08:03 / 02.03.2018
25 098

Karimova, G‘ulomov, Qodirov! O‘zbekistondagi “katta kuch”larning taqdiriga bir nazar

Karimova, G‘ulomov, Qodirov! O‘zbekistondagi “katta kuch”larning taqdiriga bir nazar
Qonun oldida davlat va jamiyatda tutgan o‘rni, mavqei, ijtimoiy kelib chiqishi, millati, irqi va dinidan qat’i nazar hamma teng! Bu qoida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z aksini topmoqda.

Faoliyati bilan odamlar tiliga tushgan, ko‘p yillar mansab kursisida bo‘lganlarning ayrimlari bugun yo‘l qo‘ygan xatolari uchun panjara ortidalar.

O‘tgan hafta 2000-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida faoliyat yuritgan Rashid Qodirovning hibsga olinishi, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi O‘zbekistonda qonundan hech kim qochib qutula olmasligini ko‘rsatdi.

Shu o‘rinda O‘zbekistonda o‘tgan besh yil oralig‘i qora kursiga tortilgan eng taniqli nomlarga e’tibor qaratishni ma’qul ko‘rdik.

Gulnoraxon, bo‘ylarizdan aylanay!

Gulnora Karimova o‘zining bo‘ydorligi bilan ajralib turardi. Hatto, lapar ustalaridan biri 2013 yil o‘tkazilgan “Asrlar sadosi” milliy qadriyatlar festivalida “Gulnoraxon, bo‘ylarizdan aylanay!” deb qo‘shiq bag‘ishlagandi. Taqdirning hazilini qarangki, bu qo‘shiq aytilganidan to‘rt yil o‘tib, prokuratura Gulnoraga “bo‘yindor” ayblov e’lon qildi.

Unda keltirilishicha, tergov davomida 12 ta xorijiy davlat hududida 1 mlrd 394,1 mln AQSH dollari, 63,5 mln yevro, 27,1 mln funt va 18,5 mln frank miqdordagi mablag‘lari legallashtirilgani aniqlangan.
Gulnora Karimovaning korrupsiya va pulni o‘zlashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etishdagi aybi uyushgan jinoiy guruh a’zolari N.Sodiqov, R.Madumarov, Sh.Sobirov va boshqalarning, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 45 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Biroq, bugungacha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur jinoiy ishning oxiri nima bilan tugaganini ma’lum qilganicha yo‘q.

MXXdagi sobiq katta kuch bir umrga qamaldi!

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimida ish boshlagach, hukumatda, ko‘plab davlat tashkilotlarida qator o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, davlat rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati faoliyati yangidan tashkil etildi. Ayni damda “Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi kutilmoqda.

Davlat rahbari joriy yilning 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida yig‘ilish o‘tkazib, MXX raisining sobiq birinchi o‘rinbosari haqida gapirgan edi.

Prezidentga ko‘ra, ko‘p yillar O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Shuhrat G‘ulomov hibsga olingan. Prezident Shuhrat G‘ulomovning poraxo‘rligi va davlatga qilgan xoinligi uchun umrbod qamalganini ma’lum qilgandi.

Bugungacha MXXning sobiq mulozimi Jinoyat kodeksining qaysi moddalariga ko‘ra hibsga olingani ochiqlangani yo‘q.

Shunisi aniqki, sobiq MXX mulozimi Shuhrat G‘ulomov O‘zbekistonda eng ko‘p tilga tushgan “katta kuch”lardan biri edi. Joiz bo‘lsa, uning bu tarzda jazo olishini kimdir kutgan, kimdir kutmagandi. Mulozim oddiy xalq ichida nom qozonmagan bo‘lsa-da, tadbirkorlar, MXXga yo‘li tushganlar uni yaxshi tanishgan.

Huquq boshida huquqbuzar o‘tirsa...

2000 yildan 2015 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida ishlagan Rashid Qodirovning ustidan ochilgan jinoiy ish o‘tgan davrda O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlaridagi ahvol qanday bo‘lganini yaqqol o‘rtaga chiqardi.

Prezident huquq-tartibot organlarida poraxo‘rlik avj olganini bir necha bor ta’kidlarkan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Rashid Qodirovni ham tilga olgandi.

O‘tgan hafta Qodirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165, 205, 210-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u poraxo‘rlik, xizmat vazifasini suiiste’mol qilish, birovning mulkini o‘zlashtirishda ayblanmoqda.

23 fevral kuni R.X.Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlandi.

Sobiq Ichki ishlar vaziri qanday guruhlarga qo‘shilib qolgandi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga yo‘llagan Murojaatnomasida sud-huquq tizimini isloh qilish og‘ir kechayotganini aytgandi.

Davlat rahbari mamlakatdagi huquq-tartibot organlari faoliyatiga to‘xtalarkan, sobiq Ichki ishlar vaziri Adhamjon Akramovich Ahmedboyevning ishdan olinishi sabablarini keltirib o‘tdi.

“Men bunday odamni respublikamizda vazir bo‘lib o‘tirishiga jim qarab turishga vijodonim yo‘l qo‘ymadi. U Ichki ishlar vaziri bo‘la turib turrli guruhlarga qo‘shilgan edi. Shuning uchun undan general unvonini oldim”, degan edi davlat rahbari.

Adham Ahmedboyev 2013 yildan 2017 yilning 3 yanvariga qadar Ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan edi. Ayni damda uning hibsda ekani haqida ma’lumotlar bor.

Huquq-tartibot organlarining eshigini qoqqanlar, ulardan adolat, qonun ustuvorligini, inson huquqlari poymol etilmasligini kutadi. Agar bu joylarda poraxo‘rlik urchigan, birovning mulkiga ko‘z olaytirish kasbiy an’anaga aylanib ulgurgan bo‘lsa, ahvol voy! Davlat rahbari har chiqishida bu masalani alohida urg‘ulayotganining ham sababi shunda, adolat torozbonlarining vijdoni tarozi pallasi ostiga yashiringan magnitlarga sotilgan bo‘lsa, bunday joydan odilona qaror kutish besamar.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Karimova, G‘ulomov, Qodirov! O‘zbekistondagi “katta kuch”larning taqdiriga bir nazar