06:30 / 12.04.2018
5 076

Milliarder Iskandar Mahmudov: So‘nggi aytgan fikrim eng foydalisi

Milliarder Iskandar Mahmudov: So‘nggi aytgan fikrim eng foydalisi
Iskandar Mahmudov buxorolik jahonga mashhur o‘zbek ishbilarmoni, yirik tadbirkor. Rossiyadagi eng yirik Ural tog‘-metallurgiya kompaniyasi prezidenti. Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda uning 6 milliard 500 million dollarlik mol-mulki bo‘lib, Rossiyadagi eng yirik 20 milliarder qatoridan o‘rin olgan. Uning shaxsi va faoliyati haqida O‘zA sahifalarida Irismat Abduxoliqov fikr yuritdi.

Beixtiyor savol tug‘iladi, qanday qobiliyati va iste’dodi evaziga Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) sharqshunoslik fakultetini bitirib, 1984 yili arab tilini o‘rgangan tarjimon bugun Rossiyadagi tarkibida o‘nlab yirik korxonalari bo‘lgan Ural tog‘-metallurgiya kompaniyasiga egalik qilmoqda? Ayni paytda u Rossiyada ishlab chiqarilayotgan mis (rangli metall)ning teng yarmini nazorat qiladi, vagon va teplovoz ishlab chiqarish bo‘yicha esa qisqa muddatda Rossiyani jahondagi 8-o‘ringa olib chiqdi. Rossiya fuqaroligi guvohnomasini uning qo‘liga shaxsan prezident Vladimir Putinning o‘zi topshirgan.

Bir qaraganda aql bovar qilmaydigan, tasavvur qilish ham qiyin bo‘lgan yutuq, natija va muvaffaqiyat. Aslida chuqurroq o‘ylab qaraydigan bo‘lsak, bu muvaffaqiyatlar asl sababini tushunish ham, tushuntirish ham mumkin ekan.

Kasb tanlashda Iskandar Mahmudovga sharqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirishni maslahat bergan, xorijiy tillarni o‘rganishga chorlagan, bunda o‘g‘lining yaqin yordamchisi bo‘lgan onasi ham ziyoli inson edi. Garvard, Kembrij, Sorbonna yoki Moskvadagi MDU, MVTU (Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti)da o‘qish, muvaffaqiyatli tamomlash inson taqdiriga, uning amal pillapoyalari sari ko‘tarilishiga, biznesiga bevosita ta’sir qilarmikan?

Iskandar Mahmudov o‘z hayotiy tajribasi bilan bu tushunchalarni butunlay o‘zgartirib yubordi, deyish mumkin. U O‘zbekistonda tahsil oldi. Dastlab maktab, so‘ngra oliy o‘quv yurtida a’lo baholarga o‘qidi. Sharqshunoslik fakulteti professor-o‘qituvchilari bergan bilimlar saviyasi jahonga mashhur xorijiy oliy o‘quv yurtlaridan sira qolishmasligini isbotladi. Iskandar Mahmudov tadbirkorlik ishiga jiddiy kirishdi va jahondagi 10 nafar eng boy o‘zbek milliarderi safidan joy oldi.

Iskandar Mahmudovning onasi rus tili o‘qituvchisi, otasi esa quruvchi-muhandis bo‘lgan. Respublikadagi yirik zavod-fabrika va korxonalar qurilishida qatnashgan. Shu yerda jumboqning kalitini topayotgandek bo‘layapmiz. Balki bunga qo‘shimcha, shu avlodga xos bo‘lgan va nasldan-naslga o‘tayotgan iste’dod, qobiliyat ham qudratini ko‘rsatgan bo‘lsa, ajabmas.

Oliy o‘quv yurtini bitirgandan keyin Iskandar Mahmudov bir necha yil davlat xizmatida ishladi. Arab tilini puxta bilgani sababli 1984—1986 yillarda sobiq SSSR Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining Liviyadagi sovet harbiy maslahatchilari guruhida tarjimonlik qildi. Shu yillari sobiq ittifoqdan arab mamlakatlariga borgan rus harbiy mutaxassislari o‘zlari bilan ishlaydigan mahalliy xalq tilini, urf-odatini bilmas, arab xalqining fe’l-atvorini tushunmas edi. 1986—1988 yillar Iroqdagi harbiy ob’ektlarni qurish boshqarmasida bu masalada ayni tarjimon Iskandar Mahmudov ularning joniga oro kirdi.

Iskandarning tarjimonlik faoliyati to‘g‘risida o‘zining alohida nuqtai nazari, falsafiy qarashlari mavjud.

— Tarjimon xolis xizmat qilishi kerak, ana shunda hurmatga, obro‘-e’tiborga sazovor bo‘ladi, buyurtmachilar ham unga o‘ziga ishongandek ishonadi. Yaxshi, adolatli, beg‘araz odam bo‘lsangiz, boz ustiga ularning tilini, dilini bilsangiz, ular sizni yaqin odami sifatida qabul qiladi. Hatto ishiga, biznesiga sherik bo‘lishni ham taklif eta boshlaydi, — deydi Iskandar Mahmudov.

Shu gaplardan so‘ng xorijiy tillarni yaxshi biluvchi o‘zbek biznesmenlari Alisher Usmonov, Fattoh Shodiyev, Alijon Ibrohimov kabi ishbilarmon tadbirkorlar yodimga tushdi. Ularning biznes sirini oz bo‘lsa-da, anglagandek bo‘ldim.

1988 yili xorijdagi xizmat safaridan qaytgandan keyin Iskandar Mahmudovni O‘zbekiston ehtiyoji uchun tovar sotib oladigan va o‘zbek paxtasi, urani bilan savdo qiladigan «O‘zbekintorg» tashkilotiga ishga taklif qilishdi. Haqiqiy kommersiya, xorijiy davlatlar bilan dastlabki savdo qilish tajribasini Iskandar Mahmudov shu yerda o‘rgandi. Tajriba to‘pladi. Lekin Toshkentda uzoq ushlanib qolgani yo‘q. O‘zbekistonning ehtiyoj va imkoniyatlarini yaxshi biladigan, rus, arab tillarini puxta o‘zlashtirgan uddaburon tadbirkor, tashqi savdo sohasidagi mutaxassis darajasiga yetgan tarjimon kimga kerak bo‘lmaydi, deysiz.

Iskandar Mahmudov olti tilni biladi, ikkinchi turmush o‘rtog‘i bilan yettinchi — tatar tilida bemalol so‘zlasha oladi. U kishi bilan suhbatlashganda hayron bo‘lasan, hayratga tushasan, deydi hamkasblari. Hozirgina bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan fikrlarni aytib turib, shu zahoti ana shu fikrini o‘zi inkor qilishi ham mumkin. Unga javoban, «Iye, ha, axir hozirgina boshqa fikrni aytgan edingiz-ku, buyog‘i qanday bo‘ldi», deganingizda: «Shoshilmang, masalani to‘g‘ri hal qilishning bir nechta varianti mavjud. So‘nggi aytgan fikrim eng foydalisi, eng bezavoli», deb javob qiladi va uni sizning oldingizda asoslab ham beradi.

Bir qiziq odati bor. Ishlab chiqarish jarayoniga katta rahbar sifatida ko‘p ham aralashavermaydi. «Ishni yaxshilayman, deb bilib-bilmay mutlaqo teskari natijaga erishishingiz mumkin, mutaxassislarga ishonish kerak», deydi tadbirkor. Qo‘l ostida ishlayotganlarga erkinlik, mustaqillik bergan, ayni paytda mas’uliyatdan qochmaslik, uni bo‘yniga olish ham yuklatilgan. Lekin mahsulotlarining sifatini, rejadagi hajmini, ishlab chiqarish rentabelligini diqqat bilan kuzatib boradi. Vaziyatga qarab zudlik bilan chora-tadbirlar ham ko‘radi.

Hozirgi kunda Qozog‘istonda, Belgiyada va boshqa davlatlarda ming-minglab ishchilarga ish berayotgan, ularni xorijiy davlatlar qonun-qoidalari darajasida maosh bilan ta’minlab, ijtimoiy himoya choralarini ko‘rayotgan Iskandar Mahmudov chet elga yakka o‘zi ketgani yo‘q. U kishi bilan birga tog‘asi Olim Mahmudov (hozir «Uralelektromed» korxonasida bosh mutaxassis), akasining bir o‘g‘li, Iskandarning tengdosh og‘aynisi (hozir UGMK direktorlar kengashining a’zosi, rangli metallga ishlov berish bo‘yicha boshqarma boshlig‘i) Shuhrat Mahmudov va boshqa aka-uka, tog‘a, amaki, qarindosh-urug‘lar birga ketishgan.

Noyob iste’dodga ega bo‘lgan tadbirkor xorijda Jahongir ismli o‘g‘il ko‘rdi. Hozir u 32 yoshda. Jahongir Buyuk Britaniyada Xalqaro biznes maktabini bitirdi. 2009 yildan «Aerokosmos» kompaniyasi Bosh direktorining maslahatchisi. 2010 yildan «Goldman Saks grupp» tovarlar departamentida daromadlarni ro‘yxatga olish, valyuta bozori va xom ashyo tovarlar bo‘yicha maslahatchi lavozimida, 2012—2015 yillarda «UGMK-xolding»da tog‘ ishlari bo‘yicha direktor maslahatchisi, Chelyabinsk rux zavodi (ChPZ) bosh direktorining kommersiya va moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishladi.

O‘zbekiston hukumati va Ural tog‘-metallurgiya kompaniyasi o‘rtasida 2017 yil 3 aprel kuni Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumanida tarkibida nodir vanadiy hamda titanomagnetit kabi qimmatbaho metallari bo‘lgan Tebinbuloq temir konini hamkorlikda o‘zlashtirish yuzasidan memorandum imzolandi. Bu yerda, shuningdek, O‘zbekistonda birinchi bor bevosita tog‘ rudasidan metall olinadigan po‘lat eritish pechlari qad ko‘taradi. Kiritilayotgan investitsiyaning hajmi, kon va korxonalarda ishlaydigan ishchilarning soni birinchi bosqichda 2 ming kishini tashkil qiladi. Sarmoya hajmi 1,5 milliard AQSh dollari.

Yangi tog‘-kon sanoati korxonalarida yuzlab ishchilar, konchilar, po‘lat erituvchilar, muhandis-texnik xodimlar, xizmatchilar mehnat qiladi. Kondagi bitta karerning o‘zidan yiliga 22 million tonna ruda qazib olinadi. Tarkibida 65 foiz temir bo‘lgan ulkan ruda boyitish kombinati barpo etiladi. Yiliga bir yarim million tonna cho‘yan quyadigan metallurgiya kompleksi qad rostlaydi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, kon qa’rida tarkibida noyob metallar bo‘lgan bir necha milliard tonna ruda yotibdi.

Yana shuni qayd etish kerakki, Tebinbuloq koni O‘zbekiston geologlari tomonidan bundan 80 yil muqaddam ochilgan. Lekin bunday yirik konni o‘zlashtirish favqulodda katta mablag‘ talab qilardi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi chog‘ida yangi konni o‘zlashtirish bo‘yicha bir qarorga kelingan edi. Iskandar Mahmudov boshliq Rossiyadagi yirik tog‘-metallurgiya kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi. Ayni paytda Ural kon-metallurgiya kompaniyasi Tebinbuloq konida karer qazish ishlarini boshlab yubordi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Milliarder Iskandar Mahmudov: So‘nggi aytgan fikrim eng foydalisi