“Turkiyaga havas qilib ishlagani ketganim yo‘q. Hayot majbur qildi”, deydi Istambulning Otaturk aeroportida uchratgan suhbatdoshim. Aeroportning kutish zalida zerikib o‘tirib, Toshkentga uchayotgan ayol bilan suhbatlashib ketdik. Yoshi o‘ttizlar atrofida bo‘lgan ayol qanday taqdir uni Istambulga yetaklab borganini so‘zlab berdi. Toshkentga uchish kutish zali odamlar bilan gavjum bo‘lib, shovqinli ham edi.
Shu vaqt ikki qo‘lida yuk bilan yonimizga bir yosh ayol yaqinlashdi va “Yuklaringiz ko‘p emasga o‘xshaydi, meni sotishga olgan mollarim ancha. Tirikchilik, iltimos shugina yuklarimni olib o‘tib bera olasizlarmi?”, deya ikkimizga zil-zambil xaltasini tutqazdi. Qarshiligimizga qaramasdan yalinib, yolvorib mollarini bizga taqsimlab berdi. Tirikchilik nachora, deb ayolni iltimosiga rozi bo‘ldik. Ochig‘i shuncha yukni qo‘rqmasdan olganiga hayron qoldim. Ayol uzoqlashgach yana suhbatimizni davom ettirdik.
“Biz ikkimiz sevishib turmush qurgan edik. 7 yil birga yashadik. Taqdir ekan, xo‘jayinim avtohalokatga uchrab vafot etdi. Biroz o‘tmay otamdan ham ayrildim. Uchta bola bilan mo‘ltirab qolaverdim. Yosh turmushga chiqqanim uchun qo‘limda na bir hunarim va na bir diplomim bor. Avvaliga tushkunlikka tushib qolgandim. Odamlarning gap so‘zidan qo‘rqib ko‘chaga chiqmay faqatgina ikki ukamning yordami, ro‘zg‘ori bilan kun ko‘rdik. Odamlar gap so‘zidan ersiz beva xotin qayerda yuripti, deb g‘iybat qilishidan xavfsirab hatto non olgani ham ko‘chaga chiqmasdim. Keyin bu ahvolda ukalarim qo‘liga qarab o‘tirish qiyinlik qildi.
Turkiyada ishlaydigan dugonam taklifi bilan Istambulga ketadigan bo‘ldim. Onam ham qarshilik qilmadi. Nima qilay o‘zimizda uch go‘dakni boqishga arzigulik maosh beradigan ish topishning iloji bo‘lmasa. O‘zimning farzandlarimni ko‘zida yosh bilan qoldirib, Istambulda begonaning farzandiga enagalik qildim. Oyiga 800 dollar maosh olardim. Yeb ichishim, boshpanam tekin. Goh-gohida bekam farzandlarimga sovg‘a ham berib turardi. Odamlar meni ersiz qolib chetga likillab chiqib ketdi, deya gap so‘z qilishni biladilar. Ammo, ayting meni uch go‘dagimni qornini to‘yg‘azishga ular yordam berarmidi. Diplomsiz ularni boqadigan ish topa olmasam. Diplomlilar ham oilasini bisyor qilib qo‘yayotgani yo‘q-ku.
Suhbatimiz orasida haligi ayol qo‘lida yana ikki xalta bilan boshqa yo‘lovchilar oldida mulzam bo‘layotganini ko‘rdim. Bizga topshirgan narsalari hozirda qo‘lida ushlab turgan xaltalar oldida hech gap emasdi. U bizga qo‘llagan nochor ayol obraziga kirib yana xaltasini bir turk va o‘zbek yigitiga topshirdi. Ular ham “bechora” savdogar ayolga rahm qilishdi. Biroz o‘tib samolyotga ham chiqdik. Ayol bilan o‘rindiqlarimiz yonma-yon ekan. Yana suhbatimizni davom ettirdik. Bilasizmi menga qolsa begonani bolasini erkalab katta qilgandan o‘z bolalarim yonida bo‘lganim afzal emasmi. Qani endi o‘zimizda yetarli pul topa olsam. Yomon ish qilmayotgan bo‘lsam o‘z rizqimni topib yuribmanda. Ammo, bilasizmi Istambulning oqsaroy degan joyida bizning ayollar fohishalik bilan ham shug‘ullanib yurishipti.
Bekam Antaliyaga dam olgani ketganda ijarada turuvchi ikki ayol bilan birga turishga majbur bo‘ldim. Ular doim kech kirishi bilan biz (temizlik) tozalash ishida ishlaymiz, bizni xizmat kechasi bo‘ladi, deya yasan-tusan qilib chiqib ketishardi. Men sodda avval ularga ishondim. Keyin bilsam bor yo‘g‘i 60-80 liraga ular o‘zini sotar ekan. Istambulda boshqa ish topishning ham imkoni borligi bo‘la turib ularning bu ish bilan shug‘ulanishidan ochig‘i nafratlandim. Ular bilan ijaraga turishdan ham voz kechdim. Bilishimcha oqsaroyda bir necha o‘zimizning ayollar fohishalik bilan shug‘ullanar ekan. Ular bilan gaplashsam hayot majbur qildi, qiynaldim deydi. Mana men ham qiynalib yuribman ammo, bu ishga borayotganim yo‘q-ku. Ular orasida oilalilari ham bor.
Savdoga chiqayotgan ayollarni eri bilan gaplashish ohangini eshitib yoqa ushlayman. Ularni hammasi shunday emas, albatta ammo savdo qilib, yo‘lga qatnab, pul topib “kuchayib” eri bilan “ovcharka”dek gaplashadigan ayollar ham bor. O‘zimizni ayollarni bu ahvoda ko‘rib, to‘g‘risi uyaldim, achindim. E’tiqodli, pok yo‘lga yurib tirikchilik qilayotganlarni ham guvohi bo‘ldim. Har xil odamlar borda. Mana bir yildan oshiq vaqt ishlab uyga qaytayapman. Farzandlarimni sog‘indim. Qachon yana Istambulga qaytaman bilmadim. Ammo, buyog‘iga bolalarimni qanday boqish haqida hali o‘ylab ko‘rmadim.”
Hamrohim bilan suhbatimiz yakuniga yetgach samolyot Toshkentga ham kelib qo‘ndi. Bagajlarni olish zalida qiy-chuv boshlandi. Haligi mahoratli aktrisa bo‘lgan savdogar ayol topshirgan xaltalarini shang‘illab birma-bir yig‘ib yurardi. U yuk aravasini uyum-uyum xalta va chemodanlar bilan to‘ldirib, dekloratsiya tekshiruvi xizmatiga qarab ketdi. Tekishiruv joyida unga o‘xshash aravani to‘ldirgan savdogar ayollar anchagina edi.
Manba: dia.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi