06:32 / 04.04.2018
7 424

Vazirlik parklarda sevishganlarni “ovlagan” jurnalistlarni ogohlantirdi (foto, video)

Vazirlik parklarda sevishganlarni “ovlagan” jurnalistlarni ogohlantirdi (foto, video)
Internetda Adliya vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sh.Yakubjonova imzosidagi xat nusxasi tarqaldi.

Unda vazirlik nomidan “MY5” (“Mening yurtim”) telekanali rahbariyatiga murojaat qilingan. Murojaat telekanalda 1 aprel kuni efirga berilgan “Yashirin kamera” dasturiga e’tirozlar bayon etilgan.
«MY5» телеканали журналисти паркларда севишганларни «овлади»

«MY5» телеканали журналисти паркларда севишганларни «овлади»

Опубликовано Kun.uz 3 апреля 2018 г.

Ushbu dasturda telekanal jurnalisti sayyor kamera hamrohligida Toshkent shahridagi parklarni aylanib, sevishgan juftliklarni “qo‘lga tushirgani” va ularni jamoat joyida odob-axloq qoidalariga rioya etishga chaqirganini ko‘rish mumkin.

Vazirlik telekanal jurnalisti bu xatti-harakatlari orqali o‘zining yetarlicha kasbiy tayyorgarlikka ega emasligini ko‘rsatib qo‘yganini qayd etgan va telekanalga inson huquqlari oliy qadriyat ekanligini inobatga olgan holda, OAV vakillari fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini hurmat qilishlari lozimligini eslatgan, kelgusida teledasturlarni tayyorlashda qonunchilik normalariga rioya qilish shartligi bildirilgan.

Quyida ushbu xat matni to‘liq keltiriladi.

Birinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasida hech kimning shaxsiy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish mumkin emasligi belgilangan. Mazkur norma O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligida to‘liq implementatsiya qilingan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi, 27-moddasida shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi kafolatlangan.

“Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga asosan, ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.

“Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist shaxsning huquqlari va erkinliklarini hurmat qilishi shart.

Jurnalist axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilishi, shuningdek, audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas.

Skrinshot: MY5
Ikkinchidan, Nodavlat teleradiokanallar Xartiyasida jurnalistlarning kasbiy burchini bajarishda insonlarning axloqiy, jismoniy va ruhiy sog‘ligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan teleradioko‘rsatuvlarni ommaga uzatishda ruxsat etilgan chegarani va kasbiy etikani e’tiborga olish qayd etilgan.

Ushbu Xartiya jurnalistlar tomonidan umumiy axloq me’yorlarini ilgari surish jarayonida chuqur insoniylik, tarbiyaviylik, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish orqali amalga oshirish majburiyatini nazarda tutadi.

Shu kabi me’yorlar “O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining professional jurnalisti” axloq kodeksida ham o‘rnatilgan.

Uchinchidan, so‘zsiz, o‘sib kelayotgan avlod kelajagi uchun, ularni boy tarixiy-ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash muhimdir.

Shu bilan birga, axloq-odob qoidalari jamiyatda fuqarolarning dunyoqarashi, e’tiqodi, shaxsiy fazilatlari va boshqa omillardan kelib chiqib shakllanadi.

Adliya vazirligi tarbiya muhimligini, lekin bu inson huquqlari buzilishi hisobiga erishilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qayd etadi.

Skrinshot: MY5
Telekanal kadrlarida ko‘rsatilgan yoshlar xulq-atvorida amaldagi qonunchilik talablari buzilishi holatlari mavjud emas va bunda OAV vakillarining harakati ularning yetarlicha kasbiy tayyorgarlikka ega emasligidan dalolat beradi.

Inson huquqlari oliy qadriyat ekanini inobatga olgan holda, OAV vakillari fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini hurmat qilishlari lozim.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, kelgusida teledasturlarni tayyorlashda ushbu qonunchilik normalariga rioya qilish shartligini bildirib o‘tamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Vazirlik parklarda sevishganlarni “ovlagan” jurnalistlarni ogohlantirdi (foto, video)