17:02 / 17.02.2018
6 195

Mushtumzo‘r rahbarlar qayerda o‘sadi?

Mushtumzo‘r rahbarlar qayerda o‘sadi?
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir amaldorning qandaydir “aybi” uchun boshqa bir insonlarni haqorat qilib turgani aks etgan videorolik yashin tezligida tarqaldi. Internet foydalanuvchilarning norozigarchiligi va katta bahs-munozaraga sabab bo‘lgan mazkur voqea Respublika mutassadi tashkilotlari xodimlarining nazariga ham tushishga ulgurdi. Bu holatni kuzatib, “o‘zi xon- ko‘lankasi maydon” amaldorning bu nojo‘ya harakatidan qanchalik g‘azabga tushgan bo‘lsam, millatimiz, o‘zligimiz va g‘ururimizning ayrim farosati, saviyasi past shaxslar tomonidan poymol etilayotganidan juda afsuslandim.

Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi milliy, zamonaviy kadrlar tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi yetakchi oliy dargoh hisoblanadi. Akademiyada o‘qitish jarayonida “bugungi zamonaviy rahbar kadr qanday farqlanadi?” degan savolga javob beriladi. “Bir malakali rahbar, xatto maktab direktori bo‘lib yetishish uchun bir- ikki yil kifoya qilmaydi — malakali kadr yetishib chiqishi uchun uzluksiz mehnat qilish kerak”, – derdi professor, yuridik fanlari doktori A.Azizxo‘jayev.

Xizmat yuzasidan bir kunda turli eshikka bosh suqishga, har xil darajadagi kishilar bilan suhbatlashishga to‘g‘ri keladi. Ana shunday damlarda ba’zi bir rahbarlarni o‘zini tutishi, boshqalarga nisbatan mensimay munosabatda bo‘lishi, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevni ta’biri bilan aytganda “oyog‘i yerdan uzilib”, g‘uddayib yurishini ko‘rib yoqamni ushlayman. Prezidentimizning chiqishlarida bot-bot takrorlanayotgan bu mansabdorlarning rahbar kreslosida o‘tirgandan keyin yurish-turishlarida o‘zgarishlar sezilib qolayotganligini amalda ham ko‘rayapmiz. Davlatimiz xizmat xonasidan mashinasigacha ta’minlab qo‘yib, xalqimizga halol xizmat qilishiga chorlab turganda, ba’zi rahbarlarning salomga alik olmay, takabburona yurishlar, qo‘pol muomalalarni qayerda o‘rganishadi ekan, deb o‘ylanib qolaman.

Bir rahbar nushani bilaman. Yumush bilan xizmat xonasiga borsam uning oldiga boshqa bir ish bilan kelgan rahbarni shunaqa so‘zlar bilan haqorat qildiki, uyalganidan yer yorilmadi, yerga kirib ketmadi. Rahbar esa bemalol sigaretasini bo‘rqsitib chekar ekan, mening ham yurish-turishlarim unga yoqmayotganligi, agar o‘zgarmasam boplab ta’zirimni berishini aytdi. Uning harakatlaridan qarshimda go‘yo qudratli xon turar, men esa o‘zimni aybdor xizmatkoridek sezardim.

Xalqimiz oddiy, xushmuomila, ochiq xalq. Agar nemis, ingliz yoki rus millatiga mansub kishilar shunday holatga tushsa, qanday yo‘l tutgan bo‘lar edi, deb savol bersangiz, javobi darhol ma’lum bo‘ladi — ular hech qachon bunga yo‘l qo‘ymaydi. Bizning hamma narsaga xo‘p-xo‘plashimiz, tavozeda bo‘lishimiz, barchaga xushmuomala bo‘lishimizning oqibati yoki milliy mentalitetimizning unsurlarimi bu?

Rivojlangan asrda, mamlakatimiz o‘ta shiddat bilan boshqa davlatlardan bir qadam oldinda bo‘lishga intilayotgan vaqtda bu kabi illatlarning borligi ildizimizga bolta urish bilan barobar emasmi? Bir rahbarning boshqa rahbarni so‘kishga yoki urishga ma’naviy haqqi bormikan?

Demokratik xuqukiy davlat barpo etyapmiz. Ushbu jarayonga har birimiz hissa qo‘shaylik, yangi zamonga hamnafas bo‘lib, dunyoqarashni o‘zgartiraylik. Zero, mashxur nemis olimi G.LIXTENBERG aytganidek, o‘z xatolarimizni bilib olsak, ular bizga qo‘rqinchli bo‘lmay qoladi.
Jamshid NOSIROV,
jurnalist.

Manba: fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mushtumzo‘r rahbarlar qayerda o‘sadi?