozlar yo‘q, nomzodlar ichida pichoqqa ilinadiganlari tanlab olingani ko‘rinib turibdi. Asosiy e’tiroz tanlov tashkilotchilariga! Nima uchun XTV aksariyat tanlovlarini nizomda belgilangandek emas, balki tushunarsiz, mavhum, beqaror tarzda o‘tkazadi? Shaffoflik, ochiqlik, adolat va haqqoniylik asosida o‘tkazishga kim yoki nima xalal beradi? Bunaqa tomoshalardan qanday foyda, kimga naf?

Sanjar Said

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Vazirlik tanlov e’lon qildi: tomoshaga tayyor turing!