17:28 / 21.02.2019
6 657

Buxoroda yo‘qolgan o‘g‘il 10 yil o‘tib Camarqanddan topildi (video)

Buxoroda yo‘qolgan o‘g‘il 10 yil o‘tib Camarqanddan topildi (video)
Buxorolik Farrux Xotamov 2009 yilda 17 yoshida arzimagan sabab tufayli o‘z uyidan chiqib ketgan edi. Oradan 10 yil o‘tib, Farrux Samarqanddan topildi.
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi 56 yoshli Zarif aka farzandini 10 yildan buyon ko‘rmagan bo‘lsa-da, umidini uzmagan edi.
— Futbol o‘ynab amakisinikiga o‘tib ketgan. Amakisi nega o‘tasan deganiga arazlab shu bilan chiqib ketgan. O‘sha vaqtda maktabda sakkizinchi sinfda o‘qiyotgan edi. Militsiya xodimlari bilan qidirmagan joyimiz qolmadi. Qashqadaryo deysizmi, Navoiy deysizmi... Bu orada onasi ham kasalmand bo‘lib qoldi. Biz faqat tirikligini sezar edik, ishonar edik.

13 fevral kuni reablitatsiya markazi xodimlari tomonidan olib borilgan reyd natijasida Samarqand shahrida yurgan fuqaro to‘xtatilib tekshirildi. U o‘zini Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Marzagan” qishlog‘ida yashovchi Farrux Xotamov deb tanishtirgan. Hujjatlar so‘ralganda u hech qanday hujjatlarsiz yurgani aniqlandi. Shundan so‘ng tekshirish maqsadida reablitatsiya markaziga olib kelib tekshirdik. Ichki ishlar vazirligi tizimidagi axborot ma’lumotlar bazasidan tekshirib ko‘rilganda haqiqatdan ham 2009 yil o‘z uyidan chiqib ketib bedarak yo‘qolgan va ayni paytda qidiruvda ekanligi aniqlangan.

Ona uchun “syurpriz”
Samarqand viloyati IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi reabilitatsiya markazi xodimlarining sa’y-harakatlari bilanZarif akaning 10 yil mobaynida bedarak yo‘qolgan farzandi oilasi bag‘riga qaytarildi. Eng qizig‘i, farzand onasining tug‘ilgan kunida topildi. Bunday kunda o‘z bolasi topilib kelishidan ham yaxshiroq sovg‘a bormi?

Farrux Xotamov: — Ichki ishlar xodimlaridan minnatdorman. Ota-onamni ko‘rib xursand bo‘ldim. Bu ishni endi qaytib qilmayman. Yoshlik qildim, ming bor afsusdaman. Menga o‘xshab uyidan chiqib ketganlarga ham “uyingizga, ota-onangiz bag‘riga qaytinglar” deyman.
Quyidagi havola orqali ushbu videolavhani ko‘rishingiz mumkin.

MA’LUMOT UChUN: 2018 yilda Samarqand IIB Patrul post xizmati reablitatsiya markaziga jami 3657 nafar shaxslar olib kelingan. Shulardan 925 nafar shaxslarning muayyan yashash joyiga ega bo‘lmaganligi hamda shaxsi aniqlanmaganligi sababli ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarning qaroriga asosan saqlangan.

Shulardan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 914 nafar, ayollar 168 nafarni tashkil etadi. Shu bilan birga, 892 nafar fuqarolarning shaxsi aniqlanib yashash manzillariga jo‘natildi.
9 nafar shaxs esa turli xil jinoyatlar sodir etib qidiruvda bo‘lgani uchun ushlanib, sud va tergov organlariga topshirilgan.

Xulosa o‘rnida
Yoshlik qilib uyidan chiqib ketgan Farrux hali pasport ham olmagan. Tirikchilik ilinjida turli yollanma ishlarni qilib yurgan va biror bir jinoyatga aralashmagan. U otasini ko‘rgach, barchadan kechirim so‘rab, endi akalari bilan ustachilik qilishini, ota-onasiga ro‘zg‘or ishlarida yordam berishini aytdi.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoroda yo‘qolgan o‘g‘il 10 yil o‘tib Camarqanddan topildi (video)