6 915
Prezident qarori: san’at asarlari mualliflariga haq to‘lashning eng kam miqdori belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bugun, 14 avgust kuni “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori
Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, shu sohada mehnat qilayotgan, o‘zining badiiy, ijtimoiy-siyosiy ruhdagi ijodiy asarlari bilan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, o‘zaro hamjihatlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan shoir va yozuvchilar, rassomlar, madaniyat va san’at xodimlari, jurnalistlar mehnatini ragbatlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari shaharlarda barpo etiladigan ko‘p kvartirali arzon uylar hamda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan arzon uy-joylarga muhtoj fuqarolar ro‘yxatini belgilangan tartibda shakllantirishda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlar, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi a’zolari va xodimlari, jumladan, ushbu sohalardagi iste’dodli va istiqbolli yoshlarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji inobatga olinsin.
2. Quyidagilar:
Ilm-fan, adabiyot va san’at asarlari nashr etilgani uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari - 1-ilovaga muvofiq;
ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik, adabiy asarlar yaratish bo‘yicha buyurtmalarni bajargani uchun, haykaltaroshlik asarlari, tasviriy san’at asarlari yaratgani, badiiy loyihalashtirish va konstruksiyalash ishlari uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari, shuningdek, ushbu pul O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘langanida uning eng yuqori stavkalari - 2-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, televidenie va radio kanallari orkali beriladigan materiallar uchun haq to‘lashning eng kam stavkalari - 3-ilovaga muvofiq;
kinofilmlar uchun adabiy ssenariylar, original musiqa va qo‘shiqlar matnini yaratgani uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari - 4-ilovaga muvofiq;
kinofilmlar uchun maslahatlar berish bo‘yicha mutaxassislar mehnatiga haq to‘lashning eng kam stavkalari - 5-ilovaga muvofiq;
kinofilmlar postanovkasi uchun ularning badiiy darajasiga ko‘ra suratga olish guruhlarining ijodiy xodimlariga postanovka qilgani uchun to‘lanadigan haqning eng kam stavkalari - 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2018 yil 1 yanvardan boshlab amalga kiritilsin.
Belgilansinki, mualliflik haqi va unga doir boshqa to‘lov turlarini ushbu karorning 1-6-ilovalarida belgilangan darajadan kam miqdorda to‘lashga yo‘l qo‘yilmaydi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, ijodiy uyushmalar hamda mualliflik haqi va unga doir boshqa to‘lov turlarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘laydigan tashkilotlar yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlar uchun sarflanadigan xarajatlarni har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladigan byudjet mablag‘lari doirasida bo‘lishini qat’iy ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
5. Ushbu karorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent, 14 avgust “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi