21:58 / 29.05.2018
6 432

Shavkat Mirziyoyev nima uchun Botir Parpiyev ishdan olinganiga izoh berdi

Shavkat Mirziyoyev nima uchun Botir Parpiyev ishdan olinganiga izoh berdi
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda “Kun.uz” xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda nima uchun Botir Parpiyev ishdan olinganiga izoh bergan:

— Eksportni qilmagan odam ertaga biz bilan ishlay olmaydi. Bu o‘sha rahbar hozirgi sharoitga munosib emasligidan dalolat beradi. 1 dollar eksport qilmagan rahbar boshi bilan javob beradi. Ob-havo sharoiti og‘ir bo‘lishini ham yil boshida aytib, tegishli topshiriqlar berganmiz. Import qanday davom etayotgan bo‘lsa, shunday davom etmoqda. Prokuratura menga hech kimni javobgarlikka tortish bo‘yicha taklif bergani yo‘q. Yana bir muhim masala — mahalliy byudjetga tushum hajmi. Davlat soliq qo‘mitasi rahbari (Botir Parpiyev nazarda tutilmoqda — “Xabar.uz”.)ni almashtirganim bejiz emas, sababi bizda soliq tizimi yo‘q. Hali ish ko‘p.

Soliqda ham ko‘p o‘yinlar bo‘lgani, rahbariyati qanday ishlar bilan shug‘ullanganidan hayron qoldim. Hali uni ham xalqimizga yetkazamiz. Ana shularning hisobga olib, endi tegishli mas’ul xodimlar har kuni eksport-importdan tashqari, tushum bilan ikki soatdan shug‘ullanmasa, tushumda tartib bo‘lmaydi. Soliqchining saviyasi yo‘q, desak bu ham adolatdan bo‘ladi. Shuning uchun bugun topshiriq berdim, tegishli qaror tayyorlanadi, hammasini noldan boshlash kerak - soliq tizimidagi Akademiyani ham, boshqasini ham. Quyi pog‘onadagi soliqchilar nima qilish kerak, qanday ishlash kerakligini bilmaydi. 70 foizi korrupsiya bilan bog‘liq, mana shuni hamma bilishi kerak, — deb aytgan davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, B.Parpiyev joriy yilning 11 may kuni Davlat soliq qo‘mitasi raisligidan olingandi. 19 may kuni esa u O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasining rahbarligidan ham ozod etilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijondagi selektor yig‘ilishida viloyatning yarmini xususiylashtirib olgan odam hammasini qaytaradi, deb aytgani, shundan so‘ng Davlat soliq qo‘mitasining sobiq raisining sog‘lig‘i yomonlashib, davlat statsionariga tushib qolgani haqida xabar bergan edik. Shuningdek, Botir Parpiyevga aloqador mansabdor shaxslar birin-ketin ishdan olingani haqida avvalroq ma’lum qilgan edik.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev nima uchun Botir Parpiyev ishdan olinganiga izoh berdi