14:35 / 31.07.2017
7 319

Abiturientlarning huquq va majburiyatlari

Abiturientlarning huquq va majburiyatlari
Hurmatli abiturientlar! Sizlar test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirishingiz uchun test sinovlarni o‘tkazish tartib-qoidalarini, test jarayonida o‘zingizning vazifalaringiz, majburiyatlaringiz va huquqlaringizni aniq bilishingiz va test sinovlarini o‘tkazish tartibiga rioya qilishingiz talab etiladi.

Abiturientlar test sinovlari o‘tkaziladigan kuni bino hududiga soat 8.00 gacha, auditoriyaga soat 8.30 gacha faqat abiturient ruxsatnomasi va pasporti bilan kiritiladi. Test sinovlari boshlangan (soat 8.30)dan keyin abiturient auditoriyaga kiritilmaydi.
Soat 8.30 dan 9.00 gacha abiturientlar javoblar varaqasini to‘g‘ri to‘ldirish tartibi bilan tanishadilar va uning tegishli joyiga o‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yozadilar. Bu vaqt test o‘tkazish uchun ajratilgan vaqt me’yoriga kirmaydi.
Test boshlangandan keyin hech kim auditoriyaga kiritilmaydi va test topshiriqlari bo‘yicha abiturientlar bilan savol-javob qilinmaydi.

Abiturient javoblar varaqasi raqami bilan savollar kitobi raqamining bir-biriga mosligini va savollar kitobida fanlar bo‘yicha test savollarida tipografik xato yoki boshqa nuqsonlar yo‘qligini tekshiradi. Agar test savollarida nuqson bo‘lganda darhol bu haqda auditoriya rahbariga xabar beradi.
Abiturient javoblar varaqasi berilgandan keyin abiturient ruxsatnomasi va titul varaqasining tegishli joylariga javoblar varaqasi raqamini ko‘chirib yozadi.

Abiturient javoblar varaqasining 1-blokiga va savollar kitobi muqovasining belgilangan joyiga o‘zi haqidagi tegishli ma’lumotlarni yozib, imzo qo‘yadi. Agar abiturient tomonidan ushbu ma’lumotlar kiritilmagan taqdirda, ixtiyoriy bosqichda dalolatnoma tuziladi va test sinovi bo‘yicha natija chiqarilmasligiga asos bo‘ladi.
Savollar kitobidagi har bir fan 36 ta topshiriqni o‘z ichiga oladi.
Abiturientga test topshiriqlarini bajarish uchun quyidagi vaqt me’yorlari belgilanadi:
72 savolga — 2 soat;
108 savolga — 3 soat.

Har bir savolga 4 tadan («A», «B», «C», «D») javoblar varianti berilgan bo‘lib, abiturient ulardan faqat bittasini savollar kitobchasida belgilashi (savollar kitobida belgilangan javoblarni o‘zgartirish mumkin), keyinchalik javoblar varaqasining mos fan blokidagi doirachani belgilangan tartibda bo‘yashi kerak (javoblar varaqasida belgilangan javoblarni o‘zgartirish mumkin emas).
Har bir test savoliga faqat bitta javob belgilanishi shart. Agar javoblar varaqasidagi «Belgilash uchun namuna» qoidasiga rioya etilmasa, jumladan bitta savolga javoblar varaqasida tegishli doiracha bo‘yalmasa yoki ikki va undan ortiq doiracha bo‘yalsa yoxud to‘liq bo‘yalmasa ushbu javobga ball berilmaydi.

To‘ldirilgan javoblar varaqasi abiturientning bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanadi.
Javoblar varaqasi abiturient tomonidan havo rang pastali sharikli ruchka bilan to‘ldiriladi.
Javoblar varaqasi to‘g‘ri to‘ldirilishi uchun abiturient shaxsan javobgardir. Javoblar varaqasidagi tegishli doirachalarni noto‘g‘ri belgilagan abiturientlarning e’tirozi ko‘rib chiqilmaydi.

Javoblar varaqasini to‘ldirishga test sinovi uchun belgilangan vaqt me’yoriga qo‘shimcha 20 daqiqa ajratiladi.
Abiturient tomonidan uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirish va foydalanish qat’iy man etiladi.
Test sinovlari o‘tkaziladigan binoga kirishda abiturient mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikasiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan bo‘lsa, test sinovlari davomida test materiallarini boshqa abiturientga uzatsa yoki yordam bersa, abiturient test sinovlarini o‘tkazish tartibini buzgan hisoblanadi va Davlat test markazi vakili tomonidan dalolatnoma tuzilib, u test jarayonidan chetlashtiriladi.

Abiturientlar diqqat qiling! Test sinovlari o‘tkaziladigan binoga kirishda abiturientda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikasiya vositalari va shpargalkalar mavjudligi aniqlansa ular binoga kiritilmaydi va tegishli dalolatnoma tuzilib, test jarayonidan chetlashtiriladi.
Test sinovi jarayonida abiturient tomonidan savollar kitobi varag‘i yirtib olinganligi aniqlansa, test sinovlarini topshirish qoidalari buzilgan hisoblanadi va test sinovidan chetlashtiriladi.

Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abiturientlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilmaydi.
Test sinovlarini topshirish vaqtida abiturientning auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi, auditoriyadan chiqqan abiturientlar qaytadan test sinovlariga qo‘yilmaydi, sog‘lig‘ining yomonlashishi va boshqa shu kabi holatlarda test materiallarisiz qavat bo‘yicha vakil kuzatuvi ostida auditoriyadan chiqish hollari bundan mustasno.

Auditoriya rahbari tomonidan testni bajarish uchun ajratilgan vaqt tugagani va savollar kitobidan javoblar varaqasining mos doirachalariga bo‘yash uchun qo‘shimcha berilgan yigirma daqiqalik vaqt boshlanganligi e’lon qilinganda abiturient savollar kitobi bilan ishlashni to‘xtatib, savollar kitobidan javoblar varaqasining mos doirachalarini bo‘yashni boshlashi, qo‘shimcha ajratilgan vaqt tugagani e’lon qilinganda javoblar varaqasi bilan ishlashni to‘xtatishi shart.

Abiturient test savollari yoki test sinovlarini o‘tkazish jarayoni yuzasidan e’tirozlari mavjud bo‘lganda, test materiallarini topshirganidan so‘ng, shu kunning o‘zida qabul komissiyasi, Davlat test markazining ta’lim muassasasi yoki bino bo‘yicha vakili orqali Davlat test markaziga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abiturientlarning huquq va majburiyatlari