date
views 3 316

Farzandlarimiz mutlaqo yangicha maktablarda oʻqiydi. Oʻqituvchilar yuqori stavkalarda ish haqi oladi

Farzandlarimiz mutlaqo yangicha maktablarda oʻqiydi. Oʻqituvchilar yuqori stavkalarda ish haqi oladi
Foto: Xalq taʼlimi vazirligi
Mamlakatimizda 2020-2022-yillarda “Zamonaviy maktab” loyihasi boʻyicha umumtaʼlim maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va jihozlashga 4,05 trln. soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

2019-yilning 26-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Zamonaviy maktablar”ni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorni imzoladi.

Mamlakatimiz rahbari oʻquvchi-yoshlarning sifatli taʼlim-tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida xalqaro talablarga muvofiq ilgʻor arxitektura yechimlari va energiya tejaydigan texnologiyalar asosida qurilib jihozlangan “Zamonaviy maktablar”ni tashkil etishni maʼqulladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga 2020-yilning 1-martiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda xorijiy tajriba va mamlakatning tabiiy iqlim sharoitlariga mos, ekologik toza materiallar va energiyaning muqobil manbalari, energiya tejovchi hamda ilgʻor texnologiyalar va muhandislik yechimlarini qoʻllashni nazarda tutuvchi “Zamonaviy maktablar”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Shuningdek, 2020-yil 1-martga qadar umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini zamonaviy mebel va jihozlar, oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, oʻquv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia hamda video-kuzatuv vositalari bilan jihozlashning yangi meʼyorlarini ishlab chiqish tasdiqlandi.

2020-yil 1-martdan boshlab davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash, moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, “Zamonaviy maktablar”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalari va jihozlash meʼyorlari asosida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, Prezident “Zamonaviy maktablar”larga qoʻyiladigan talablarni, shu jumladan, mazkur maktablarning darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar, badiiy va boshqa adabiyotlar bilan taʼminlanganlik darajasiga, oʻquv-tarbiya jarayoniga hamda darsdan tashqari faoliyatiga hamda rahbar va pedagog kadrlariga qoʻyiladigan talablar, shuningdek darsdan tashqari tadbirlarga talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida koʻrsatma berdi. Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Zamonaviy maktablar” talablariga asoslanib, umumtaʼlim maktablarini baholash mezonini yaratish boʻyicha ishlar olib boriladi.

“Zamonaviy maktablar”ga qoʻyiladigan talablarga mos keladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga tegishli darajadagi muvofiqlik sertifikati beriladi.
“Zamonaviy maktablar” muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining rahbar va oʻqituvchilariga ish haqi hamda moddiy ragʻbatlantirishning yuqori stavkalari qoʻllaniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillarini jalb qilgan holda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini “Zamonaviy maktablar” talablari asosida baholab, muvofiqlik sertifikatlarini beradi.

Markaz “Zamonaviy maktablar” talablari asosida baholash boʻyicha umumiy oʻrta taʼlim muassasalari reytingini aniqlashning elektron platformasini ishga tushiradi.
Markaz mutaxassislari umumiy oʻrta taʼlim maktablarni zamonaviy maktab talablariga muvofiqlashtirish boʻyicha takliflar ham ishlab chiqadi.

Qurilish-taʼmirlash ishlarining sifatini Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Oʻquv taʼlim-taʼminot” Davlat unitar korxonasi taʼminlaydi. Shuningdek, yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan hamda mukammal taʼmirlanadigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini jihozlash va kapital taʼmirlash boʻyicha loyihalash va qurilish ishlari sifatini nazorat qiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli viloyatlar hokimliklari huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun loyihalarning “Injiniring kompaniyasi” DUK texnik topshirigʻi asosida ishlab chiqilishi va kelishilishini hamda loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish boʻyicha “Injiniring kompaniyasi” DUK bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilishini taʼminlaydi.

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida sifatsiz bajarilgan, belgilangan texnik talablarga mos kelmagan holda bajarilgan hamda ortiqcha hajmda koʻrsatilgan qurilish-montaj ishlari boʻyicha undirilgan summalarning 90 foizi tegishli obyektlardagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun boʻysunuviga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalarining maxsus shaxsiy gʻazna hisob varaqalariga, 10 foizi esa “Injiniring kompaniyasi” DUKning maxsus hisob raqamiga, xodimlarni ragʻbatlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash tadbirlariga yoʻnaltiriladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farzandlarimiz mutlaqo yangicha maktablarda oʻqiydi. Oʻqituvchilar yuqori stavkalarda ish haqi oladi