13:13 / 18.09.2018
4 220

Toshkentda qancha ishsiz aholi borligi maʼlum qilindi

Toshkentda qancha ishsiz aholi borligi maʼlum qilindi
Bugun Toshkent shahri aholisi 2,5 milliondan ziyodni tashkil etib, ulardan 1,5 million kishi mehnatga layoqatli. Shundan 1,1 million nafari ish bilan band, qariyb 99 ming kishi ishsiz, 90 mingdan ortigʻi esa mehnat migrantlaridir. Shuningdek, deyarli 39 ming kishi joriy yilda mehnat bozoriga birinchi marta kirib kelgan yoshlar hisoblanadi.

Joriy yilning avgust-sentyabr oylarida Oliy Majlis Senati Kengashi hamda Toshkent shahridagi barcha tuman Kengashlarining qoʻshma majlislarida poytaxt tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari, xususan aholi bandligini taʼminlash, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, boʻsh turgan bino-inshootlardan samarali foydalanish, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar va sektorlar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Bu haqda jurnalistlarga Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov Toshkent shahri tumanlari mahalliy Kengashlarining qoʻshma majlislarida muhokama qilingan masalalar va qabul qilingan qarorlar yuzasidan axborot berdi.

Maʼlum boʻlishicha, hozirgi paytda Toshkent shahri boʻyicha faqatgina 91 ming kishi Jamoat ishlari jamgʻarmasi hisobidan bir martalik va vaqtinchalik ishlarga jalb qilingan. Bu borada mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayapti. Joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga koʻra, norasmiy band aholi soni 141 ming nafardan ziyodni tashkil etgan.

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi poytaxt tumanlarida ichimlik suvi, issiqlik taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlarini yaxshilash, turarjoy mavzelaridagi drenaj-irrigatsiya tizimlarini taʼmirlash va tiklash hamda kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish boʻyicha belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash borasidagi ishlarning borishi haqida tanqidiy-tahliliy axborotlar taqdim etdi.

Xususan, poytaxtimizning koʻp qavatli uylarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash dasturi doirasida qariyb 158 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan. Biroq belgilangan vazifalarning yarmidan koʻpi (51%) oʻz vaqtida ijro etilmagan. Ayniqsa, Yashnobod, Chilonzor, Sergeli, Bektemir va Shayxontohur tumanlarida bu yoʻnalishdagi ishlar paysalga solinayotgani qayd etildi. Bundan tashqari, Toshkent shahridagi mavjud 1440 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatidan 304 tasi moliyaviy ahvoli qoniqarsizligi sababli imtiyozli kreditlar ololmagan. Ularning aksariyati Mirobod, Shayxontohur, Chilonzor, Sergeli va Yunusobod tumanlarida joylashgan.

Qoʻshma majlislarda shu yoʻnalishdagi ishlarning borishi qoniqarsiz deb topilib, mavjud muammolarni tezda hal qilish, jumladan, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini uzogʻi bilan shu yilning 25 sentyabriga qadar toʻliq yakunlash, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini tanqidiy oʻrganish va samaradorligini oshirish choralarini koʻrish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar hamda sektorlar rahbarlariga aniq vazifalar berildi.

Muhokamalar jarayonida sektorlar rahbarlari oʻz hududida aniqlangan har bir muammoning tezkorlik bilan hamda sifatli hal etilishi uchun shaxsan javobgarligi yana bir karra taʼkidlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda qancha ishsiz aholi borligi maʼlum qilindi