Xitoyda yig‘lay oladigan gumanoid robot taqdim etildi (video)

Xitoylik ishlab chiquvchilar insonning hissiy holatini tahlil qilib, unga mos reaksiya bildira oladigan Yansyn-X2 nomli gumanoid robotni taqdim etdi. Bu haqda hi-tech.mail xabar berdi.
Robot suhbat davomida insonning gaplari, ovoz ohangi va hissiy holatini tahlil qiladi. Masalan, foydalanuvchi qayg‘uli voqeani gapirib bersa, Yansyn-X2 hamdardlikka mos yuz ifodasini namoyish etishi va hatto ko‘z yosh to‘kishi mumkin.
Robotning yig‘lash funksiyasi maxsus mikroflyuidik tizim orqali ishlaydi. Uning ko‘z qismiga o‘rnatilgan mexanizm sun’iy yosh chiqarib, insonning yig‘lashiga o‘xshash ko‘rinish hosil qiladi.
Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, robotning maqsadi haqiqiy his-tuyg‘ularni boshdan kechirish emas, balki insonning hissiy holatini aniqlab, unga mos javob qaytarishdan iborat. Kelgusida uning yuz mimikalari va boshqa hissiy ifodalari yanada takomillashtirilishi rejalashtirilgan.
Yansyn-X2 2026 yil aprel oyida Xitoyning Yanxi Technology kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan. Sentyabr oyida esa robot Shanxaydagi tadbirda namoyish etilib, yig‘lash qobiliyati bilan e’tibor qozondi.
Ayrim xabarlarga ko‘ra, robotning yuqori darajadagi versiyasi 400–500 ming yuan atrofida turadi. Bu taxminan 55–70 ming AQSH dollariga teng.






























Izohlar 0
…