00:03 / 10.09.2019
8 291

Guli xonim Shayx Samarqandda o‘tgan bolaligi va Londondagi hayoti haqida

Guli xonim Shayx Samarqandda o‘tgan bolaligi va Londondagi hayoti haqida
Multimillioner va lord, Konservativ musulmon forumi asoschisi, baron va Buyuk Britaniya Lordlar palatasining umrbod a’zosi bo‘lgan Lord Muhammad Iltaf Shayxga turmushga chiqqan asli samarqandlik 34 yoshli Guli xonim Shayx «Daryo»ga intervyu berdi. Intervyuda Guli xonim Shayx Samarqandda o‘tgan bolaligi, Londondagi hayotining dastlabki yillari, hozirda qanday ishlar bilan mashg‘ulligi hamda kelgusidagi rejalari haqida so‘zlab berdi.

«Bolaligimdan biznes bilan shug‘ullanishga qiziqardim»
Ko‘chamizda darvozasining oldida pista, qurt va shirinliklar sotadigan qo‘shnimiz bo‘lardi. Onamning aytishicha, men ularga biz ham biron narsa sotaylik der ekanman (kuladi). Ko‘p bolali oila bo‘lganimiz uchun otam pista, shirinliklarni qoplab olib kelardilar. Bir kun men ham darvozamiz oldiga stol olib chiqib, otam olib kelgan narsalardan terib qo‘yib, o‘tgan-ketganlarni savdo qilishga chaqirgan ekanman.

Yana onam uyimizdan piyoda yurganda yarim soatlik masofada joylashgan bog‘chadan 4-5 yoshimda qanday qochib ketganimni ham so‘zlab beradilar. Meni yo‘lda qo‘shnimiz ko‘rib qolib, uyimizga olib kelgan ekan. Bir so‘z bilan aytganda bolaligimda juda sho‘x qiz bo‘lganman.


«Londonga borganimda ingliz tilini deyarli bilmasdim»
Samarqand tibbiyot kollejini bitirsam-da, o‘qishga, biznesga bo‘lgan qiziqish meni ta’lim olishni davom ettirishga undardi. Shunday qilib, Londonga ketdim. Katta shahar, hech kimni tanimayman, buning ustiga ingliz tilini ham deyarli bilmayman. Ammo muhit insonni tez tarbiyalab qo‘yarkan. Har kuni ingliz tilidagi muloqotlarni eshitaverganingizdan keyin tilni ham o‘rganib ketarkansiz. Londonda yetakchilik va menejment yo‘nalishida bakalavr darajasini qo‘lga kiritdim.

Hozir fikrimni ingliz tilida ifodalash, shu tilda so‘zlashish men uchun qulay. Lekin albatta, o‘zbek tilini ham unutganim yo‘q. Qarindoshlarim, yaqinlarim bilan ona tilimizda so‘zlashaman.

Ba’zan ayrim insonlarning ingliz tilini o‘rganishga hafsala qilmayotganini yoki «qiyin ekan» deb tashlab qo‘yganiga guvoh bo‘lsam, ularga bunday qilish noto‘g‘ri ekanligini tushuntirgim keladi. Yoki ba’zilar endi men xorijiy tilni o‘rganish uchun kech qoldim, deb hisoblaydi. Bu fikr ham noto‘g‘ri. Ilm olishga hech qachon kech bo‘lmaydi. Shu o‘rinda men 70 dan ortiq xorijiy tilni bilgan bobomiz Forobiyni yoki sanoqsiz hadislarni yoddan bilgan Al-Buxoriyni misol qilib ko‘rsatgim keladi. Insonda harakat, intilish bo‘lsa istalgan tilni o‘rganishi, istalgan bilimni egallashi mumkin.


«Yosh shunchaki raqam. U hech narsani anglatmaydi»
Angliyada o‘qib yurganimda Belgiya shokoladini sotuvchi kompaniyada ish boshqaruvchi bo‘lib ishlardim. Bizga mijozlarga har qanday vaziyatda xushmuomala bo‘lish va tabassum qilish o‘rgatilgan edi.

Lord Muhammad Iltaf Shayx do‘konimizga tez-tez kirib, shokolad xarid qilib turardi. Men boshqa xaridorlar kabi unga ham tabassum va shirin muomala bilan munosabatda bo‘lardim. Bir kuni u kishi mening qayerdan ekanligimni so‘radi. Men esa O‘zbekistonning Samarqand degan qadimiy shahridan ekanligimni aytdim. U kishi Samarqand tarixi va Amir Temur haqida juda ko‘p ma’lumotlarni bilishini aytdi hamda ushbu shaharga borishni orzu qilishini ma’lum qildi.

U kishi o‘zining lord ekanligini aytmasdan, o‘zini «Iltaf» deya tanishtirgan. Shu tariqa biz u kishi bilan turli mavzularda tez-tez suhbatlasha boshladik.

Tanishganimizga ikki oycha bo‘lganida u kishi Hajga ketdilar. O‘shanda biz ular bilan uch haftacha ko‘rishmadik. Mana shu vaqt ichida men u kishiga juda ham o‘rganib qolganimni hamda ularni sog‘inayotganimni his etdim. Keyinroq bilsam, turmush o‘rtog‘im ham aynan shunday hissiyotlarni boshdan kechirgan ekanlar. Keyin men ota-onamni ko‘rish uchun O‘zbekistonga, Samarqandga ketdim. Lord Muhammad Iltaf Shayx meni izlab, Samarqandga keldilar, ota-onamdan rozilik oldilar hamda biz turmush qurdik.

Ba’zan mendan yoshimiz o‘rtasidagi tavofut haqida so‘rashadi. Fikrimcha, yosh bu shunchaki raqam. U hech narsani anglatmaydi. Er-xotin munosabatlarida eng asosiysi o‘zaro hurmat, bir-birini tushunish.


Turmush o‘rtog‘im o‘zbek milliy taomlaridan osh va somsani sevib iste’mol qiladilar. Uyda barcha taomlarni o‘zim tayyorlayman. Lord shayx faqat mening qo‘limdan ovqatlanadilar.

Lord shayx nafaqat turmush o‘rtog‘im, balki mening eng yaqin do‘stim, maslahatgo‘yim hamdir.
Ular bilan har kuni ertalab fitness bilan shug‘ullanamiz. Dam olish kunlari albatta kino, bouling yoki shahar tashqarisiga boramiz.

O‘zbekistonlik sportchilar yoki jamoalar xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ishtirok etsa, turmush o‘rtog‘im bilan birga sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zimiz ham sportning bir nechta turlari bilan faol shug‘ullanamiz. Ot minishga, suzishga, sport avtomobillarida musobaqalashishga qiziqamiz.



«Londondagi Fashion Week’da o‘zbek hunarmadchiligi namunalarini namoyish etdim»
Londonda iyun oyida o‘tkazilgan Fashion Week haftaligida o‘zbekistonlik hunarmandlarning mahsulotlari bilan ishtirok etdim. Atlas va shoyi matolarimizdan tikilgan liboslar, o‘ymakor naqshlar bilan bezak berilgan yog‘och suvenirlar, taqinchoqlar, aksessuarlar Fashion Week ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqari, men asos solgan Silkrouteglobal kompaniyasi internet orqali O‘zbekiston hunarmandlari tomonidan tayyorlangan eksklyuziv mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanadi. Ushbu harakatlarim orqali Vatanimga xorijliklarda qiziqish uyg‘otayotganim, sayyohlar oqimi kengayishga oz bo‘lsa-da, hissa qo‘shayotganimdan g‘urur hissini tuyaman.




«Londonni Toshkentga olib keldim»
O‘zbekistonda ingliz tilini mukammal biladigan kadrlar kam. Xorijning nufuzli universitetlariga borib o‘qishni ko‘pchilik orzu qiladi, lekin hammaning ham bunga qurbi yetmaydi.

O‘zbekistonda Prezidentimiz tomonidan investorlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish maqsadida biznes boshladik.

Buyuk Britaniya universitetlarida ishlagan to‘rt nafar malakali o‘qituvchini shu yerga olib keldim. Istagim O‘zbekiston yoshlarida ingliz tilini shu tilda so‘zlashuvchi insonlardan o‘rganish imkoniyati bo‘lsin, ular o‘zlarini xorijda tahsil olayotgandek his etsin. London College of English o‘quv markazi 16 sentyabrdan ish boshlaydi. Til o‘rganishga qiziquvchi 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan hamyurtlarimizga eshigimiz ochiq.

Kelgusida ushbu markazda imkoniyati cheklangan yoshlarga bepul til o‘rganishlariga sharoit yaratib berishni rejalashtirmoqdaman.

Sevara Nishonova suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Guli xonim Shayx Samarqandda o‘tgan bolaligi va Londondagi hayoti haqida