08:56 / 17.10.2018
3 476

Mersedes-Benz mutaxassisi Toshkentda yonib ketayotgan avtobuslar boʻyicha fikr bildirdi

Mersedes-Benz mutaxassisi Toshkentda yonib ketayotgan avtobuslar boʻyicha fikr bildirdi
Kelgusida avtobuslar bilan bogʻliq yongʻinlar kelib chiqishining oldini olish, bunga sabab boʻlayotgan omillarga yana bir karra aniqlik kiritish maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati Germaniyaning Mersedes-Benz kompaniyasi mutaxassisini Oʻzbekistonga taklif etdi. Bu haqida jamiyat axborot xizmati Kun.uzʻga xabar bergan.

Joriy yil 16 oktyabr kuni kompaniya menejeri Maks Kirshenxofer bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda bugun poytaxt koʻchalarida qatnayotgan Mersedes-Benz rusumli avtobuslarning texnik holati, ularga koʻrsatilayotgan servis xizmatlari va albatta, soʻnggi paytlarda ushbu transport vositalari bilan sodir boʻlgan yongʻinlar keng muhokama etildi.

Jamiyat rahbariyati hamda servis korxonasi vakillari ishtirok etgan mazkur uchrashuvda nemis mutaxassisi avtobuslarning texnik xususiyatlari haqida fikr bildirib, bugun yongʻin chiqayotgan avtobuslar tasarruf muddatini oʻtab boʻlganini, boshqa davlatlar, xususan, Germaniyada bu kabi avtobuslardan koʻpi bilan 8 yil foydalanilishini qayd etdi. Bundan buyon asosiy saʼy-harakatlar va xarajatlarni keyingi bosqichda keltirilgan, yaʼni, 2012-2013 yillarda ishlab chiqarilgan avtobuslarga hamda harakat tarkibini yangilashga yoʻnaltirish maqsadga muvofiqligini taʼkidlab oʻtdi.

Foto: Toshshahartransxizmat AJ
“Toshshahartransxizmat” bundan buyon ham yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash yoʻlida barcha imkoniyatlarni ishga soladi», deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq, koʻngilsizliklarning oldini olish maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati tomonidan aynan yongʻin kelib chiqayotgan 2008-2009 yillarda ishlab chiqarilgan Mersedes-Benz rusumli avtobuslarni chuqurlashtirilgan tartibda texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)