10:08 / 04.12.2019
3 010

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov amaldorlarga bir “muhim haqiqat”ni eslatdi

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov amaldorlarga bir “muhim haqiqat”ni eslatdi
Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov feysbukdagi sahifasida ommaviy axborot vositalari erkinligi, axborot maydonidagi fikrlar xilma-xilligini taʼminlash har qanday islohotlar muvaffaqiyatining garovidir, deb yozdi.

«Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil 22-noyabr kuni oʻtkazilgan selektor yigʻilishida ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratdi.
Albatta, mansabdor shaxslar va jurnalistlarning oʻzaro munosabatlari huquqiy va odob-axloq meʼyorlari doirasida qurilishi zarur.
Bu bugungi kunda har bir davlat idorasining ham, jamiyatimizning va fuqarolarimizning ham manfaatlariga mos keladi.

Davlat organlarining ochiqligi, xalq bilan muloqot prinsiplari dadil va chuqur demokratik oʻzgarishlarni taqozo qiladi. Bu oʻzgarishlar avvalo oʻzimizdan, birinchi navbatda esa davlat xizmatchilaridan boshlanishi kerak. Aynan, ular oʻrnak boʻlishi kerak, aksincha emas.

Har qanday jamiyatni kemiruvchi korrupsiya, tanish-bilishchilik, “qora iqtisodiyot” va boshqa shu kabi salbiy holatlarni fosh etishda OAVning roli beqiyos ekanini rad etib boʻlmaydi.

Xususan, adliya tizimi misolida olib qaraydigan boʻlsak, notariat yoki davlat xizmatlari sohasida qator qoidabuzarliklar va muammolarni hal qilishda jurnalistlar va blogerlarning katta hissasi bor.

Ushbu holat OAVning kuchli fuqarolik jamiyati qurish va tizimli muammolarni bartaraf etishdagi roli naqadar muhimligini koʻrsatib turibdi. Shunday sharoitda har bir mansabdor OAVga munosabat davlat siyosatiga munosabat ekanini chuqur anglashi lozim.

Hech qaysi davlat organi oʻz xodimlarining har qadamini toʻliq nazorat qila olmaydi. Bizning eʼtiborimizdan chetda qolayotgan muammolardan oʻz vaqtida ogoh boʻlib, ularni bartaraf etishga zudlik bilan kirishishimiz esa faoliyatimiz muvaffaqiyatining garovidir. Shunday ekan, muammolar haqida vaqtida aniq va toʻgʻri signal berib turgan jurnalistlar va boshqa jamoatchilik vakillaridan minnatdor boʻlishimiz lozim.

Biz bundan keyin ham fuqarolarimizning ogʻirini yengil qilish, ularning huquq va qonuniy manfaatlari ishonchli himoyasini taʼminlash, shuningdek, xalq bilan uzviy muloqotni yangi bosqichga olib chiqishda ommaviy axborot vositalari va boshqa jamoatchilik vakillariga suyanamiz, ular bilan hamkorlikni kuchaytiramiz», deb yozadi vazir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vaziri Ruslanbek Davletov amaldorlarga bir “muhim haqiqat”ni eslatdi