15:32 / 19.02.2018
5 635

Bo‘lgan voqea. Boshingizga musibat tushdimi? Istirjo’ ayting

Bo‘lgan voqea. Boshingizga musibat tushdimi? Istirjo’ ayting
Bu voqea yigirma yil oldin sodir bo‘lgandi. Bir kun O‘rikzorga opoqdadamlarni ko‘rgani ketayotgandim. Ishdan bo‘sh vaqtimda Tiko rusumli mashinamda kira qilib turardim. Chilonzor metrosiga oz qolganda o‘ttiz yoshlardagi bir yigit qo‘l ko‘tardi. To‘xtashim bilan old o‘rindiqqa o‘tirvolib: "Tez haydang, men Jinoyat qidiruv bo‘limida ishlayman. 20-kvartalda bir cholni o‘ldirib ketishibdi. Zudlik bilan borishimiz kerak, svetoforlarda ham to‘xtamang", dedi.

Men bosh qoqib, mashinani uchirib ketdim. Oz o‘tmay bir do‘kon oldida to‘xtang, dedi. Do‘kondan bir xalta xarid ko‘tarib chiqib, bor pulingizni bering, deya o‘n ming so‘mdan mo‘lroq pulimni oldi va do‘konga tashlab keldi. Mashinaga chiqqach: "Men birovdan qarzdor yurishni xohlamayman, 14-kvartalga qayting, pulingizni uydan oberaman", dedi.

To‘qqiz qavatli uy oldida to‘xtadik va u bozorligini olib uyiga chiqib ketdi. Ko‘p kutdim, shom namozini bir chetda o‘qib u kirib ketgan eshikka borsam yelvizakli yo‘lak, ya’ni narigi tomonida ham eshik bor ekan. Hammasini tushundim. Bunaqa firibgarlikka ko‘p bor duch kelgandim. Nogoh shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: "Poyafzalingizning bog‘ichi uzilsa ham istirjo’ ayting", degan muborak hadislari yodimga tushib, chin dildan: "Innaa lillahi va innaa ilayhi roji’un"*, dedim.

Opoqdadamlarga bozorlik qilvolaman deb olgan pulimni firibgarga berib qo‘yganimga, u kishining oldiga quruq qo‘l bilan bordim. Ozgina koyidilar va birga choy ichib xufton vaqtida ortga Sebzorga qaytdim. Mijoz bo‘lib qolar degan umidda yo‘lni Chilonzorga soldim. Qorong‘ida, chiroqdan tushgan nurni to‘sgan daraxt ostida bir kishi qo‘l ko‘tardi. To‘xtadim, zulmatda yuzi ko‘rinmagan kishi old o‘rindiqqa o‘tirdida: "20-kvartalda bir cholni o‘ldirib ketishibdi, tez haydang", dedi-da menga qarab angrayib qoldi...

* "Biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz" ("Baqara" surasi, 156-oyat).

Manba: Azon.uz

Istirjo’ pul Mashina
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)