17:37 / 29.08.2019
3 103

Afv etilgan sobiq «Hizb ut-Tahrir» a’zosi: «Nimalarni boy berganimni yana bir karra his qildim»

Afv etilgan sobiq «Hizb ut-Tahrir» a’zosi: «Nimalarni boy berganimni yana bir karra his qildim»
Foto: O‘zA
O‘zA afv etilgan sobiq «Hizb ut-Tahrir» a’zosi haqida maqola chop etdi. Unda 2019 yil 27 avgustdagi «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmoni bilan afv etilgan 65 nafar fuqaroning biri haqida so‘z borgan. Quyida ushbu maqola to‘lig‘icha havola etildi.

Yigirma yoshli yigit garchi voyaga yetgan bo‘lsa ham u hali hayotda oq va qorani ajratadigan darajada mustaqil shaxsga aylanmagan bo‘ladi.

O‘shanda andijonlik Hasanboy ham aynan shu yoshda edi. Bolaligidan otasi namoz o‘qishni o‘rgatgani bois dinga e’tiqodi baland edi. Uning shu xususiyatidan boshqa maqsadda foydalanishni niyat qilgan shaxslar uni o‘z davrasiga chaqirishdi. Bu O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan diniy-ekstremistik ruhdagi «Hizb ut-Tahrir» tashkilotining kichik bir yacheykasi edi. Bu yerda din haqida chiroyli gaplar aytilgani yigitchani tezda o‘ziga rom qildi.

Turli oqimlar haqida hech qanday tushunchaga ega bo‘lmagan Hasanboy kirgan yo‘lini to‘g‘ri, deb o‘ylardi. Yon-atrofda bo‘layotgan boshqa ishlar dinga xilofligini uqtirishgach, uning jamiyatga, davlatga munosabati o‘zgardi.

«2000 yil arafasida O‘zbekistonda saylovga tayyorgarlik ko‘rilayotgan edi, — deydi H.Toshboyev — Biz shu saylovga qarshi chiqishga qaratilgan chaqiriqlar yozilgan varaqalarni tarqatardik. Shunday kunlarning birida qo‘lga tushib qoldim. Uzoq yilga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsam ham zarracha afsuslanmasdim, o‘zimni go‘yoki din yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan ‘qahramon’, deb o‘ylardim. Ammo qilmishimning dinga mutlaqo aloqasi yo‘qligini, yigit umrim panjara ortida uvol bo‘lishini, ‘Hizb ut-Tahrir’ yo‘li xato yo‘l ekanini juda kech angladim».

Inson erki cheklanuvchi panjara ortida yillar o‘tar ekan goh Qarshi, goh Navoiydagi qamoqxonalarda o‘tirib, yigitning ko‘zi baribir ochildi. Andijondagi voyaga yetgan so‘lim ota hovlisi har kuni ko‘zidan ming bor o‘tar ekan, afsus-nadomati gohida yeru ko‘kka sig‘masdi. Yo‘qlab kelguvchi otasi vafot etgach, ona yurtdan kelguvchi umid sabosi ham to‘xtadi.

Hali qirqqa kirmay hayotdan umidini uzgan Hasanboy Toshboyevga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida afv etishga oid farmoni e’lon qilingani, unda uning o‘zi ham borligi yana bir umid berdi. Bu umid uning keyingi hayot yo‘lini yoritsa, qolgan umrini halol yashash, oila qurish, farzand ko‘rish, yaqinlari, do‘stlari qurshovida ko‘ngli obod bo‘lib yashashga yo‘l ochgan bo‘lsa ajab emas.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 27 avgustdagi «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmoni bilan afv etilgan 65 nafar fuqaro orasida H.Toshboyev ham bor edi. Farmon ijrosi shu kunning o‘zida ta’minlanib, qahramonimiz ham ona yurtiga yo‘l oldi.

Andijonning Qorasuv shahridagi ota hovlisiga kirib borar ekan, Hasanboyni aka-ukalari, opalari, do‘stlari ko‘zda yosh bilan qarshi olishdi. Bolaligidan ko‘ngli toza, mehnatkash, odamlarning ko‘ngliga tez yo‘l topa oladigan o‘sha beg‘ubor yigitchani oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa ham unutib yuborishmagan edi.

«Prezidentimizning meni kechirib, imkon berganidan bir suyungan bo‘lsam, yaqinlarimning iliq munosabati ham ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi», — deydi H.Toshboyev. — Ayniqsa, tengqur jo‘ralarim bilan tonggacha suhbatlashdik. Ularning oilalari, voyaga yetib qolgan farzandlariga juda havas qildim. Nimalarni boy berganimni yana bir karra his qildim. Hayotning mazmun-mohiyati mana nimada ekan, dedim o‘zimga-o‘zim. Yaxshiyamki, bolaligimdan ota-onam turli hunarlar o‘rganishimga sharoit yaratgan. Yog‘och o‘ymakorligining murakkab usullari bilan bir qatorda qurilish-ta’mirlash ishlaridan ham yaxshi xabarim bor. Tezda ishga kirishaman, hayotimni izga solaman, degan niyatdaman».

Mulohazali, odob bilan so‘zlayotgan bu insondagi qat’iyat endi uning to‘g‘ri yo‘ldan ketishiga ko‘maklashadi, shubhasiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Afv etilgan sobiq «Hizb ut-Tahrir» a’zosi: «Nimalarni boy berganimni yana bir karra his qildim»