14:11 / 21.11.2018
2 976

Senator fikri: «Qasam bilan hosil ko‘payadimi?»

Senator fikri: «Qasam bilan hosil ko‘payadimi?»
Mamlakatimizda aholi farovonligini ta’minlash, munosib hayot sharoitlarini yaratish, jamiyatimizda demokratik tamoyillarni tatbiq etish uchun izchil, tizimli ishlar olib borilmoqda, deb yozadi Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova partiya saytida.

Uning bildirishicha, ishlab chiqarishning har bir yo‘nalishiga ilg‘or texnika va texnologiyalarni olib kirish, innovatsiya yaratishni davrning o‘zi talab qilmoqda.

Shu jumladan, qishloq xo‘jaligida ham mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish, mamlakatga daromad keltirish, davlatni ham fermerni ham boy qilish maqsad muddaoga aylangan.

Shu kunlarda Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan “fermerlar qasamyodi” ham aslida yuqorida keltirilgan maqsadga erishish niyatida amalga oshirilgan. Lekin, bu qanchalik to‘g‘ri bo‘ldi va bu qasamyod bilan qishloq xo‘jaligidagi bugungi ahvolni yaxshilab bo‘ladimi?

«Qasamyod – harbiy yoki boshqa shu turdagi xizmatga kirayotganda, ma’lum bir statusni olayotganda (masalan, fuqarolik olayotganda yoki sudda guvohlik berayotganda), lavozimga tayinlanayotgandagi rasmiy va tantanali ont ichish marosimi. Qasamyod faqat ommaviy tarzda (omma ko‘z o‘ngida) amalga oshiriladi va qasamyod qiluvchiga uni – qasamyodni ado etmagani uchun yuridik javobgarlikni yuklaydi».

Demokratik tuzumlarda qasamyod mas’uliyat hajmi ulkan bo‘lgan, mas’uliyatsizlik oqibatida jamiyat katta talofat ko‘rishi mumkin bo‘lgan holatlarda hamda sudda – haqiqatni yuzaga chiqarishga safarbar etilgan idoradagina qo‘llanadi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra fermer bu tadbirkor. U qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiradi va o‘z faoliyatini bozor talablari asosida yuritishi kerak. Fermerga qasam ichirish bilan biz unga “ma’naviy cheklov” qo‘ymoqdamiz, dehqonni qasamga tayantirish jamiyatimiz rivoji uchun foyda keltiradimi yoki zarar?

Bu holat rahbariyat oldida “yangilik” yaratib, obro‘ olishga urinish emasmi?

Qishloq xo‘jaligidagi salbiy holatlar sanoqli bo‘lsa barchaga “ommaviy” qasam ichirish zarurmi? Agar bunday holatlar ko‘p bo‘lsa, unda ularni keltirib chiqargan sabablarni tahlil qilish, tizimli choralar ko‘rilishi kerak-ku!

Mening fikrimcha, fermerlarimizning bu yilgi noqulay sharoitda mo‘ljaldagi hosilni yetishtira olmaganligi uchun nafaqat ob-havo yoki dehqonning dangasaligi, uddaburon emasligi aybdor emas, balki ishni tashkil qilishdagi tizimli kamchiliklarimiz sabab bo‘lgan, deydi deputat.

Qayd etilishicha, tumanlarda bo‘lib fermerlar, tajribali dehqonlar bilan suhbatlashib quyidagi sabablar aniqlangan. Ya’ni, fermerlarda zarur darajada bilim yetishmasligi, texnikalar eskirgani yoki yetishmasligi, yerning meliorativ holatini to‘g‘ri baholay olmaslik va unga chora ko‘rishdagi nochorlik, fermer xo‘jaliklarning aksariyatida agronomlar yetishmasligi, urug‘chilikning achinarli ahvoldaligi, sug‘orish ilmi unutilib borayotgani, suv taqsimotidagi xatoliklar va yana bir qator kamchiliklar aniqlangan.

Menimcha, qishloq xo‘jaligidagi qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun avvalo yuqorida keltirilgan kamchiliklarni qanday yo‘qotish mumkin degan savolga javob topish kerak, deb yozadi deputat.

Balki mayda fermer xo‘jaliklaridan uyushma tashkil etib, ularda ish boshqaruvchi, agronom, buxgalter, traktorchi, suvchi kabi zarur lavozimlar joriy etilishi moliya ishlaridagi, agronomiya ishlaridagi, umuman ishni tashkil etishdagi kamchiliklarni oldini olar. Mana shunday fermer-dehqon uyushmalariga tajribali insonlar boshchilik qilsa fermerlarning mas’uliyat hissi bir qancha ko‘tarilar?

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatining barcha tumanlarida o‘tgan hafta fermerlarning qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tgani xabar berilgandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Senator fikri: «Qasam bilan hosil ko‘payadimi?»