
Respublikamizning yetakchi OAV jamoalarining bir guruh jurnalistlari ishtirokida Surxondaryo viloyatiga mediatur tashkil etildi. “Boysun bahori” festivalining tashkillashtirilishi, borishi va undagi ajoyib tomoshalarni keng yoritishga qaratilgan ushbu axborot-tur tashkilotchilari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi.
Tog‘ bag‘ridagi chiroyli gilamlar va so‘zanalar bilan bezatilgan o‘tovda matbuot markazi tashkil qilingan. Bu yerda noutbuklar, internet sayohatchi jurnalistlarga xizmat qilyapti. Bunday bahavo tabiat qo‘ynida ijod ahli o‘zgacha bir ilhom bilan ishga kirishib ketgan.
Boysun bahori bu yilgi festival mehmonlarini o‘zining saxiy yomg‘irli obi-havosi bilan qarshi oldi. Bu bayramga o‘zgacha bir shukuh berdi. Ko‘p sonli aholi va festival mehmonlari, hatto soyabonsiz kelgan yurtdoshlarimiz ham ajoyib tantanalar, dorbozlik o‘yinlari, folklor jamoalari chiqishlari, ko‘rgazma va boshqa ko‘ngilochar tomoshalarni tashlab ketishmadi.

Mazkur festivalga kelgan minglab odamlarning xushchaqchaq, beg‘ubor qiyofalari o‘zbekona samimiylikni, mehrni ifoda etadi. Ushbu go‘zal fotolavhalar “Boysun bahori” festivalining bor tabiiyligi, ulug‘vorligi, haqiqiy bayramona kayfiyatini, bor milliyligi va tabiatning erkaligi yoki biroz injiqliklari bilan ko‘rib, his qilishingizga imkon berishi shubhasiz.
Festival ertaga ham davom etadi. Ishtirokchilarning va tashkilotchilarning fikrlari, tantananing o‘ziga xos yangiliklari haqida navbatdagi maqolalarda axborot berib boramiz.
Manzura BEKJONOVA
Manba: Darakchi.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar