15:02 / 12.09.2017
12 000

“Do‘stlik” chegara bojxona kompleksida “tilla yoqali” ayolning siri fosh bo‘ldi

“Do‘stlik” chegara bojxona kompleksida “tilla yoqali” ayolning siri fosh bo‘ldi
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib kirilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarligini fosh qilishdi. Bu haqda Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati “Qalampir.uz” tahririyatiga yuborilgan ma’lumot orqali xabar bermoqda.

“Do‘stlik” chegara bojxona kompleksi orqali qo‘shni davlatdan kirib kelayotgan xorijiy fuqaro Z.Toxtosinovaning bojxonachilar qarshisida bezovtalanishi bejiz emas ekan.

Gumon ostiga olingan ayol belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilmasdan turib, 31 dona tilla taqinchoqlarni olib kirishga uringani fosh bo‘ldi.

Bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida ushbu ayol uzuk va sirg‘alarni ko‘ylagining yoqasi ostiga yashirincha tikib qo‘ygan.

Bundan tashqari, u bir dona qimmatbaho zanjirni ko‘ylagining uzun yengi ostidan bilagiga o‘rab olgan ekan. Shu tariqa Z.Toxtosinova qiymati salkam 23 mln. so‘mlik, umumiy og‘irligi 114,6 gr. tillalarni noqonuniy ravishda olib kirmoqchi bo‘lgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig‘i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me’yorlariga muvofiq umumiy og‘irligi 30 grammdan ortiq bo‘lmagan qimmatbaho toshlar va kimmatbaho metaldan tayyorlangan 5 donagacha zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Do‘stlik” chegara bojxona kompleksida “tilla yoqali” ayolning siri fosh bo‘ldi