13:06 / 04.08.2017
3 984

O‘zbekistonning yirik kompaniyalari ijodkorlarga homiylik qiladi

O‘zbekistonning yirik kompaniyalari ijodkorlarga homiylik qiladi
O‘zbekiston Prezidenti kecha mamlakatimiz ijod ahli bilan o‘tkazgan uchrashuvda etakchi ijodiy tashkilotlarning “do‘stlari klublari”ni tashkil etish masalasini ilgari surdi.

“Bugun ma’rifatli dunyoda shunday an’ana mavjudki, yirik kompaniyalar, banklar, firmalar madaniy tashkilotlarga homiylik qilishni o‘zlari uchun sharaf deb biladilar. Ba’zan, qani edi, bizda ham shunday homiylar ko‘paysa, deb orzu qilaman. Ajdodlarimiz o‘z davrida yaratgan ilmiy va ijodiy maktablarning vujudga kelishida avvalo ana shunday ma’rifatparvar homiylarning hissasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgani yaxshi ma’lum. Shundan kelib chiqqan holda, yana bir taklifni o‘rtaga tashlamoqchiman. Yurtimizdagi etakchi ijodiy tashkilotlarning “do‘stlari klublari”ni tashkil etsak, ularga yirik korxona, bank va kompaniyalarni homiy sifatida biriktirib qo‘ysak, shartnoma asosida ularning doimiy hamkorligini yo‘lga qo‘ysak, nima deysizlar?

Masalan, Milliy bank rahbari Suxrob Xolmurodov biz O‘zbekiston davlat konservatoriyasini otaliqqa olamiz, “Konservatoriyaning do‘stlari klubi”ni tuzib, unga rahbarlik qilamiz, degan tashabbus bilan chiqyapti. Olmaliq kon-metallurgiya kompaniyasi rahbari, senator Aleksandr Farmonov esa “Biz O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining do‘stlari klubiga rahbarlik qilsak”, degan taklifni bildiryapti. Xalq banki “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining do‘stlari klubi”ga rahbarlik qilmoqchi. Yaqinda faoliyati to‘xtab qolgan Teatr arboblari uyushmasini qayta tiklash to‘g‘risida takliflar bildirilmoqda.

Bu uyushma faoliyatiga “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining homiylik qilish haqidagi tashabbusini biz albatta qo‘llab-quvvatlaymiz. “O‘zoziqovqatsanoatxolding” xolding kompaniyasi Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambliga homiylik qilmoqchi. “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati O‘zbek Milliy akademik drama teatri bilan yonma-yon joylashgan. Kompaniya rahbariyati “Qo‘shnimga yordam ko‘rsataman, Milliy teatrning do‘stlari klubiga rahbarlik qilaman”, deyapti. Rahmat ularga.”

Prezidentning qayd etishicha, shular qatorida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga – “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, O‘zbek davlat drama teatriga – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi­, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga – “O‘zsanoatqurilishbank”, Respublika yosh tomoshabinlar teatriga – Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Respublika qo‘g‘irchoq teatriga – “O‘zeltexsanoat” kompaniyasi homiylik qilish istagini bildirmoqda.

O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatrini esa – “Kapitalbank”, O‘zbekiston akademik rus drama teatrini – “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi, O‘zbekiston yoshlar teatrini – “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati, Respublika satira teatrini – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, “Tomosha” bolalar teatr-studiyasini – “Aloqabank”, “Diydor” teatr-studiyasini – “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki otaliqqa olmoqchi.

Xuddi shu asosda Bastakorlar uyushmasiga – “Asaka bank”, Rassomlar uyushmasiga – “O‘zvinosanoatxolding” kompaniyasi, Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabiga – “Ipoteka bank”, Milliy rassomlik va dizayn institutiga – “O‘zdonmahsulot” kompaniyasi, “O‘zbekkino” milliy agentligiga – “O‘zavtosanoat” kompaniyasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga – Respublika tovar-xomashyo birjasi homiy bo‘lish tashabbusi bilan chiqmoqda.

Mamlakatimizdagi etakchi muzeylarni, avvalo Adabiyot muzeyini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiev amaliy takliflar bildirmoqda.

“Ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat hokimliklari o‘z hududlaridagi teatrlarga homiylik qilib, ularning faoliyatini kuchaytirish uchun 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratish niyatida ekani barchamizni xursand qilmoqda. “O‘tgan kunlar” filmida Yusufbek hoji aytganidek, qarang, bizning shunday ma’rifatparvar rahbarlarimiz bor ekan-u, biz bexabar yurgan ekanmiz. Kelinglar, barchamizning nomimizdan ularga rahmat aytib, ishlariga muvaffaqiyat tilaylik.

Men ishonaman, bu rahbarlarimiz ijodiy uyushmalarga nafaqat moddiy, balki eng avvalo, ma’naviy yordam beradilar. Ya’ni, oila a’zolari, mehnat jamoalari bilan birgalikda teatrlarga, kino va ko‘rgazma zallariga, konsertlarga borib, boshqalarga namuna ko‘rsatsalar, nur ustiga nur bo‘lardi”,
deydi davlatimiz rahbari.


Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonning yirik kompaniyalari ijodkorlarga homiylik qiladi