23:37 / 03.09.2018
4 068

Aqtoʻbeda mashʼum avtobus ishi boʻyicha sud boshlandi

Aqtoʻbeda mashʼum avtobus ishi boʻyicha sud boshlandi
Jinoiy ishlar boʻyicha tumanlararo ixtisoslashtirilgan sudda Aqtoʻbe oblastidagi yoʻlda fojiali halok boʻlgan 52 nafar Oʻzbekiston fuqarosi boʻyicha ish yuzasidan jarayon boshlandi.

Sud jarayoniga Oʻzbekistonning halok boʻlgan 52 nafar fuqarosi qarindoshlari kelgan. Ularning bildirishicha, farzandlari hali tirik, Bu haqda Vnews.kzʻga tayanib, Kun.uz xabar qilmoqda.

Yulduz Gʻaniyeva ushbu fojia oqibatida birdaniga ikki nafar yaqini - oʻgʻli va nabirasini yoʻqotdi. Uning soʻzlariga koʻra, ularning telefonlari hali ham ishlamoqda. U halok boʻlganlar roʻyxatiga tushgan yaqinlariga doimiy ravishda qoʻngʻiroq qiladi, lekin ularning telefonlari javob bermaydi.

“Biz ular halok boʻlganiga ishonmaymiz. Ular tirik. Oʻgʻlim va nabiramning telefoni hali ham ishlamoqda, lekin javob bermayapti. Koʻpchilikning telefonlari ishlayapti. Odamlar yonib ketdi, lekin telefonlar yonmagan. Bu qanday boʻlishi mumkin? Demak, ular tirik. Ular, ehtimol, qullikda boʻlishi mumkin”, - deya maʼlum qildi u sudda.

Boshqa jabrlanuvchilar ham xuddi shu fikrda. Bunday taxminlardagi asosiy dalil shundaki, ularga halok boʻlgan yaqinlarining jasad qoldiqlari va oʻlimni tasdiqlovchi tahlillar koʻrsatilmagan. Fojiali oʻlim topgan oʻzbekistonliklarning qarindoshlari soʻzlariga koʻra, odamlarni yopiq tobutlarda olib kelishgan va dafn etishgan.

Darvoqe, jabrlanuvchilar jarayonga avtobusda kelib, Aqtoʻbedagi ijaraga olingan kvartiralarda joylashdilar. Ular advokatlarni yollashmadi, biroq Oʻzbekiston elchisidan sudga kelishni soʻrashgan.

“Biz elchixona vakilini talab qilamiz, u bizning huquqlarni himoya qilishi lozim. Biz advokatlarni yollamaganmiz. Alloh - bizning advokatimiz. Chunki faqatgina Alloh buni koʻrdi”, - deya maʼlum qilishgan ular.

Sudlanuvchilar oʻrnida Janubiy Qozogʻiston viloyatidan boʻlgan uch nafar avtobus haydovchisi qatnashmoqda. Tergov organlari ularni transport vositasidan notoʻgʻri foydalanish va yoʻl harakati qoidalarini buzishda ayblashmoqda.

Ammo ayblanuvchilar, xuddi ularning qarindoshlari kabi, aybni tan olishmayapti. Ularning fikricha, ular bilan birga dahshatli fojiada omon qolgan ikki nafar oʻzbekistonlikni ham sud qilish kerak.

“Mening akam Maksat Pernebekovni sud qilishmoqda, garchi u uxlab yotgan boʻlgan. Fojia yuz berganida uygʻongan va avtobusdan sakrab tushib, tasodifan omon qolgan. U kuyish jarohatlarini oldi. Nima uchun faqat uch haydovchini ayblashmoqda? Nima uchun omon qolgan ikki nafar oʻzbekistonlik qoʻlga olinmadi?”, - deydi sudlanuvchining opasi Nurshat Pernebekova.

Halok boʻlgan oʻzbekistonliklarning yaqinlari esa boshqacha fikrda. Ular sudlanuvchilar uchun eng ogʻir jazoni talab qilishmoqda. Nashr maʼlumotlariga koʻra, halok boʻlgan oʻzbekistonliklarning ota-onalaridan ikki nafari qaygʻuga bardosh bera olmay vafot etgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Aqtoʻbe fojiasi boʻyicha sud ishni koʻrib chiqishni keyinga qoldirgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Aqtoʻbeda mashʼum avtobus ishi boʻyicha sud boshlandi