date
views 5 740

Avtobusdagi ziddiyatli vaziyatga rasmiy izoh berildi

Avtobusdagi ziddiyatli vaziyatga rasmiy izoh berildi
Avvalroq avtobus haydovchisi va konduktor yoʻl haqi toʻlamagan pensioner ayolni avtobusdan haydab chiqargani haqida xabar eʼlon qilingandi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu vaziyat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati shoshilinch tarzda komissiya tuzilib, yoʻnalishga chiqib, holat oʻrganildi.

«Haydovchi va chiptachidan boʻlib oʻtgan voqea yuzasidan tushuntirish xati olindi.
Maʼlum boʻlishicha haydovchi Sanyan Aleksandr 32 yildan buyon sohada mehnat qiladi. Uning koʻp yillik fidokorona mehnati jamiyat tomonidan munosib ragʻbatlantirilgan. Yaʼni “Mehnat faxriysi”, “Mohir haydovchi”, “Faxriy xodim” unvonlariga sazovor boʻlgan.
Chiptachi Jamshid Nuriddinov esa 2017 yildan buyon faoliyat yuritib keladi.

Ammo bu ularning yoʻlovchilarga nisbatan bunday tarzda muomalada boʻlish huquqini bermaydi. Albatta, haydovchi va chiptachi kasb odobiga rioya etmagani, muomala madaniyatini buzganligi, yoʻlovchiga qoʻpol muomalada boʻlgani uchun toʻla aybdor», — deyiladi “Toshshahartransxizmat”rasmiy munosabatida.

Kun.uzʻga maʼlum qilinishicha, haydovchi va konduktorga nisbatan, ichki tartib qoidalaridan kelib chiqib, intizomiy jazo belgilandi. Haydovchi va chiptachiga nisbatan xayfsan eʼlon qilindi. Bu esa korxona tomonidan ularga toʻlanadigan mukofot pullari va qoʻshimcha ragʻbatlantirishlarga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatishi mumkin.

“Biroq 8-avtobus saroyiga qarashli «51-Yunusobod 6-mavze — Beshyogʻoch mavzesi” yoʻnalishida qatnovchi avtobus haydovchisi Sanyan Aleksandr, chiptachi Jamshid Nuriddinovlarning tushutirishicha keksa ayol oʻzi aytganidek birinchi marta emas, balki bir necha marta avtobusda bepul yurgan.

Ayolning iddao qilishicha u tekinga avtobusdan foydalanishi lozim boʻlgan. Ammo bunga hech qanday huquqiy asos mavjud emas.
Shu bois haydovchi va chiptachi uni avtobusdan tushirib yuborgan», — deyiladi axborotda.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasining “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi 1996 yil 30 avgustdagi qonuniga asosan shahar yoʻlovchi transportida (avtobusda) bepul yurish (taksidan tashqari) huquqi faqat quyidagi toifadagi fuqarolarga berilgan:

— 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan boʻlmish harbiy xizmatchilar;
— 1941-1945 yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
—1941-1945 yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar;
—Afgʻoniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalmilalchi jangchilar jumlasidan boʻlmish fuqarolar;
— haqiqiy muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt boʻyicha xizmat qiladigan oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
— Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
— koʻzi ojiz nogironlar va koʻzi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs.

Yuqorida qayd etilgan toifaga kirmaydigan barcha yoʻlovchilar yoʻl haqini oʻz vaqtida toʻlashga majbur.
Shunga qaramay, eʼlon qilingan video lavhada ayol uchun boshqa yoʻlovchilar xizmat haqini toʻlashga roziligi aks ettirilgan. Shu vaziyatda ham, uning avtobusdan nega tushib qoldirilgani nomaʼlum.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Avtobusdagi ziddiyatli vaziyatga rasmiy izoh berildi