
Foto: XINHUA WU. Yog‘och isiriqdon ichida nasha qoldiqlari saqlangan
Dunyoda odamlar kayf uchun chekkan eng qadimiy nasha qoldig‘i Xitoy g‘arbida, to‘g‘rirog‘i, Pomir tog‘ida topildi.
Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, bundan 2 yarim ming yil oldin ham Markaziy Osiyoda odamlar uni ilohiy chekimlik sifatida iste’mol qilganlar.
Bangivor modda qoldiqlari mintaqadagi qadimiy qabrlardan topilgan. Mayit yonida nasha tutatilgan isiriqdon ham qo‘yib ko‘milgan.
Xullas, mintaqalik odamlar bir necha ming yil oldin nashaning ta’mi va ta’sirini bilishgan.
To‘g‘ri, Sharqiy Osiyoda 4 ming yil muqaddam ham nasha urug‘ini olishgan. Ammo bu nasha o‘simligida insonni bangi qiluvchi va kayf beruvchi xususiyat juda zaif bo‘lgan.
Biroq Pomir tog‘idagi Jirzankal qabristonida topilgan nasha qoldiqlari boshqacha maqsadda ishlatilgan.
Odamlar nasha barglarini qizigan toshlar ustiga tashlab tutatishgan va tutunidan simirib, kayf olishgan, g‘am-anduhni unutganlar.
Markaziy Osiyo tog‘lari, xususan, Pomir juda balandligi tufayli bu yerda o‘sgan nasha tarkibida kayf beruvchi tetragidrokannabinol moddasi ko‘p bo‘lgan.
Chunki havo harorati past, oziqlanish imkonlari kam bo‘lgani sababli o‘simlik tabiiy ravishda ko‘proq tetragidrokannabinol ishlab chiqargan.
Shu sababli odamlar yovvoyi nashadan voz kechib, kayf beruvchi xususiyati kuchli navini ekishgan.
Pomirdagi qabrlarda topilgan nasha qoldiqlari ushbu o‘simlik ilk bora Markaziy Osiyoda kayf olish, ruhiy yoki jismoniy tinchlanish uchun chekilganini ko‘rsatadi.
Odamlar yaqinlari vafot etganda, ta’ziya marosimida birgalashib nasha chekkanlar.
Qadimiy nasha qanday aniqlandi?
Olimlar gazli xromato-mass-spektrometriya usulini qo‘llab, isiriqdonda saqlangan moddani ajratib olishgan va tarkibini o‘rganishgan.
Bu moddaning kimyoviy tarkibi esa nashaning kimyoviy tarkibi bilan bir xil bo‘lib chiqqan.
Ilgariroq shimolda, xususan, Sharqiy Turkistonda va Oltoy tog‘idagi qabrlarda ham nasha qoldiqlari topilgandi.
Eng ajablanarlisi, ayni qabrlardagi odamlaring suyak tarkibi tekshirilganda, ular bu mintaqada voyaga yetmagani, balki boshqa yerdan kelgani aniqlangan.
Germaniyadagi Insoniyat tarixini o‘rganish ilmiy markazi rahbari Nikol Bovinga ko‘ra dunyoda nashani psixotrop modda sifatida qo‘llagan birinchi odamlar – Markaziy Osiyodagi tog‘li aholi.
"Nasha keyin Markaziy Osiyodan dunyoning boshqa hududlarida tarqagan", – dedi Bovin xonim.
Manba: Minbar.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing