Kaminani bittayam erkak ishlamaydigan bo‘limga boshliq qilib qo‘yishdi. Rosti, avvaliga: “Qariganimda shu menga kerakmidi”, deb bir oz xafayam bo‘ldim. Lekin vazifa yuklatilganidan keyin, uni bajarish kerak. Avvaliga ayollarning orasida o‘tirishga xijolat tortdim. Odam hamma narsaga ko‘nikar ekan-yey! O‘rganib ketdim. Chor tarafda “…xon” “…oy” “…bonular”, havoda turli atirlarning nafis ifori! Bir narsa yaxshi — doim qaynoq choy tayyor! Yonida shirinligi bilan. Biri bo‘lmasa, biri piyolangni to‘ldirib qo‘yadi, baraka topgurlar.
Uch oy o‘tmay xodimalarimni tushunib ketdim. Shundoq yuziga qarasam, bo‘ldi, nima gapligini darrov bilib olaman. Mohiraxon “yuragim g‘ash” desa, kiyimi qomatiga chippa yarashganini aytish kerak. Dilfuzaoy “keng dunyoga sig‘may ketsa”, demak, qaynanasi bilan aytishib qolgan. Nafosatning eri bilan-ku o‘rtoq bo‘lib qoldik, ulfati yigit! Xotinining: “Mendan boshqaga uylanarmidingiz?” degan savoliga: “Uzil-kesil yo‘q! Chunki bilaman, sendan yaxshisini topolmayman, sendakasi kerak emas!” deb javob qilibdi shovvoz!
Sakkiz oyda ayollarning buyumlariga baloday aqlim yetadigan bo‘lib qoldi. Masalan, sumkaning rangi poyabzalning rangi bilan bir xil bo‘lishi shart. Bo‘yagandan keyin lablarni qog‘ozga bosish kerak, shunda tabiiydek ko‘rinadi. Har bir ayolning shaxsiy pardoz vositalari bo‘lgani yaxshi. Bo‘lmasa qizi bilan talashib qoladi. Xotiniga “yaxshi ko‘raman”, “olib beraman”, “albatta boramiz”ni tez-tez aytib turadigan erkak — haqiqiy erkak! Ha, bularga gapniyam o‘ylab gapirish kerak, deb turganimda Salomatxon deganimiz tund kayfiyatda kirib keldi:
— Ha, tinchlikmi? Kayfiyatingiz yo‘qroqqa o‘xshaydi, Salomatbonu? — dedim kayfiyatini ko‘tarishga harakat qilib.
— Tengdoshlaringiz, sinfdoshlaringizga qarab turib: “Nahotki men ham shunaqa qari ko‘rinsam-a?” degan fikr hech xayolingizga kelganmi?
— Kelgan. Kennoyingiz ham “Men hech o‘zgarmaganman-u, dugonalarimning yuzlarida buncha ajin ko‘p” deb qoladi ba’zida.
— Menam shuni aytaman-da! Ko‘zguga qarasam, o‘sha-o‘sha Salomatman! Kecha tishim o‘lgur juda qattiq og‘rib, ko‘zimga hech narsa ko‘rinmasa, deng! Yuragimni hovuchlab poliklinikaga bordim. Yangi tish shifokori kelibdi. O‘sha yerda bir-ikkitasining: “Qo‘li yengil, og‘riqni sezmaysan”, deb maqtagani qulog‘imga chalinib, navbatga turdim. Qarasam, devorda shifokorning to‘liq ismi-sharifi yozilgan diplomi, maqtov yorliqlari osig‘liq. O‘qidim-u, birdan ko‘z oldimga baland bo‘yli, jingalak sochli, istarasi issiqqina sinfdoshim keldi. “Bu — o‘sha!”, dedi yuragim ham hovliqib. Maktabda o‘qib yurgan paytlarimizda menga zimdan qarab-qarab qo‘yardi…
— Demak, unga yoqarkansiz…
— Ha, endi… Shundan beri o‘ttiz sakkiz yil o‘tibdi. O‘zi hozir qanaqaykin, meni ko‘rib qay ahvolga tusharkin, deb rosa hayajonlandim. Navbatim kelib, ichkariga kirdim-u… ey, hafsalam pir bo‘ldi.
— Nega?
— Ro‘paramda oqargan sochlari siyrak, betini ariqday-ariqday ajinlar bejagan, bir so‘z bilan aytganda, mening sinfdoshim bo‘lishi mumkin bo‘lmagan darajadagi qari, qorindor bir amaki turibdi-da! — Tishimni ko‘rdi, davoladi. Xonasidan chiqib ketayotib: “Mabodo 16-maktabda o‘qimaganmisiz?” deb so‘radim.
— Xo‘sh, u-chi?
— Avvaliga hayron bo‘ldi. Keyin: “Ha, o‘qiganman” dedi. Maktabni qachon tugatganini so‘radim. “1973 yilda, nega so‘rayapsiz?” dedi. “Siz mening sinfimda o‘qigansiz”, desam… shu qari, xo‘ppasemiz, salkam kal amaki menga tikili-i-b turib:
— “Bizga qaysi fandan dars bergansiz, opoy?” desa bo‘ladimi?!
— Mayli, xafa bo‘lmang. Buyam yaxshilikka!
— Nimasi yaxshilikka? — deya hayron bo‘lgan Salomatxon:
— O‘zini hech o‘zgarmagan, maktabda qanday bo‘lsa, ko‘rinishi shundayligicha qolgan, deb hisoblaydigan bitta siz emas! Demak, yolg‘iz emas ekansiz! — dedim uni tinchitib.
Aytganday, yaqinda meni boshqa bo‘limga o‘tqazisharmish… Endi “…xon”, “…oy” “…bonu”larsiz qanday ishlayman?! Qanaqa yangi mato chiqqani, nima urf bo‘lgani haqidagi ma’lumotlardan bexabar qolaman-ku?! Bu yog‘ini so‘rasangiz, choyni-ku, erkaklar ham bir amallab damlab berishar, lekin shirinlik masalasi nima bo‘ladi?!
Ehsonbek
Manba: tasvir.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...