16:20 / 29.06.2019
3 964

Ortiqxo‘jayev: Ikki xodimim kechgacha ikki tashkilot eshigi oldida sarg‘ayib turadi

Ortiqxo‘jayev: Ikki xodimim kechgacha ikki tashkilot eshigi oldida sarg‘ayib turadi
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, hokimlikda tashkil etilgan OAV vakillari bilan uchrashuvda, ayrim masalalar mohiyati, mantig‘ini tushuna olmayotganini bildirdi. U Kun.uz muxbirining savoliga javoban, byudjet daromadlarining orttirib bajarilgan qismining 10 foizi xususida shaharliklarga xabar berilishini ma’lum qilib, byudjetga pul berib, davlat dasturlari ijrosi uchun uning bir qismini olish muammo bo‘layotganini aytdi.

«Bir yili ikki oydan beri hokim sifatida ishlayapman. Ammo tushunmayotgan narsalarim juda ko‘p. Toshkent shahri respublika byudjetining 25 foizi, ya’ni to‘rtdan birini beradi. Bu 20 trln so‘m. Mening hokim bo‘lib tushunmagan narsam shuki, Prezident tashriflari chog‘ida dasturlar ishlab chiqiladi, protokollar tuziladi.

Hokimlikni birorta korxona yoki tashkilotga qiyoslasak, shu korxona rahbari dasturdagi ishlarni bajarishga kerak bo‘ladigan pulni olish uchun pul beruvchining eshigiga borib yalinishi kerak. Bu qanday mantiqqa to‘g‘ri kelishini tushunmayapman.

Men biznesdan chiqqanman. Ko‘p fabrikalarimiz bo‘lardi. Ertalab ishimni kattaroq daromad berayotgan fabrikadan boshlardim. Kirib, «ey do‘stim, janob falonchi, yanada ko‘proq daromad olishimiz uchun bizdan qanday yordam kerak, nima qilishimiz, qancha investitsiya tikishimiz kerak», deb yigitlardan iltimos qilardim. Bu yerda ham pul berarkansan, ham dasturga kirgan pulning 1/6 qismini olish uchun ertalabdan kechgacha sarg‘ayib o‘tirar ekansan, iltimos qilib. Mana shu masalaning mantig‘ini hamon tushunganim yo‘q.

Men to‘g‘risini aytaman, 1 mlrd so‘m soliq to‘laganni oldiga borib, rahmat senga deb, televizor yoki shirinlikmi, sovg‘a qilib, xabar olib kelyapmiz. Biz soliqlarni yig‘ib beramiz, respublika dasturiga, Prezidentimizning dasturiga kirgan 1/6 qism pulimizni olish uchun ikkita odamim ertalabdan kechgacha, eshigining tagida sarg‘ayib o‘tiradi: iltimos, bergan pulimizdan dasturga kirgan vazifalarni bajarishimiz uchun pul bering deb.

Biz axir qon so‘ruvchi emas, qon beruvchimiz. Biz borib yalinishimiz kerakmi, dasturga tushganlarga pul bergin, deb yoki ularmi? Men hech kimning yalinishini xohlamayman. Ammo, o‘z pulingni olishing uchun, eshik tagida sarg‘ayib, akajon, sizning qachon vaqtingiz bo‘ladi, qachon qabulingizga kirsam bo‘ladi? Maktab qurish kerak, bog‘cha qurish kerak. Dizelga pulimiz yo‘q, ertaga ertalab transport yo‘lga chiqmaydi. Shifoxonamizda oddiy analgin-dimedrolga pulimiz qolmagan. Ham pul beramiz, ham yalinamiz.

Biz ularning eshigi tagidan ish boshlashimiz kerakmi, yoki ular bizning eshigimiz tagidan ish boshlashi kerakmi, bilmadim. Men bu gaplarim uchun gap eshitsam kerak. Lekin, bu masalani ochiqchasiga tartibga tushirmasak, men tushunmayapman. Investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarim ham, moliya boshqarmasi rosa gap eshitishini ham bilaman, rahbariyatlaridan», - dedi Ortiqqxo‘jayev.

U mazkur fikrlarni bildirar ekan, OAV vakillariga murojaat qilib, 20 trln so‘mdan atigi 3,5 trln so‘mni qaytarib olamiz, ammo shuni olish uchun ertalabdan kechgacha sarg‘ayib turish mantiqqa to‘g‘ri keladimi, degan savol bilan javob qaytardi.

U yanglish fikrlayotgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlar ekan, hokimliklarning soliq yig‘ishga manfaati bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Ortiqxo‘jayevga ko‘ra, vaqti o‘tishi bilan bu masala mohiyatini ham tushunib olar, ammo haqiqatni, bor gapni aytgani uchun tanbeh eshitishi ehtimolini yashirmadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ortiqxo‘jayev: Ikki xodimim kechgacha ikki tashkilot eshigi oldida sarg‘ayib turadi