2016 yilning 3 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, mustaqil O‘zbekiston davlati asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov ona shahri Samarqandga, Hazrati Xizr masjidi yoniga dafn etilgan edi. Bu kunlarni, Birinchi Prezidenti bilan vidolashuv onlarini o‘zbek xalqi unutmadi, unutmaydi ham. Islom Karimov yosh avlod ma’naviyatida, tinch va osoyishta kunlar uchun yangragan shukronalikda, bolalar kulgisi, keksalar duosida barhayot.
Islom Karimovning kenja qizi, “Sen yolg‘iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi raisi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi vasiylik kengashi raisi, O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakili Lola Karimova-Tillyayeva kecha, 2 sentyabr kuni otasi qabrini ziyorat qildi. Jamoatchi otasining qabri ustida qad rostlagan maqbaraning qurilish jarayoni haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozib qoldirdi.
“O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti – otamdan ayrilganimizga bir yil bo‘ldi...
Otam, vasiyatlariga binoan, ona shaharlari Samarqandda, ular uchun aziz va qadrli bo‘lgan joylardan birida, Samarqandning eng qadimiy yodgorliklaridan sanalmish Hazrat Xizr masjidi yonida dafn etildilar. Kecha Samarqandga borib, otam qabrini ziyorat qildik. Otam qabrlari ustiga bunyod etilgan maqbaraning barpo etilishi haqida so‘zlab bermoqchiman.
Qadimiy Hazrat Xizr masjidi YuNESKO himoyasida bo‘lganligi uchun, mening oldimda, O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakili sifatida, maqbara barcha me’yorlarga javob bergan holda qurilishi zarurligi vazifasi turdi. YuNESKOning Parijdagi bosh qarorgohiga taqdim etish uchun maqbaraning loyihasi ustida bir-necha oy davomida Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bosh boshqarmasi bilan birgalikda ish olib bordik. Loyiha tasdiqlangandan so‘ng, Samarqandda xotira obidasining qurilishi ishlari boshlab yuborildi.
Maqbarani loyihalash va qurish jarayonida yangi obida me’moriy yechimi Hazrati Xizr masjidiga uyg‘un bo‘lishiga, shu bilan birga, YuNESKO butunjahon meros ob’ekti tarixiy ko‘rinishini saqlab qolishga alohida e’tibor qaratildi.
Sharq me’morchilik an’analari asosida loyihalanib bunyod etilgan maqbarada ham o‘rta asrlar, ham zamonaviy arxitektura usullari mujassam. Obida tuzilishiga ko‘ra XIV-XVIII asrlarning bir bo‘lmali daxmalarini yodga soladi. Bunday maqbaralarni O‘rta Osiyoning ko‘plab shaharlarida uchratish mumkin.
Balandligi 7,55 metr bo‘lgan inshootning gumbazi Hazrati Xizr masjidi kabi qirrador sirli koshinlar bilan qoplangan.
Maqbara peshtoqini bezashda esa rango-rang bo‘rtma koshindan foydalanilgan.
Inshootning quyi qismi to‘q yashil marmar, yuqorisi esa o‘yma sopoldan ishlangan iroqi uslubidagi belbog‘ bilan ziynatlangan.
Maqbaraga janubi-sharqiy tomondan kiriladi. Obida eshigi ustiga Qur’oni karim oyati arab tilida, suls xatida nafis naqshu nigor uyg‘unligida bitilgan. Oyatning tarjimasi bunday: “(Ularga) rahmli Parvardigorlari tomonidan salom (aytilur) (“Yosin” curasi, 58-oyat). Peshtoqqa esa “Niso” surasining 113-114 oyatlari ko‘rk bag‘ishlab turibdi:
“Agar sizga Ollohning fazli va rahmati bo‘lmaganida edi, ularning bir toifasi Sizni adashtirishga azmu qaror qilgan edilar. Ular o‘zlarinigina adashtiradilar. Sizga esa biror zarar yetkazmaydilar. Olloh Sizga Kitob va Hikmatni nozil qildi va bilmaganingizni bildirdi. Allohning Sizga (nisbatan) fazli buyukdir”.
“Ularning ko‘p shivirlashib gaplashishlarida yaxshilik yo‘qdir. Magar sadaqa berishga, ezgulikka yoki odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurilgan bo‘lsalar, bu – yaxshidir. Kimda kim Olloh rizosi uchun shu ishlarni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz”.
Ikki tabaqali eshikka Samarqand yog‘och o‘ymakor ustalari usulida Qusam ibn Abbos maqbarasidagi kabi uch sathli naqsh solingan.
Peshtoqlar markazidagi arkalarni handasaviy naqshli marmar panjaralar bezab turibdi. Ichki tomondan esa uch qavatli shaffof oyna o‘rnatilgan. Bu esa maqbara ichiga yorug‘likning bir maromda tushishini ta’minlaydi.
Maqbaraning orqa devori arkasiga “Shuaro” surasining 109-oyati bitilgan.
Maqbaraning ichki qismi an’anaviy usulda bezatilgan. Inshootning to‘rtala tomonidagi yarim metrli o‘yiq me’moriy shakllar unga ayricha ko‘rkamlik baxsh etgan. Peshtoq arkalari orasidagi mo‘’jaz qubbalarga kundal uslubidagi naqshu nigor va zar bilan jilo berilgan.
Gumbaz osti aylanasiga ko‘rk bag‘ishlagan iroqi uslubidagi belbog‘ XIV-XVIII asr Samarqand va Buxoro me’morchiligida keng qo‘llanganini aytish joiz.
Inshoot ichki qismini bezashda Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlardan keltirilgan turfa rangdagi toshlar qadalgan oq marmar istifoda etilgan.
Yorug‘lik tuynuklari tegrasi “guldasta” deb atalgan ustunchalar bilan o‘ralgan.
Devorning pastki qismiga och yashil rangli aqiq va girih uslubidagi murakkab qirqma handasaviy naqshlar ziynat berib turibdi.
Markaziy arkaga suls va kufiy xatida Qur’oni Karimning “Najm”, “An’om”, “Sho‘ro”, “Fotir” suralaridan oyatlar bitilgan bo‘lib, ular zar bilan qoplangan.
Arka tuynuklarini bezashda esa islimiy uslubidagi qirqma naqshlar va turfa rangdagi qimmatli tabiiy toshlardan foydalanilgan.
Gumbazning ichki qismi kundal uslubidagi naqshu nigor va zar bilan ziynatlangan.
Obidaning ichki va tashqi bezagiga oid har bir badiiy element O‘rta Osiyo va Samarqand an’anaviy maktab va uslublariga tayanilgan holda maxsus ishlangan.
Maqbara o‘rtasidagi qabr toshi aqiqdan bo‘lib, uning tegrasida Qur’on oyatlari va Amir Temur hamda Temuriylar davriga oid yozuvlar bitilgan”, deydi Lola Islomovna.
Lola Karimova-Tillyayeva o‘z yozganlari yakunida maqbarani bunyod etishda yordam qo‘lini cho‘zganlar, xususan onasi Tatyana Karimova va Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirgan.
“Me’moriy majmuani bunyod etishda ko‘rsatilgan yordam uchun Birinchi Prezident bevasi – oyim Tatyana Akbarovna Karimovaga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bosh boshqarmasiga, YuNESKOning Butunjahon merosi markaziga hamda Yodgorliklar va tarixiy maskanlarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro kengashga (IKOMOS) o‘z minnatdorligimni izhor etaman.
Otamning maqbaralarini barpo etishda ishtirok etgan barcha insonlarga, me’mor va quruvchilarga samimiy tashakkurimni bildiraman”, deb so‘zlariga yakun yasaydi Islom Karimovning kenja qizi.
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar