06:30 / 13.12.2018
2 589

Qo‘rg‘ontepada 5 nafar fuqaro noqonuniy saqlab kelgan qurollarni o‘z ixtiyori bilan topshirdi

Qo‘rg‘ontepada 5 nafar fuqaro noqonuniy saqlab kelgan qurollarni o‘z ixtiyori bilan topshirdi
Saminjon Husanov, “Xalq so‘zi Online”/Andijon. Qo‘rg‘ontepa tumani Zahiriddin Muhammad Bobur nomli MFY Kavsar ko‘chasi 42-uyda yashovchi Bahromjon Mamadaliyev eski uyining pol qismini buzayotib, temir sandiqda bo‘lgan, 2004 yilda vafot etgan otasi Tursunali Mamadaliyevga tegishli 1 dona IJ rusumli ov miltig‘ini topib oldi.

Tabiiyki, uning xayoliga kelgan birinchi fikr qurolni sotish orqali keladigan katta daromad bo‘ldi. So‘ng ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik tadbir davomidagi tushuntirish ishlarini esladi. O‘shanda ular tegishli ruxsatnomasiz o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishini aytib o‘tgandilar.

Biroq, shu moddaning 3-qismida “Ushbu moddada nazarda tutilgan buyumlarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi”, deyilganligini ham yaxshi esladi. Buni aqlan anglab yetgan Bahromjon shu zahoti tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat etib, ov qurolini o‘z ixtiyori bilan topshirdi.

“Tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan mavzuga doir profilaktik tadbirlar yil davomida o‘tkazib kelinmoqda. Olib borilgan tushuntirish ishlari samarasi tufayli shu kungacha 5 nafar fuqaro o‘z ixtiyori bilan noqonuniy saqlab kelyotgan qurollarni topshirganligi ularning fuqarolik burchlariga bo‘lgan hurmat ifodasidir”, - deydi tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Sanjarbek Solijonov.

Ma’lumki, qurol va portlovchi moddalar bilan bog‘liq holatlar jamiyat uchun juda katta xavf tug‘diradi. Shu bois ham fuqarolar bu boradagi ijobiy munosabatlari bilan yurt osoyishtaligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan bo‘ladilar.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Qo‘rg‘ontepada 5 nafar fuqaro noqonuniy saqlab kelgan qurollarni o‘z ixtiyori bilan topshirdi