11:16 / 29.11.2019
2 362

Adliya vazirligi MDH Adliya vazirlari kengashi yig‘ilishida ilk bor to‘laqonli a’zo sifatida ishtirok etdi

Adliya vazirligi MDH Adliya vazirlari kengashi yig‘ilishida ilk bor to‘laqonli a’zo sifatida ishtirok etdi
Joriy yilning 27 noyabr kuni Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Adliya vazirlari kengashining 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov ilk bor to‘laqonli a’zo sifatida ishtirok etdi. Yig‘ilish kun tartibidan aholiga davlat (ma’muriy) xizmatlari ko‘rsatish mexanizmlari, fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashda vazirliklar rolini oshirish kabi masalalar o‘rin oldi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Adliya vazirlari kengashi raisi, Belarus adliya vaziri Oleg Slijevskiy O‘zbekiston tomoni o‘zini mintaqadagi eng faol mamlakat sifatida namoyon etgani, O‘zbekistonning Kengashga a’zo bo‘lgani uni rivojlantirishga yangi sur’at va turtki bag‘ishlashini qayd etib o‘tdi.

Ruslanbek Davletov O‘zbekistonda huquq va adliya sohalarida amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarish va islohotlar xususida so‘zlab berdi. Vazir yig‘ilish ishtirokchilariga fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, aholiga davlat xizmatlari va huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni geometrik progressiyada ortib borayotgani qayd etildi. Ushbu markazlar orqali 2018 yil davomida 5 mln.dan ortiq xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa (2017 yilga qaraganda 40 marta ko‘p), ushbu ko‘rsatkich 2019 yil boshida 10 mln.ga yetdi.

Adliya vaziri o‘z so‘zida ta’kidlaganidek, O‘zbekiston bepul yuridik yordamni rivojlantirish sohasida muhim qadam qo‘ydi. Joriy yilning aprel oyida ishga tushirilgan “Advice.uz” huquqiy axborot portali bunga misoldir, unda har kim onlayn tartibda bepul huquqiy maslahat olib, huquq sohasidagi turli savollarga javob olishi mumkin. Mazkur veb-resurs aholining huquqiy savodxonligini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda. Birgina olti oy davomida (joriy yilning may oyidan oktyabr oyigacha) “Advice.uz” (e-maslahat.uz) portaliga 50 mingdan ziyod foydalanuvchi kirdi, onlayn tartibida 11 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi.

“Advice.uz” (e-maslahat.uz) portalini qo‘llab-quvvatlash va doimiy takomillashtirib borish maqsadida tashkil etilgan “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti mazkur tashabbusning mantiqiy davomi bo‘ldi. Uning joylardagi bo‘linmalari aholining keng qatlamiga bepul huquqiy maslahatlarni taqdim etadi.

Adliya vazirligining O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardagi roli, avvalo, amaldagi qonunchilikda korrupsiya holatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida boshqa qonun buzilishlari uchun sharoit yaratib beruvchi “oq dog‘lar”, qoida va me’yorlarni aniqlashdan iborat ekanligi alohida qayd etildi.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaga sharoit yaratuvchi qoida va normalarni aniqlash maqsadida ularning tahlilini amalga oshirmoqda. Adliya vaziri buyrug‘i bilan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish metodikasi tasdiqlanib, uning asosida
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish amaliyotga tadbiq etildi. Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazishning institutsional asoslarini ishlab chiqmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar doirasida tez orada vazirlikda mazkur ekspertizani o‘tkazish bo‘yicha maxsus bo‘lim ochish rejalashtirilmoqda.

Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston adliya vazirlari ham o‘z mamlakatlarining yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlardagi tajribasi, mavjud muammolar va imkoniyatlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Adliya vazirlari kengashining 15-yig‘ilishini 2020 yilning ikkinchi yarim yilligida Qirg‘izistonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ma’lumot uchun: Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Adliya vazirlari kengashi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlari va Hukumat rahbarlari kengashlarining organi hisoblanib, ularning vakolatiga kiruvchi funksiya va vazifalarni bajaradi, xususan, adliya vazirliklari bilan hamkorlik qilish, MDHga a’zo davlatlar qonunchiligini uyg‘unlashtirish, a’zo davlatlarning huquqiy siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha ma’lumot almashadi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vazirligi MDH Adliya vazirlari kengashi yig‘ilishida ilk bor to‘laqonli a’zo sifatida ishtirok etdi