18:53 / 22.05.2018
3 672

Samarqandlik “shumaxer” ustidan sud hukmi o‘qildi

Samarqandlik “shumaxer” ustidan sud hukmi o‘qildi
Foto: Samarqand viloyati IIB YHXB matbuot xizmati
O‘tgan yilning noyabr oyi oxirlarida ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l-patrul xizmati xodimining “Neksiya” rusumli avtomobilning old kapoti ustida yotgani tasvirlangan video keng tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ayni shu voqea bilan bog‘liq ko‘rib chiqildi va sudlanuvchilarga jazo tayinlandi, deb xabar beradi Kun nashri.

Xo‘sh, aslida voqea qanday sodir bo‘lgan edi?

“2017 yilning 24 noyabr kuni soat taxminan 15:30lar atrofida Samarqand shahar IIB YHXB inspektori Abror Yusupov Samarqand shahrida joylashgan Bo‘stonsaroy va Ro‘dakiy ko‘chalarining kesishgan joyida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda, unga biriktirilgan radio aloqa vositasi orqali "Yo‘l harakati qoidalari"ning 56-bandi talablarini qasddan buzgan holda harakatlanib kelayotgan Z.L. boshqaruvidagi "Neksiya" rusumli transport vositasini to‘xtatish to‘g‘risida og‘zaki ravishda ma’lumot oladi.

Inspektor A.Yusupov jezl yordamida harakatlanib kelayotgan transport vositasini to‘xtatishga urinadi. YPX inspektori transport vositasining old tomonidan o‘tayotgan vaqtida Z.L. qasddan uning qonuniy faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatib, avtomashinasining oynasini ochib uni har xil nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlaydi va boshqaruvida bo‘lgan transport vositasini yo‘lning o‘rta qatnov qismida boshqarishda davom etadi.

Voqea jarayonida avtomashinaning ikki tomonida avtomobillar bo‘lganligi, chap-o‘ng tomonga o‘tishning iloji yo‘qligi uchun YPX inspektori A.Yusupov tan-jarohati olmaslik maqsadida avtomashinaning old qismiga chiqib oladi. Ammo haydovchi Z.L. transport vositasini to‘xtatmay, harakatni davom ettiradi”.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida mazkur jinoyatni sodir etgan, Samarqand tumani fuqarosi Z.L.ning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi.

Sud jarayonida sudlanuvchilar Z.L. va F.X.larning xizmat vazifasini bajarayotgan xodim faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatish bilan ifodalangan jinoiy xatti-harakatlari to‘liq o‘rganilib, sud hukmi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, sudlanuvchi Z.L. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 219-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 8 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi, deb xabar qilmoqda Samarqand viloyati IIB YHXB matbuot xizmati.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)