14:30 / 29.12.2017
7 743

Enrike tomoshasi: Alisher Usmonovning bayram sovg‘asini pullaganlarga ochiq xat

Enrike tomoshasi: Alisher Usmonovning bayram sovg‘asini pullaganlarga ochiq xat
Xabaringiz bor, kuni kecha ispaniyalik mashhur xonanda Enrike Iglesias Toshkentdagi «Istiqlol» san’at saroyida konsert berdi. Mazkur konsert taniqli biznesmen Alisher Usmonovning o‘zbek yoshlariga bayram sovg‘asi bo‘lib, biletlar Yoshlar ittifoqi tomonidan tarqatilishi to‘g‘risida ham xabar berildi.

Ammo, konsert boshlanishiga bir necha soat qolganida Enrike Iglasiasning dasturiga chiptalar hali ko‘zimiz ko‘nikmagan, tilimiz o‘rganmagan summalarda sotilayotgani to‘g‘risida noxush xabarlar tarqaldi. 7 million, 10 million… Qachondan buyon biz konsert dasturiga millionlar to‘lab kiradigan bo‘lib qoldik?

Esga olaylik! 26 dekabr kuni Xalqaro press-klub O‘zbekiston Oliy ta’lim vazirligining milliarder Alisher Usmonovga yo‘llagan tashakkurnomasini e’lon qildi.

«Bizga beg‘araz asosda taqdim etilgan chiptalar davlat stipendiyalari sohiblariga aylangan iqtidorli talabalar hamda ota-onasiz talabalar orasida tarqatildi… Yordamingiz — mamlakatimizda xayriya ishini rivojlantirishga qo‘shilgan bebaho hissa… Ota-ona mehrisiz qolgan talabalar muammolariga befarq munosabatda bo‘lmaganingiz uchun samimiy tashakkurimizni aytamiz», — deyilgan edi vazirlik tashakkurnomasida.

Ammo ma’lum bo‘lishicha, mazkur xabar e’lon qilinganida poytaxtdagi barcha oliy o‘quv yurtlari talabalari qishki ta’tilga chiqib ulgurgan. Demak, dunyoga mashhur san’atkorning ijodiy kechasi uchun biletlarni talabalar orasida tarqatish imkoni bo‘lmagan. Iqtidorli talabalar hamda ota-onasiz talabalar ta’tilga chiqqan, lekin shunday konsertni tomoshabinsiz o‘tkazib bo‘ladimi? Albatta, yo‘q. Yoshlar ittifoqining bayram sovg‘asi bo‘lgan konsert biletlarini qanday tartibda yoshlarga tarqatgani bizga qorong‘i. Lekin biletlar asl egalariga yetib bormagani aniq. Aks holda, tekin biletlar katta narxda pullanmagan, sovg‘a uchun haq talab qilinmagan bo‘lardi.

Internet tarmoqlarida mazkur konsert dasturi biletlarini (bir emas, bir necha o‘rindan iborat biletlar!) o‘ta yuqori narxda sotishni taklif etgan tarmoq foydalanuvilarining suhbatlari ommalashdi. Hali ko‘zimiz ko‘nikmagan, tilimiz o‘rganmagan summalarda taklif etilgan mazkur biletlarning «ega»lari kimlar? Asl sohibiga yetib borishga ulgurmay, bozor oralagan sho‘rlik biletlar sotuvchilarining qo‘lini kuydirmadimikan, vijdonini uyg‘otmadimikan?

Qadrli o‘zbek yoshlari! Sovg‘ani to‘g‘ri qabul qilishni, undan bahra olishni o‘rganaylik! Aks holda, munosib bo‘lmaganimiz sabab ular bizga taqdim etilmay qo‘yishi mumkin!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Enrike tomoshasi: Alisher Usmonovning bayram sovg‘asini pullaganlarga ochiq xat