12:23 / 04.03.2018
6 163

Imomning rafiqasi: “Erim MXX xodimiga tanbeh bergani uchun 13 yilga qamaldi”

Имомнинг рафиқаси: "Эрим МХХ ходимига танбеҳ бергани учун 13 йилга қамалди"
So‘nggi paytda din va vijdon erkinligi muhokama maydonidan tushmay qoldi. Afsuski, e’tiqod va vijdon ishiga chetdan aralashuvchi kuchlar ayrim vaziyatda bu masalaga atroflicha yondashmay, xulosa chiqarmoqda.

Murojaatda aytilishicha, 1993 yildan buyon O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi madrasa va masjidlarda ishlab kelgan Hikmatulla Yusupov Xorazm viloyati MXX xodimlari tomonidan e’lon qilingan nohaq ayblovlar bilan sudlangan. Ayni paytda u Toshkent viloyatidagi Zangiota tumanida joylashgan JIEMda jazo o‘tab kelmoqda.

Hikmatulla qorining ayoli Mehribon Rahmatullayevaning so‘zlariga ko‘ra, erining aytgan yagona so‘zi uning boshiga ming savdoni “sotib oldi”: Xorazm viloyati MXXning diniy masalalar bo‘yicha “kuratori” Mahmud Ermetov Hikmatulla qori imomlik qilayotgan masjid hovlisiga mast holda kirib kelganida imom unga tanbeh bergandi. Shundan so‘ng, MXX xodimi kutilmaganda imomga tashlanib, so‘kingan.

Shundan so‘ng Hikmatulla Yusupov bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan Xorazm viloyati MXX boshqarmasi Ichki xavfsizligi xodimlariga og‘zaki shikoyat qildi. Barcha ziddiyat shu onda boshlangan.

“Ermetov janoblari yaqin do‘sti, MXX boshqarmasi Terrorizmga qarshi kurash bo‘limining boshlig‘i I.Karimov yordamida javobgarlikdan qutulib qoldi. 2015 yil 15 aprelda esa erimning jiyani Saidumarning Xorazmda ushlangan 4 kg narkotik moddaga aloqadorligi aniqlandi. SNB xodimlari uchun qulay fursat kelib, jiyanining g‘avg‘osiga erimni ham aralashtirishga urinishdi”, - deydi Mehribon Rahmatullayeva.

Ma’lum qilinishicha, masjid imomi vazifasida ishlab kelgan Hikmatulla qori ayol kishiga shilqimlik qilgani uchun MJtKning 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb, 2015 yil 21 aprel kuni unga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan. Bu ham yetmaganidek, o‘sha yili 6 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudining sudyasi Hayitboyev qarori bilan imom yana 15 sutka qamoq jazosini o‘tashga majbur bo‘lgan.

Bu gal u nima sababdan, qanday asos va vaj bilan qamalgani ma’lum emas. Oshkor etilgan bor gapni uning turmush o‘rtog‘i Mehribon aytib berdi:

“U kishini qattiq azobda qiynashdi, aslida qilmagan ishlari uchun aybiga iqror bo‘lishini so‘rashdi. Allohning irodasi bilan 15 sutka chidadilar, ammo noqonuniy ravishda yana 15 sutka davomida qiynoqlar davom etishi uchun yo‘l ochildi. Shundan so‘ng, ular «iqror” bo‘lishdan o‘zga chorasi qolmaganini bilib, giyohvand moddalarga aloqasi borligini aytgan.

Masalaning boshi to‘y kunlarimizda boshlangan. O‘shanda (2013 yil 21 oktyabr kuni) qiz farzandimizni uzatish uchun taraddud qildik, nikoh oqshomida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni uyimizga taklif etdik. Bu holat MXX xodimlariga yoqmadi, erimga onda-sonda dashnom beraverishdi», deydi u.

O‘quvchini ikki masala qiziqtirishi mumkin: ma’muriy javobgarlikka tortib, kishini qiynoqlar ostida qilmagan ishlarda ayblash - nohaq qamashning sodda mexanizmimi? Yoki dindan yaxshi xabari bor imomga “ayolga shilqimlik qildi” deyishdan boshqa ayb topilmadimi? Har ikki savol yuzasidan javob yo‘qligini yaxshi anglab turibmiz, ammo bir kishini taqdiri nima bo‘ladi?

Hikmatulla Yusupov sud majlisida 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Kun.uz muxbiriga yetib kelgan ma’lumotga ko‘ra, Xorazm viloyati MXX boshqarmasi xodimlari I.Karimov, E.Ermetov harakatlari yuzasidan Xorazm viloyat Harbiy prokuraturasi surishtiruv-tergov ishlarini boshlagan. O‘ylaymizki, vaziyatga oydinlik kiritilib, savollarga aniq javoblar beriladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Imomning rafiqasi: “Erim MXX xodimiga tanbeh bergani uchun 13 yilga qamaldi”