08:16 / 03.03.2018
4 771

Bolamni pulga almashtirdim…


Va oqibatda bir necha yil ozodlikdan mahrum bo‘ldim.

Hozir uydaman. Turmush o‘rtog‘im va farzandlarim ham menga nisbatan o‘zgarib qolgan. Qarindoshlarimni-ku, aytmasam ham bo‘ladi. Chunki men o‘g‘lim tug‘ilgach, uni sotish rejasini hech kimga aytmagandim. Hozir o‘g‘lim olti yoshda. Biram ajoyib bola bo‘lgan. Men uni erkalayman, ammo vijdon azobi yomon o‘rtaydi. Oila-a’zolarimga ham bolani erkalaganim, gaplashganim yoqmayotganini his qilaman. Go‘yoki “Sen shu bolani sotmoqchi eding, pulga almashtiroqchi eding!” deya ta’na qilishayotgandek tuyuladi.

Haligacha hayron bo‘laman. Meni o‘shanda nima jin urgandi, bilmayman. “Dugonangman” deb, meni bolani sotishga ko‘ndirgan o‘sha ayolning gaplariga nega laqqa tushdim? “To‘rtta bolang bor, ularning tashvishi senga yetib ortadi, bu bolangni katta pulga sotib, qolganlarining kam-ko‘stini qilib olasan”, deya avrasa, unga ishonib o‘tiribman. Axir o‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa, har bir insonni xudo rizqi bilan yaratishini bilardim-ku!..

O‘shanda bolani sotganimdan keyin erim rosa to‘polon qildi. Bu mahalla-ko‘yning ham qulog‘iga yetib, sirim oshkor bo‘ldi. Qamoqda o‘tgan kunlarimni eslash-ku, undanda og‘ir. Ammo men uchun eng og‘iri — kenjamning yuziga qarash. Har doim meni bir xavotir qiynaydi, unga kimdir qachondir bor haqiqatni oshkor qilsa, keyin nima qilaman? Umrimning oxirigacha bu vijdon azobi, isnod bilan qanday yashayman? U bilib qolsa, meni kechirarmikin?

Meni har kuni har soatda shu savollar qiynaydi. Oxirgi paytlarda bola o‘g‘risi, bolasini tashlab ketayotgan yoki sotayotganlar haqidagi xabarlarni eshitib, ochig‘i, o‘zimdan o‘zim nafratlanib ketaman. Men kabi qabih ishga qo‘l urayotgan ayollarga qarata: “To‘xtang, o‘z farzandingizni pulga almashtirmang, tashlab ketmang, keyingi vijdon azobidan qutulolmaysiz”, degim keladi. Ularni gazeta yoki televizorda qoralab gapirayotganlari, yozayotganlarini ko‘rib, o‘zimga o‘zim baho beraman. Qanchalar tuban ishga qo‘l urganimni chuqurroq anglayman. Anglagan sari do‘zax azobini his qilaman. Bu azobli o‘y-xayollardan, pushaymonlikdan qachon xalos bo‘laman, bilmadim, bilolmadim…
Ismini ishkor qilmagan ona

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bolamni pulga almashtirdim…