20:46 / 01.05.2019
5 918

Oshkora qotillik: O‘zbekning joni shunchalik arzonmi?

Oshkora qotillik: O‘zbekning joni shunchalik arzonmi?
Kecha Rossiyaning Tula oblastida o‘zbekistonlik ayolning barchaning ko‘z oldida pichoqlab o‘ldirilishini ko‘rdim. Yuragim achishib ketdi. Qo‘lingizga nina sanchib ko‘ring, tig‘ azobini his etish uchun. U ayolni – bola-chaqasini boqaman deb minglab kilometrda muhojirlikda yurgan nozik jins vakilasini hammaning ko‘z o‘ngida vahshiylarcha pichoqlashdi. Hech kim yordamga shoshilmadi.

Ayolning o‘rniga kavkazlik biror-bir millat vakilasining o‘ldirilishini tasavvur eta olasizmi? Men tasavvur etolmadim. Vatandoshlari qotilni tutib samosud qilishini osongina tasavvur qildim. O‘zbekistonliklarni esa garov o‘ynab ham o‘ldira oladigan xalqqa aylandik. Nega? Chunki hech kimning ishi yo‘q? Surishtirmaydi, da’vo qilmaydi. Deputatlari muhokama qilmaydi, munosabat bildirmaydi. Hukumati “bizning ixtiyorimizga topshir, o‘zimiz jazolaymiz” deya talab qilib chiqmaydi. Odamlar... Odamlar esa nari borsa, Xudo jazosini bersin, deya ojizgina qarg‘ab qo‘yadi. Kuchi shunga yetgach, nima qilsin..

Bu vahshiylik pikabu.ru saytida muhokama qilindi. Foydalanuvchilar “ujas” deb munosabat bildirdi. “7 yilga kesiladi, 3,5 yilda chiqadi” deyishdi kinoya qilib. Uch bolani boqayotgan onani kuppa-kunduz kuni pichoqlagan vahshiy sanoqli yil o‘tirib qaytadi. “Adolat himoyachilari”ning nazdida shu jazo yetarli.

Muhojirlarimizning aytishicha, Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekistonga deyarli har bir samolyot bortida tobut bilan uchadi. O‘zbekistonliklarning o‘ligi kelyapti, tushunyapsizmi? Afg‘on urushi halok bo‘lganlar sonidan bir necha karra oshib ketdi mehnat muhojirlarining o‘limi. Bizning ko‘zimiz qachon ochiladi?

Tuladan ham bir samolyot bortida 34 yashar ayolning jasadi bilan uchib kelyapti. Unga esa 3 nafar norasida bola bo‘zlagancha, qarab qoldi. “Ayajon” deb alyumin tobutga ergashib yig‘lagancha chopgandir, ehtimol. Ularning ko‘z yoshi bizni uyg‘otmaydimi? Begona bir yurtda nohaq o‘ldirilgan bir vatandoshiga joni achishib namoyish o‘tkazadigan ajnabiylarga havas qilaman men. Uzr.. videoni ko‘rib ko‘nglimga kelganlari bular.

Shoir yozgandi: “O‘zbekning jonidan arzon narsa yo‘q”.
Alisher Aziz

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oshkora qotillik: O‘zbekning joni shunchalik arzonmi?