12:28 / 24.06.2018
9 356

O‘MI maktablarda ro‘mol o‘rashni ixtiyoriy qilishni taklif etmoqda

O‘MI maktablarda ro‘mol o‘rashni ixtiyoriy qilishni taklif etmoqda
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portali (regulation.gov.uz)ga joylashtirilgan «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ning xalq talab va istaklariga mos shaklda bo‘lishi nuqtai nazaridan fuqarolar, mutaxassislar va keng jamoatchilik vakillari tomonidan fikr-mulohazalar bildirilmoqda, deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabarida.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi qiz bola bo‘lgan maktab o‘quvchilarining ro‘molda yurishlari masalasida Diniy idoraga juda ko‘p murojaatlar bo‘layotgani sababli islom dinida bayon etilgan masalalarga asoslangan holda vijdon va e’tiqod erkinligi borasidagi qonun hujjatlariga tayanib, muhokamaga qo‘yilgan ushbu nizomning 9-bandidagi «O‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim» degan jumlani quyidagicha bayon etishni taklif qildi: «O‘quvchilarning ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimda yoki bosh kiyimsiz yurishlari ixtiyoriydir».

«Shunday ifoda qilinsa, milliy va diniy qadriyatlarimizni hurmat etishga, xalqimizni rozi qilishga va mazkur masalaga huquqiy yechim topishga erishgan bo‘lamiz», — deyiladi xabarda.

«O‘zligimizga nazar solsak ham, zaminimizda ayol-qizlarning ro‘mol o‘rab yurishi qadim-qadimdan diyorimizda amal qilib kelinayotgan milliy urf-odat ekani va ularning satri avrat talablariga mos kiyinishlari esa ibo-hayo, or-nomus ifodasi ekani ma’lum bo‘ladi. Buyuk tariximizda shoira-yu adibalar Uvaysiy, Nodirabegim, mashhur faqiha Fotimai Samarqandiya, ulug‘ allomalar Imom Buxoriy va Bahouddin Naqshbandning volidai muhtaramalari ilm-u ma’rifatda, ibo-hayoda ayol-qizlarimizga o‘rnak, millatimizga faxr-iftixor bo‘lgan mo‘’tabar momolarimiz ham o‘z davrida ro‘mol o‘rab, sharqona odob bilan yurishgani hammaga ma’lum.

Demakki, ro‘mol qadim-qadimdan milliyligimiz, o‘zligimizning ham ajralmas qismi bo‘lgan. Shu nuqtai nazardan, hozirgi kunda ona siymosi tasvirlanganda sipo kiyingan, yengi uzun, satr avrati yopiq, boshiga avval kichkina ro‘mol o‘ragan, ustidan katta ro‘molini yelkalari uzra tashlab olgan ayol siymosi gavdalantiriladi.

Biz muhokama etilayotgan masalada milliy do‘ppi, yoz va qish mavsumlarida kiyiladigan bosh kiyimlar haqida to‘xtalib o‘tirmadik. Chunki, biz masalaning eng dolzarb va nozik jihati haqida so‘z yuritdik.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mazkur bandga xalqimiz tomonidan eng ko‘p fikr-mulohaza bildirilib, taklif va tavsiyalar taqdim etildi. Demak, mamlakatimiz aholisining aksariyati bildirilgan talab va istaklarini ijobiy hal etilishini intizorlik bilan kutishmoqda.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, taraqqiyotimizning yangi bosqichida, respublikamizda xalqqa xizmat qilish va uni rozi qilish oliy maqsad ekanini e’tiborga olib, mazkur masalani fuqarolarimiz istagan shaklda ijobiy hal etilishini O‘zbekiston musulmonlari idorasi umid qiladi», — deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘MI maktablarda ro‘mol o‘rashni ixtiyoriy qilishni taklif etmoqda