date
views 3 541

O‘zbekistonda malakasini oshirmagan haydovchilarga jarima solinadi

O‘zbekistonda malakasini oshirmagan haydovchilarga jarima solinadi
Foto: «Norma» axborot-huquqiy portali
O‘zbekistonda MJTKning 135-moddasiga («Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi») qo‘shimcha kiritildi. Bu haqda «Norma» axborot-huquqiy portali xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil sentyabrdan majburiy ravishda haydovchilarning malakasini oshirish jarayoni joriy etila boshlagan (VMning 4.09.2017 yildagi 693-son qaroriga qarang). So‘ng u tatbiq etiladigan shaxslar ro‘yxati va haydovchilarning malakasini oshirish huquqi berilgan sub’ektlar doirasi o‘zgardi.

Natijada ayni paytga kelib:

a) quyidagi shaxslar 2 yilda 1 marta malaka oshirishlari shart:
- yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqaruvchi shaxslar, qisqa muddatli ijara (prokat) va lizing asosida avtomobilni boshqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va boshqa jismoniy shaxslar bundan mustasno;
- avtotransport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxslar;
b) istalgan davlat (ro‘yxatdan o‘tkazilgan) va nodavlat (litsenziyaga ega) ta’lim muassasalari haydovchilarning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshirishi mumkin.

Haydovchilarning yonida malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risida sertifikat bo‘lishi va IIB xodimlari tekshirgan paytda uni taqdim etish majburiyati Yo‘l harakati qoidalarida mustahkamlanganiga qaramay, u yonida bo‘lmagani uchun javobgarlik belgilanmagan edi.

MJTKning 135-moddasiga kiritilgan tuzatish sababli vaziyat o‘zgardi. Yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilarining, shu jumladan, yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati yonida bo‘lmaganligi uchun jarima solinadi. Buning uchun sanksiya 1 EKIHni tashkil etadi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach jarimalar qo‘llanila boshlaydi.

Bunda haydovchilik guvohnomasi olingan paytdan e’tiboran 2 yillik davrda javobgarlikka tortmaydi. Guvohnomani almashtirish yoki yo‘qolgani o‘rniga boshqasini berish hollari bundan mustasno.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda malakasini oshirmagan haydovchilarga jarima solinadi