16:44 / 11.11.2017
9 064

Plastik kartalar orqali valyuta ayirboshlash imkoni yaratildi

Plastik kartalar orqali valyuta ayirboshlash imkoni yaratildi
Jismoniy shaxslar hamda yuridik shaxs maqomini olmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar (YTT) tijorat banklarining konversion operatsiyalar bo‘limlarida o‘z hisobidan chet el valyutasini qo‘lga kiritish huquqiga ega bo‘ldi.

Bu Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan «Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomda belgilandi, deyiladi Pv.uz xabarida.

Unga ko‘ra, chet el valyutasini sotish konversion bo‘limlar tomonidan xalqaro kartalardan foydalangan holda naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi. Buning uchun jismoniy shaxs va yakka tartibdagi tadbirkor konversion bo‘limga shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi lozim.

Jismoniy shaxsning bank kartasi mavjud bo‘lmagan taqdirda, konversion bo‘lim mutaxassisi unga plastik kartalar bo‘limiga murojaat etib, o‘z nomiga bank kartasi ochishni taklif qiladi. YTT chet el valyutasini sotib olish uchun pul mablag‘larini o‘zining tegishli hisobvarag‘idan o‘tkazadi.

Milliy valyutadagi mablag‘ tijorat bankining operatsiya bajariladigan kundagi kurs bo‘yicha to‘lov terminali orqali jismoniy shaxsga tegishli bank kartasidan yechib olinadi va unga operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgani haqidagi terminal chekining asl nusxasi beriladi.

Valyuta ayirboshlash shoxobchasida jismoniy shaxslar va norezidentlardan chet el valyutasi cheklanmagan miqdorda sotib olinadi. Amalga oshirilayotgan barcha ma’lumotlar elektron tizimda qayd etiladi.

Chet el valyutasini sotib olishda operatsiya eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdoriga teng bo‘lgan yoki undan oshgan hollarda, operatsiyalar elektron tizimga ma’lumot kiritish orqali amalga oshirilishi shart. Bunda jismoniy shaxslardan shaxsni tasdiqlovchi hujjat va norezidentlardan pasport talab etiladi.

Shuningdek, bir xorijiy davlatning naqd valyutasini boshqa xorijiy davlatning naqd valyutasiga almashtirish mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Plastik kartalar orqali valyuta ayirboshlash imkoni yaratildi