11:47 / 19.03.2018
6 311

«Bu javobni o‘qisa, hayratlanib, Diana boshqatdan o‘lardi!»

«Bu javobni o‘qisa, hayratlanib, Diana boshqatdan o‘lardi!»
Foto: «Xabar.uz»
Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida 23 yoshli o‘qituvchi ayolning ko‘cha tozalash ishlari chog‘ida «KamAZ» tagida qolib halok bo‘lgani yuzasidan surishtiruv olib borib, «Xabar.uz» nashrida maqola e’lon qilgan jurnalist Karimberdi To‘ramurod Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining o‘rinbosari M.Muzaffarov va Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Q.Saidov imzolagan javob xatini oldi. «Zamin.uz» nashri jurnalistning ushbu javob xatga bag‘ishlangan maqolasini o‘z holicha e’lon qiladi.

Kattaqo‘rg‘onda ko‘cha tozalashga olib chiqilgan yoshgina o‘qituvchi fojiali halok bo‘ldi.

Voqea sodir bo‘lgan joyga bordim. Hammasini ko‘zim bilan ko‘rdim. Prezidentning Samarqand viloyatiga tashrifi oldidan ko‘zni bo‘yash uchun ko‘chalar, o‘rtadagi to‘siqlar bo‘yalayotganini, o‘qituvchilar ko‘chalarni supurib, yo‘l chetlaridagi o‘tlarni qirib yurganini ko‘rdim, suratga oldim.

Halok bo‘lgan Diana Yenekeyevaning oilasiga, u ishlagan maktabga bordim, o‘qituvchilar bilan gaplashdim. Ular ko‘cha tozalashga borganlarini aytib berishdi. Bularni diktofonga yozib oldim.

Ko‘rgan-bilganlarim «Xabar.uz»da bosildi, odamlar o‘qidi. Kattakonlar ham.

Ammo bugun maqolam yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining o‘rinbosari M.Muzaffarov va Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Q.Saidov imzolagan ajabtovur javob xati oldim.

Ajabo! Bu javobni o‘qisa, hayratlanib, ...Diana boshqatdan o‘lardi!

«Maktab o‘qituvchilari, jumladan Diana Yenikeyeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan», — debdi kap-katta amaldorlar.

Maqolaga berilgan bu javob rasmiy tusda bo‘lsa-da, u negadir tuman hokimligi yoki viloyat xalq ta’limi boshqarmasining rasmiy blankasiga yozilmagan. Unda na manzil va na bayonotning chiqish sanasi ko‘rsatilgan. Muhr ham bosilmagan.

«O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari, jumladan Diana Yenikeyeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan. Qolaversa, bunday ishlar joylardagi obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining vazifasiga kiradi. Ta’lim muassasalarida esa o‘qituvchilar emas, balki xo‘jalik ishlari bo‘yicha mas’ul xodimlar, bog‘bonlar shug‘ullanadi», deyiladi bu xatda.

Ajabo, nega unda M.Muzaffarov va Q.Saidov imzolagan bu javob xatida yosh pedagogning ish vaqtida katta trassada nima qilib yurgani haqidagi savol ko‘tarilmagan? Nega unda maqolamizda keltirilgan guvohlarning o‘sha kuni va ertasiga ham ko‘cha tozalashga chiqarilgani haqidagi gaplarini e’tiborga olishmagan.

«‘KamAZ’ haydovchisiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi» deb meni tinchlantirmoqchi bo‘lgan kattakonlar aslida mening yuragimga g‘ulg‘ula solmoqchi bo‘lishganiga aqlim yetib turibdi. Ular «Hozircha ‘KamAZ’ haydovchisiga jinoiy ish ochdik, ammo ‘Hech kim hech qanaqa ko‘cha tozalashga chiqarilgani yo‘q’ degan safsatamizga odamlarni, odamlar-ku, ikki dunyoda ishonmaydi, kattakonlarni ishontirib olsak, yolg‘on maqola yozgan jurnalist sifatida senga ham jinoiy ish ochamiz», — demoqchi aslida.

Qiziq, mening yo‘q narsalar ko‘zimga ko‘rinadigan kasalim yo‘q edi. Shuncha kundan beri ko‘cha tozalab yurgan o‘qituvchilarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim deb yuruvdim. Endi ikkilanib qoldim. Bu gallyutsinatsiyamidi? Unda kimlarni suratga oldim ekan?

Kattaqo‘rg‘ongina emas, Pastdarg‘om tumanida ham o‘qituvchilar ko‘cha supurib, to‘siqlarni oqlab yurishganini o‘zim ko‘rgandim-ku? O‘zim gaplashgandim-ku? Nahotki men arvohlar bilan gaplashgan bo‘lsam?

Hatto hamkasblari o‘lib ham Kattaqo‘rg‘ondagi 42-maktabning boshqa o‘qituvchilari ko‘cha tozalab yurishuvdi-ku?

Men-ku mayli, kasaldirman, ko‘zimga ko‘ringandir, ammo diktofonimdagi «15 kundan beri ko‘cha tozalaymiz, prezident kelib ketmaguncha tozalashga chiqasizlar deyishgan» degan ovozlar ham arvohlarnikimi?

Meni kasal ekanimga, yo‘q narsalar ko‘zimga ko‘rinishiga ishontirishar kattaqo‘rg‘onlik amaldorlar, ammo butun boshli tumandagi 15 kundan beri ko‘cha supurib, to‘siq oqlab yurgan barcha o‘qituvchilarning og‘zini tikib chiqa olisharmikan?

Eh, kattakonlar, kattakonlar! Qachon yolg‘onchilikni tashlaysizlar?

Boshqalar mayli, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lgan muhtaram Q.Saidov, siz uyalmadingizmi ko‘zingizni lo‘q qilib yolg‘on gapirishga, betayinlarcha yozilgan soxta javobga qo‘l qo‘yishga? Axir xalq ta’limi boshqarmasida ishlasangiz, hoynahoy, o‘qituvchi xalqidan chiqqan bo‘lsangiz kerak?

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari «Bas, yetar! O‘qituvchilarni tinch qo‘ying. Hamma o‘z ishini qilsin. Parlament a’zolari, deputatlar va boshqa davlat organlari kelinglar bir me’yoriy hujjat ishlab chiqaylik. Millat taqdiri-ku axir!» deb voqeaga o‘z munosabatini bildirib turganida, siz bu fojiani tan ololmadingiz.

Q.Saidov, siz viloyat o‘qituvchilariga bosh bo‘la turib, bir o‘qituvchingizga, uning ruhiga xiyonat qildingiz. «Diana Yenikeyeva hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan» deb unga tuhmat qildingiz! Bilmasangiz, bilib qo‘ying: qiyomat kuni Diananing ikki qo‘li sizning yoqangizda bo‘ladi!

E’tiboringizga o‘zim olgan ayrim o‘qituvchilarning suratlarini havola qildim. Bilaman, axtarib topib, hammasini jazolaysiz, xalq ta’limi tizimidan yo‘q qilasiz, shuning uchun hammasini chop etmayman! U yog‘i, bor bo‘lsa, vijdoningizga havola!
Karimberdi To‘ramurod

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bu javobni o‘qisa, hayratlanib, Diana boshqatdan o‘lardi!»