13:10 / 22.01.2019
18 606

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarshi fitna (video)

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarshi fitna (video)
Ushbu videoda yuzi ko‘rinmagan ayol hokim Ortiqxo‘jayevga ko‘p qavatli uyning 7-qavatidan uy berilganini, o‘zi esa pastroq qavatlardan kvartira olishni istaganini aytadi.

Ayol hokim bilan o‘zaro suhbatini yashirincha qo‘l telefoni orqali videoga olgan. Bu tavsirlarni siz ham ko‘rgan bo‘lishingiz kerak.

“Uchta farzandim bor, 4 yosh, 3 yosh, 1,5 yosh. 25% to‘lov bilan 7-qavatdan berishdi. 3 ta bolam bor. Pastroq qavatdan beringlar desam, “nogironi borga beraman”, deb tanish-bilishga berishganini ko‘rdim. Agar shunaqa yuraversang, biror yerga arz qilsang, uyingni olib qo‘yaman dedi”, deya iddao qiladi ayol.

Hokim esa “Bolalar o‘zingiznikimi?”, “Xudoga yaqin bo‘lib, duo qilib yoting”, deb javob qaytaradi.

Ayni damda mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Aniqlashimizcha, Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 yilning 26 dekabr kuni, Xalq deputatlari Olmazor tumani kengashining sessiyasidan chiqib kelayotgan mahal 21 yashar Muhabbat Mirzayeva hokim tarafga yaqinlashib, shikoyatini ayta boshlagan. Bo‘lgan voqealardan bexabar hokim, unga “xo‘sh, nima qilishimiz kerak?” deb undan aniq maqsadini so‘ragan.

Ayol OAVga shikoyatida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning muomalasidan qoniqmaganini aytadi. Xo‘sh, Ortiqxo‘jayev dap-durustdan qarshisidan chiqqan ayol bilan qanday munosabatda bo‘lishi kerak edi?

Keling bir tahlil qilib ko‘raylik.

Agar hokimning “bolalar o‘zingiznikimi?” degan savoli ayolga yoqmagan bo‘lsa, bunga yetarli sabablar bor, albatta. Ayol 21, boring ana 22 yoshda ekanini, uning uchta farzandi borligi, to‘ng‘ichi 4, o‘rtanchasi 3, kenjasi 1,5 yoshdaligini eshitgan kishi uning yoshini inobatga olgan holda bu savol bilan yuzlanishi tabiiy.

Hokimning ayolga qarata “Xudoga yaqin bo‘lib, duo qilib yotmaysizmi”, degan gapiga kelsak, Ortiqxo‘jayev bu bilan na muammoni hal etishdan qochgan va na ayolni tahqirlagan. Hokimdan chiqqan bu gapni aslida kundalik hayotimizda ko‘p eshitganmiz. Ko‘p qavatli imoratlar qurgan yoki baland qavatlardan uy olganlar orasida “Xudoga yaqin bo‘lay dedim”, degan hazil ibora ba’zan qulog‘imizga chalingan. Ortiqxo‘jayevga kelsak, u byurokratik tashkilotlardan chiqqan emas, xalq bilan oddiy, chapani gaplashadiganlardan. To‘g‘ri, kerak bo‘lsa rasmiy ohang va rasmiy suhbatlarni do‘ndiradi, ammo xalqqa xalqchil rahbar kerakmi yo balandparvoz gaplar bilan ko‘nglini puch yong‘oqqa to‘ldirib ketadigan notiq?

Endi masalaning asl mohiyatiga e’tibor qaratsak.

Manbalarimiz 21 yasharligini aytayotgan Muhabbat Mirzayeva Toshkentning Olmazor tumanida qurilgan yangi ko‘p qavatli uylarning biridan “Ipoteka” ATB krediti orqali 15 yillik to‘lov-krediti evaziga kvartira xarid qilgan. Boshlang‘ich to‘lov sifatida kvartiraning 25% puli to‘langan. Mirzayeva bu xonadonga ko‘chib o‘tishdan avval kvartirasi 7-qavatda joylashganini bilgan, bunga o‘zi rozilik bergan. Oradan vaqt o‘tib, 7-qavatda yashash unga yoqmay qolganmi, bilmadik 1-qavatdan kvartira berasizlar degan talab bilan chiqqan. Xo‘sh, agar u 7-qavatda yashashga rozi bo‘lmasa, nega uyga ko‘chib kiradi?

U mas’ullar past qavatlardagi kvartiralar nogironi bor oilalarga berilishini aytganini eslatadi va aslida nogironi borlarga emas, tanish-bilishlarga berilganini iddao qiladi.

Ushbu ko‘p qavatli uylarning pastki qavatidagi kvartiralarning hammasi nogironligi bor odamlarga berilganmi yo yo‘q, bunisi bizga qorong‘u, ammo shunisi aniqki, ko‘p qavatli uyga zamonaviy liftlar ham o‘rnatilgan. Chiqib-tushish imkoniyati cheklanmagan. Qolaversa, past qavatdagi uylar keksayib qolganlarga yoki oilasida keksalar borlarga berilgan bo‘lishi ham mumkin.

Bu bilan biz hokimlikning tarafani olib, kimnidir oqlash, murojaatchini qoralash fikridan yiroqmiz. Aksincha, bugungi o‘zgarishlarga, islohotlarga monand ravishda odamlarning ham hokimiyatga, rahbarlarga munosabati o‘zgarsin, huquqiy madaniyati oshsin demoqchimiz, xolos. Boisi har qaysi jamiyat, har qaysi davlatni isloh qilish, avvalo har bir odam o‘zini isloh qilishdan boshlanadi. Shikoyat ustiga shikoyat, arz ustiga arz, iddao ustiga iddao, noshukrlik ustiga noshukrlik… Bunday odamlar bilan kimning ishlagisi keladi? Xo‘sh, Siz bir kun bo‘lsa ham hokim lavozimiga o‘tirgan bo‘larmidingiz?

Darvoqe, Toshkent shahar hokimiyatidan aniqlashimizcha, allaqachon Mirzayevaning masalasini hal etish bo‘yicha ish boshlagan, bu esa biroz vaqt talab etadi. O‘sha kuni hokim Ortixo‘jayev ayolning muammosini hal etish yuzasidan topshiriq bergan. Biroq mas’ullarning mas’uliyatsizligi, aytilgan gap bloknotda qolib ketgani uchun ish paysalgan solingan.

Manba: qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarshi fitna (video)