23:28 / 09.06.2019
4 215

«Biz faqatgina sinov (vositasi)miz, (bizga ishonib) kofir bo‘lib qolma!»

«Biz faqatgina sinov (vositasi)miz, (bizga ishonib) kofir bo‘lib qolma!»
Folbinlarning so‘zi bilan bugun ko‘plab razil illatlar namoyon bo‘lmoqda. Odamlarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solgan, ikki qo‘shnini bir-biriga dushman, farzandni otaga qarshi qayragan ham ulardir. Bir safar bir ayol boshiga tushgan tashvishlardan shikoyat qilib masjidga keldi. Farzandining oilasi buzilish arafasida ekanligi bois, unga bir bashoratchi folbinni tavsiya qilishibdi (folbinning manzilini sir tutdi).

Hikoyasini u folbinning eshigi oldida bir soatdan ortiq navbat kutdim, deya boshladi. Navbatim yetgach, kirishga ruxsat berishdi. Ko‘rsatilgan xonaga qadam tashlashim bilan yuragim orqaga tortdi. Qorong‘i xonada sham yorug‘ida qora libosga o‘rangan folbin, uning o‘ng va chap tarafida ilon, allambalo narsalar bor edi. U mendan dardimni so‘radi. Aytgan edim, u biroz o‘ylanib turib: “Qizingizning oldini falonchi qo‘shningiz bog‘lagan, qabrga suratini o‘qib ko‘mgan, yetti qabrning tuprog‘iga dam solib, uyingiz oldiga sochgan. Endi qaytariq qilib, emlamasak, bir-ikki yilda qizingizdan ajrab qolishingiz mumkin”, dedi...

Payg‘ambarimiz alayhissalom; fol ochuvchi, ya’ni go‘yo g‘aybdan xabar beruvchilarni bizdan emas, deganlar. Odamlar o‘rtasini buzib, pul evaziga har qanday odamni baxtsiz bo‘lishi uchun sehr-jodu, qiluvchi, yolg‘ondan bashorat beruvchi, duoxon kabi fol bilan shug‘ullanuvchi kimsalar ham dindan chiqadi. Bu kabilarning oldiga borganlar, ularning aytganlarini bajarganlarning ham e’tiqodiga putur yetadi.

Alloh taolo folbin, azayimxonlik va sehr ulkan gunoh ekanligi to‘g‘risida bunday ogohlantiradi: Yana, (ular) Sulaymon podshohligidagi shaytonlar (jinlar) o‘qiydigan narsalarga ergashib ketdilar. Sulaymon kofir bo‘lmadi, lekin odamlarga sehr (jodu)ni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni o‘rgatadigan shaytonlar kofir bo‘ldilar*. (U ikki farishta): «biz faqatgina sinov (vositasi)miz, (bizga ishonib) kofir bo‘lib qolma!», – deb (ogohlantirmaguncha) hech kimga (sehrni) o‘rgatmas edilar.

Ikkisidan er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsani o‘rganar edilar. Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar. (Xullas) o‘zlariga foydasi yo‘q, balki zararli narsalarni ta’lim olar edilar. Uni (Alloh kitobini sehrga) almashganlarga oxiratda nasiba yo‘qligini ham yaxshi bilar edilar. O‘z (nasiba)larini qanchalik yomon narsaga sotib yuborganlarini bilsalar edi! (Baqara surasi, 102-oyat).

Manbalarda, folbinlik va sehrgarlikni kichik shirk, deyilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim folbin yoki sehrgarga borib, uning aytganlarini tasdiqlasa, Muhammad(s.a.v.)ga nozil bo‘lgan narsaga kufr keltiribdi", deganlar. Demak, mo‘min inson yuqorida aytilgan kimsalarning oldiga borib, ularni tasdiqlasa, Qur’onga kufr keltirgan bo‘ladi. Kufr keltirishning oqibatini hammamiz yaxshi bilamiz. Alloh asrasin.

Ayni zamonda turli film, multfilmlarda sehrgarlar to‘g‘risida bo‘rttirib ko‘rsatiladi. Uni ko‘rgan bolalar yoshligidan sehrgar bo‘lishga qiziqadi. Bu ham jamiyat uchun xavflidir. Ba’zilar o‘zlarini bashoratchi qilib ko‘rsatish maqsadida bir guruh tuzadi. Ulardan bittasi bir kishining molini o‘g‘irlaydi va yashirib qo‘yadi. Tashvishga tushib molini qidirib topolmayotgan kishiga ikkinchisi boradi va falon folbinga borsang molingni topib beradi, deydi.

Uchinchisi, folbinga kelayotgan odamni xabarini beradi. Shu tariqa mol topiladi. Folbinning obro‘yi oshib boraveradi. Yana boshqasi kasal ko‘rgani boradi. Boshqa bir guruh a’zosi uni dardini yaxshilab o‘rganadi va kasalni falonchi duoxonga olib boring, deydi. Undan xabar topgan azayimxon nimadan kasal bo‘lgani va nimalar qilish kerakligini g‘aybdan bilgandek aytaveradi. Qarabsizki, duoxonning obro‘yi oshadi. Afsuski, bu kabi yolg‘on, firib yo‘li bilan mol to‘playotganlar oxiratda alamli azobni sotib olayotganidan bexabardir.
«Koh ota buzruk» jome masjidi
imom noibi Abduvohid O‘ROZOV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Biz faqatgina sinov (vositasi)miz, (bizga ishonib) kofir bo‘lib qolma!»