13:36 / 23.03.2018
8 179

Turkiyalik olim Bobotog‘ bog‘bonlariga pista parvarishlashni o‘rgatmoqda

Turkiyalik olim Bobotog‘ bog‘bonlariga pista parvarishlashni o‘rgatmoqda
Uzun tumanidagi Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligi yerlarida 30 ming gektarda pista plantatsiyalari tashkil etiladi. Uning 2,5 ming gektari joriy yilda, qolgani 2020 yilgacha tayyor bo‘ladi. 2 ming ish o‘rni yaratiladi.

Qayd etish joizki, Surxondaryo viloyatining tog‘ va tog‘ oldi hududlarida foydalanilmaydigan yer maydonlarida har yili o‘rtacha 350 gektargacha pistazorlar barpo etish mo‘ljallanmoqda.

Shu kunlarda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Bobotog‘da Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va FAO bilan birga amalga oshirayotgan loyihalari doirasida pistachilikni rivojlantirish, mavjud pista daraxtlarini hosildorligini oshirish va payvand qilish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazmoqda.

Mazkur seminarda o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashgan Turkiyaning Gaziantep pistachilik instituti olimi Mexmet Uzun bizga o‘z taassurotlarini so‘zlab berdi.

«Biz Bobotog‘dagi mavjud 30 gektar pistazorni aylanib ko‘rdik. Bu yerdagi daraxtlarning yarimidan ko‘pi erkak navlar. Ularni ilmiy jihatdan kuzatib, erta va kech gullaydiganlarini aniqlab, payvand qilish kerak. Faqatgina novdani kurtak payvand qilishga yaraydigan holatga keltirish uchun daraxt kamida uch yoshda bo‘lishi kerak. Ana shunda ulardan hosil olsa bo‘ladi. Bunga sabab, pista ikki uyli, ya’ni, uning erkak va ona navlari bo‘ladi. Buni oldindan aniqlash zarur, chunki erkak navlar hosil bermaydi, biroq ona navlar ham ularsiz meva tugmaydi.

Bizda pista daraxtlari madaniy tarzda parvarishlanadi. Daraxtni butab, unga agrotexnik ishlov beramiz. Pista birinchi yillarda, sekin rivojlanadi. Buni sug‘orish yo‘li bilan tezlashtirish mumkin. Bu borada muvaffaqiyatga erishish uchun pistaning o‘ziga xos xususiyatlarini bilish zarur. Birinchidan, tuproq sho‘rlanmagan, yer osti suvlari kamida uch metr pastda joylashgan bo‘lishi lozim. Ikkinchidan, pista yorug‘sevar ekin bo‘lgani uchun salqin joylarda o‘stirish befoyda. Ekishda o‘nta ona navga bittadan erkak nav to‘g‘ri kelishi inobatga olinadi. Erkak navlarni doimo shabada esib turadigan tomonga ekamiz. Bu kabi qoidalarga amal qilib, eng sifatli va mo‘l pista hosilini yetishtiramiz. Undan yaxshigina daromad ham ko‘ramiz.

O‘zbekistonda esa pista ko‘chatlariga hech qanday ishlov berilmas ekan. Ekilgan ko‘chatlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgani bois kam hosil berar ekan. Albatta, parvarish bo‘lmagandan keyin natija ham shunga yarasha bo‘ladi-da.

Daraxtlar yetti yilda nishona ko‘rsatsada, ming yoshgacha meva beradi. Xandon pista yuqori diyetik mahsulot bo‘lib, mag‘izida 49 foizdan 60 foizgacha moy, 15-20 foiz oqsil, 3-8 foiz qand va boshqa mikroelementlar mavjud. Mevasi nafaqat ichki, balki jahon bozorida ham yuqori baholanadi.

Bir necha kundan buyon biz sohaga qiziqayotganlar bilan uchrashib, maxsus ishlov berish va payvand qilish sirlarini o‘rgatayapmiz. Agar barcha agrotexnik tadbirlar bizning tavsiyalarimiz asosida o‘z vaqtida bajarilsa, hozirda 100 gramm hosil berayotgan 20 yoshdagi daraxt keyingi yil 3 kilogramm undan keyin yana ko‘proq hosil bera boshlaydi. Shu tariqa hosildorlik yildan yilga bitta daraxtda 30 kilogrammdan oshadi».

O‘rmonchilik mutaxassislarning aytishicha, bir gektar yerda 150-180 ta pista daraxti ekish mumkin. 50 darajagacha issiqqa va 41 darajagacha sovuqqa chidaydi. Hosildor nav bo‘lsa va to‘liq hosilga kirsa, bitta daraxt 100 kilogrammdan ortiq hosil berar ekan. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: hosil yaxshi bo‘lganda yiliga o‘rtacha 100 milliondan ortiq daromad ko‘rish mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Turkiyalik olim Bobotog‘ bog‘bonlariga pista parvarishlashni o‘rgatmoqda