
2017 yil 6 iyunda Toshkent shahridagi “Ilk biznes” MCHJga qarashli “Marmaris” restoranida dress-kod bilan bogʻliq voqea sodir boʻlgandi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi matbuot xizmati maʼlum qildi.
D.Roʻzmetov restoranga kirib kelganida egnida va oyogʻida sport kiyimi boʻlganligi sababli quriqlash xizmati hamda menejer tomonidan toʻxtatilib, restoranga kiritilmagan. Vaholanki, restoranda chet ellik mijozlar bemalol sport kiyimda (shortik, futbolka va krossovka) yurganligi maʼlum boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan “Ilk biznes” MCHJga nisbatan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining tegishli moddalari buzilishi yuzasidan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, qoʻmitaning maxsus komissiyasi tomonidan koʻrib chiqildi.
Komissiya qaroriga asosan “Ilk biznes” MCHJ isteʼmolchiga toʻliq va tushunarli maʼlumot taqdim etmaganlik hamda koʻrsatilmagan xizmat uchun haq olishga yoʻl qoʻyilgan deb topilib, xuquqbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma berildi. MCHJ tomonidan isteʼmolchilarga restoran xizmatlarini koʻrsatishda shaffoflikni taʼminlash, millati yoki ijtimoiy kelib chiqishiga qarab kamsitmaslik boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish, isteʼmolchilarga restoran tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisida toʻliq va oʻz vaqtida maʼlumotlar taqdim etishni yoʻlga qoʻyish choralari koʻrildi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan MCHJning masʼul mansabdori maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga asosan jarimaga tortildi.
Shuningdek, joriy yil iyul oyda fuqarolik ishlari boʻyicha Shayxontohur tumani sudida D.Roʻzmetovning “Ilk biznes” tomonidan unga yetkazilgan maʼnaviy zarar undirish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi koʻrib chiqildi. MCHJ tomonidan mijozning isteʼmol huquqi buzilgan deb topilib, uning foydasiga 1 million soʻm maʼnaviy zarar undirildi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar