16:39 / 28.04.2018
3 056

Shavkat Mirziyoyev KXDR va Janubiy Koreya yetakchilari uchrashuviga munosabat bildirdi

Shavkat Mirziyoyev KXDR va Janubiy Koreya yetakchilari uchrashuviga munosabat bildirdi
2018 yilning 27 aprelida Pxanmunjom (Koreya Respublikasi) chegara punktida Koreya Respublikasi va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) rahbarlari uchrashdi.

Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat rahbarlari Koreya yarim orolidagi yadrosizlanish, Koreyalararo munosabatlarning yaxshilanishi hamda Seul va Pxenyan o‘rtasida tinchlik kelishuvini imzolashga oid uch asosiy mavzuga to‘xtalib o‘tdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar Koreya yarim orolining tinchligi va birlashuvi bo‘yicha Pxanmunjom deklaratsiyasini imzoladi.

Deklaratsiyaga ko‘ra, Koreya Respublikasi va KXDR:

1) Koreya urushiga (1950-1953 yillar) rasmiy tarzda yakun yasab beradigan tinchlik bitimini bu yil imzolaydi;

2) Koreya yarim orolini butunlay yadrosizlantirish niyatini tasdiqlaydi;

3) oliy darajadagi faol muloqotni davom ettiradi;

4) bir-biriga nisbatan dushmanlik harakatlarini to‘xtatadi;

5) harbiylar, shu jumladan, mudofaa mahkamalari rahbarlari darajasida doimiy aloqada bo‘ladi;

6) gumanitar muammolarni, shu jumladan koreys oilalarini birlashtirish muammosini hal qiladi;

7) ikki mamlakat temir yo‘llarini birlashtirish bo‘yicha ishlarni boshlaydi.

Ushbu voqea munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje Inga yozma murojaat yo‘llab, Pxanmunjomda Koreyalararo sammit muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

O‘zbekiston rahbari o‘z murojaatida butun jahon hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lgan ushbu uchrashuv “Koreya xalqi solnomasida tarixiy voqea ekani, uning yakunlariga ko‘ra erishilgan natijalar Koreya Respublikasi yetakchisining tinchliksevarlik siyosati, Koreya Respublikasi va KXDR o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, mintaqada ishonchni mustahkamlash bo‘yicha qat’iy pozitsiyasi va tinimsiz sa’y-harakatlari tufayli yuz bergani”ni ta’kidlagan.

Xatda ta’kidlanishicha, ikki davlatning yaqinlashuvi, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha eng muhim kelishuvlarni mustahkamlab qo‘ygan Pxanmunjom deklaratsiyasi “Koreya Respublikasi va KXDR o‘rtasidagi sheriklikning yangi davri boshlanishiga umid va ishonch beradi”.

Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hududni yaratish tashabbuskori sifatida Koreya yarim orolidagi yadrosizlantirish jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, bu shubhasiz Koreyalararo munosabatlarni yanada rivojlantirish va mintaqada integratsiyani ilgari surishga xizmat qiladi”.

Shu bilan birga, Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje Inning temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini qayta tiklash bo‘yicha tashabbusi alohida qayd etildi. O‘zbekiston rahbarining ta’kidlashicha, bu Koreya yarim orolining Yevroosiyo mintaqasi davlatlari, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirishiga, uni yagona logistik tizim va jadal savdo-iqtisodiy aloqalarga ega qit’aga aylantirishga yangi istiqbollarni ochadi.

Shavkat Mirziyoyevning maktubda bildirishicha, “O‘zbekiston Respublikasi Koreya Respublikasining strategik hamkori bo‘lgani holda, Koreya yarim orolida umumiy farovonlik va rivojlanish uchun barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga erishish yo‘lida koreys xalqining faol amaliy qadamlarini bundan keyin ham qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi”.

O‘zbekiston prezidenti maktub yakunida “koreys xalqining bo‘lingan oilalarini birlashtirish bo‘yicha uzoq yillik orzusi amalga oshadigan kun kelishiga” aniq ishonishini bildirdi. Shuningdek, davlat rahbari Koreya Respublikasining yetakchisiga mintaqa va butun jahondagi vaziyatni rivojlantirishga tarixiy ta’sir ko‘rsatadigan Koreyalararo sammit kelishuvlarini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev KXDR va Janubiy Koreya yetakchilari uchrashuviga munosabat bildirdi