Ta’kidlash shart, bu so‘zlar Turkiya sari safarga chiqqan mutlaq ko‘pchilik opa-singillarimizga tegishli emas. Ular sayohat, tijorat ishlari, o‘sha yerda halol kasblari uchun risoladagidek borib kelmoqdalar, o‘z or-nomusiga va millat nomiga dog‘ tushiradigan holatlardan nari yuradilar. Ammo... yana o‘sha gap, guruchdagi kurmaklar ko‘payib ketayotgandek. Bu og‘riqli mavzu yuzasidan juda ko‘p maqolalar yozildi va qancha yozilsa ham kam. Lekin bunday yo‘lga kirayotgan o‘zbek ayollari kamaymadi, aslida bitta bo‘lsa ham ko‘p.
Turk hukumatining taklifiga ko‘ra, dunyoning turli davlatlarida faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari vakillari qatorida biz ham bu muazzam diyorga yo‘l oldik. Mehmonnavozlik ko‘ngildagidek, tadbirlar tartib bilan tashkillashtirilgan, mezbonlar imkon qadar har bir kun mazmunli o‘tishini ta’minlovchi dastur tuzishgan. Taklif bahona sayohat, ziyoratlarga ham ulgurdik. Hammaning ko‘ngli shod bo‘ldi.
Mehmonlar taklif qilgan restoranlardan biriga kirganimizda kapalaknusxa galstuk taqib olib, xizmat ko‘rsatayotgan chaqqon yigitlarning ko‘zlari yonib ketdi. Ularning olti nafari hamyurtlarimiz ekan. Rosa girgitton bo‘lishdi, birga o‘tirishga ruxsat yo‘q shekilli, tik turib bo‘lsa-da, ancha diydorlashdik. Oramizda sohaning yoshi ulug‘ vakili bo‘lgan akamiz bilan qandaydir umumiy tanish topildi. Oqshomga shu akamizni yigitlar alohida mehmondorchilikka taklif qildilar. Ancha kech qaytgan hamkasbimiz nuqul bosh chayqardi:
— Bir restoranga olib borishdi. O‘rtada harir ko‘ylakda raqs tushganam o‘zbek, qorindor mijozlarning vaqtini xushlab chilim tortayotgan ham o‘zbek, chorlovga labbay deb javob berib mashinalarga minib ketayotgan ham o‘zbek juvonlari... Yer yorilmadi-yu... E, padariga la’nat bunaqa sharmandalikning!
Ertasiga shahar aylanish uchun taksiga chiqdik. Xushmuomala haydovchi darhol bizni suhbatga tortdi:
— Qayerdansizlar?
— O‘zbekistondan, — javob berdik g‘urur bilan.
U mo‘ylovini burab qo‘ydi va g‘alati qaradi.
— Yurtlaringda birorta ayol qolganmi yoki hammasi Istanbulga kelib olishganmi?
— Tushunmadim?
— Tushunmaysan-a tushunmaysan! Istanbuldagi xohlagan tungi klubingga bor, «obod» qilayotgan o‘zbek qizlarini ko‘rasan. Yana har qadamda turganlari-chi! Senlar qayoqqa qarayapsanlar?!
Bir qarashda oddiy savol, lekin javobi bormi?!
Nahot shu darajaga yetgan bo‘lsak?!
Rasmiy xabarlarga e’tibor qarataylik: 2017 yil, mart. O‘zbekistonlik 36 yoshli Madina S. 76 ta (!) joyda fohishaxona tashkil qilish va asosan o‘z hamyurtlarini bu ishga jalb qilishda ayblanib qo‘lga olingan. Bu haqda «Hurriyat» nashri ma’lumot bergan.
2017 yil, may. «Newsturk» nashri xabarlariga ko‘ra, Turkiyaning Antaliya kurort hududlarida o‘tkazilgan reydlar chog‘ida 100 nafardan ortiq yengiltabiat ayollar qo‘lga olingan. Ularning ko‘pchiligi o‘zbekistonliklardir...
Bular ayni mavzuda tarqalayotgan yuzlab xabarlarning ayrimlari, xolos. Har birida millat nomi qora harflarda yozilgan, har biri nomusli odamning qaddini bukadi, yerga qarashga majbur qiladi.
Afsuski bunday holat faqat Turkiyada emas. Yengiltabiatlarimizning yengil oyoqlari BAA, Tailand, Malayziya va hatto bu borada raqobat qilish qiyin bo‘lgan Hindistongacha yetib borganiga nima deyish mumkin?!
Albatta, bundaylar har bir millatda bor. Lekin chetga chiqib shunday yo‘l tutayotganlar bizda ko‘proqday... Ozi ham ko‘p aslida.
Abror Zohidov
Manba: xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...