16:12 / 01.05.2019
4 223

DXA tomonidan “fleshka” qay tartibda beriladi? (2-qism)

DXA tomonidan “fleshka” qay tartibda beriladi? (2-qism)
Fuqarolarga qulaylik yaratish, ovoragarchiliklar, sansolarliklarning oldini olish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Ushbu agentlik tashkil etilganidan buyon OAVda uning faoliyati toʻlaqonli yoritib kelinmoqda. Ammo tahririyat tomonidan xalq orasidagi baʼzibir mish-mishlar oʻrganib chiqilib, Davlat xizmatlari agentligining mutaxassislari bilan suhbat uyushtirildi. Suhbat davomida DXAning tashkiliy-tahlil boʻlimi bosh maslahatchisi Jasur Niyazov bizni qiziqtirgan ayrim savollarga javob berdi.

— Bilamizki, davlat xizmatlari markazlarida fuqarolarga “fleshka” beriladi. Bu davlat tomonidan bepul tarqatiladimi yoki fuqaro markazning oʻzida sotib oladimi?
— Agentlik direktorining tegishli buyrugʻi bilan tasdiqlangan roʻyxatning 10-bandida “Elektron raqamli imzoni yangi flesh-kartaga yozib topshirish” pullik xizmati koʻrsatilishi va bu xizmat uchun 20 300 soʻm miqdorida toʻlov toʻlanishi belgilangan. Ammo fuqaro xotira uskunasi “fleshka”ni oʻzi bilan olib kelib, elektron raqamli imzosini (ERI) yozib olishi ham mumkin.
Bundan tashqari, ERI kaliti olish xizmati uchun alohida jismoniy shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining 7 foizi, yuridik shaxslar uchun esa 10 % miqlorida davlat boji toʻlanadi.

— Kuzatuvlardan maʼlum boʻlishicha, xalq maʼlumotnomalarning narxidan norozi. Bu sizningcha, qayta oʻrganib chiqilishi kerak boʻlgan holat emasmi?
— Hozir maʼlumotnomalar berish butunlay elektron tartibga oʻtkazilishi yuzasidan ishlar olib borilmoqda, bu esa Davlat xizmatlari markaziga murojaat etilmasligi va ortiqcha xarajat toʻlamasligini bildiradi. Maʼlumotnomani talab etayotgan idora ushbu maʼlumotni idoralararo integratsiyalashuv platformasidan oʻzi yuklab oladi.
2019-yil 1-avgustdan boshlab davlat xizmatlari koʻrsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnomalar, soliq toʻlovchining hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisida guvohnomalar, toʻlangan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining ushlab qolingan summalari toʻgʻrisida maʼlumotnomalar talab qilinishi taqiqlanadi.

— Davlat xizmatlari agentligida faoliyat yuritayotgan xodim qaysi oliygohni tugatgan boʻlishi kerak?
— Davlat xizmatlari agentligi tizimiga ishga kirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining “Adliya organlari va muassasalarida kadrlar bilan ishlash tartibi toʻgʻrisida”gi buyrugʻi bilan tasdiqlangan Nizomga asosan, Davlat xizmatlari agentligi rasmiy veb-sayti orqali boʻsh ish oʻrinlarga berilgan eʼlonga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi. Davlat xizmatlari markazlariga huquqshunoslik, moliya, iqtisod, arxitektura va qurilish yoʻnalishi buyicha maʼlumotga ega mutaxassislar ishga olinadi. Bundan tashqari, tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlariga oʻrta-maxsus maʼlumotga ega mutaxassislar (Call-sentr) aloqa operatori lavozimiga belgilangan tartibda ishga qabul qilinishi mumkin.

— Joriy yildan oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshiruvchi abituriyentlar uchun ancha qulay sharoitlar yaratilyapti. Bu borada DXA tomonidan qanday chora-tadbirlar koʻrilmoqda?
— Davlat xizmatlari agentligi tomonidan bu yilgi oʻquv yilida OTM ga oʻqish uchun hujjat topshirish yangi tartibi yuzasidan hukumat qarori loyihasi tayyorlangan boʻlib, unda quyidagilar aks etgan:
1. 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali murojaat qilish imkoniga ega.
2. Xorijiy, xususiy hamda harbiy oliy taʼlim muassasalariga, oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga hamda oliy taʼlim muassasalari maxsus sirtqi taʼlim shakllariga oʻqishga kirish uchun abituriyentlar, shuningdek xorijiy fuqarolar bevosita Oliy taʼlim muassasasi oʻziga hujjat topshiradi.
3. Abituriyentlar ularning doimiy (vaqtincha) roʻyxatda turgan joyidan qatʼiy nazar, eksterritorial tamoyil asosida istalgan Davlat xizmatlari markaziga kechayu-kunduz murojaat qilishi mumkin.
4. Oldingi oʻquv yillari bitiruvchilari faqat 1 maydan 20 iyungacha (shu kuni ham) hujjat topshirishlari mumkin.
Joriy oʻquv yili bitiruvchilari esa 21 iyundan 10 iyulgacha (shu kuni ham) topishirish imkoniga ega.
5. Davlat xizmatlari markaziga quyidagi hujjatlarning asl nusxasi taqdim etiladi:
- fuqarolik pasporti (mavjud boʻlmasa ichki ishlar boʻlimlari tomonidan berilgan 09-shakl boʻyicha jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqamini koʻrsatgan holda maʼlumotnoma);
- pasport yoshiga yetmaganlar uchun tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma;
- fuqarolik pasporti (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma);
- umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat (ilovasi bilan);
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat.
6. Abituriyent bir vaqtning oʻzida oʻqitishning bir shakli doirasida uchtagacha oliy taʼlim muassasasi (taʼlim yoʻnalishlari)ni tanlashi mumkin. Bir nechta oliy taʼlim muassasasi (taʼlim yoʻnalishlari)ni tanlashda imtihon topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi mos boʻlishi shart.
7. Abituriyent imtihon natijalariga koʻra oliy taʼlim muassasasiga qabul qilingan taqdirda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda koʻrsatilgan hujjatlarning asl nusxalarini tegishli oliy taʼlim muassasalariga oʻquv yili boshlangunga qadar taqdim etadi.
Bularning barchasi albatta fuqarolarimizga yanada qulaylik yaratish, ularning vaqti va naqdini tejash, ortiqcha sarson boʻlib yurishlarining oldini olishga xizmat qiladi, deb oʻylaymiz.

Nilufar Murodova suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DXA tomonidan “fleshka” qay tartibda beriladi? (2-qism)