
EastFruit tahlilchilarining ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonga Erondan yangi olma ulgurji bozorga kela boshlagan. Sifati ancha yaxshi bo‘lgan eron olmasining mayda ulgurji narxi 10 ming so‘mdan oshmaydi. Ammo o‘zbek olmasini sotuvchilar narx oshishini kutib bozorga chiqarmay turibdilar.
Yirik eron olmalari xalqaro tashuvlar uchun noqulay bo‘lgan plastik qutilarga joylangan bo‘lsa-da, nisbatan yaqin masofa olmalar sifatiga ta’sir etmagan. Olma importi bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek tadbirkorlari narxi qimmat, sotilishi tez, yirik "Golden Delishez" navli olmalarni olib kelish niyatidalar.
BMTning oziq-ovqatlar va qishloq xo‘jalik tashkilotining xalqaro maslahatchisi Baxtiyor Abduvohidovning fikricha, Xitoydan ham arzon narxdagi “Golden Delishez” olmalari kirib kelmoqda, shuningdek, xitoyliklarning Fudji olmasi ham O‘zbekiston bozorlarida mavjud.
Rossiya Xitoy olmalariga taqiq qo‘ygani, 2019 yilda Xitoyda olma hosili serhosil bo‘lgani mevalarning O‘zbekistonga arzon narxda kelishiga zamin yaratdi. Xitoy dunyoda olma eksporti bo‘yicha birinchi o‘rinda bo‘lsa, Eron birinchi o‘nlikdan joy olgan. Eron bir yilda 400 mingdan 600 ming tonnagacha olma eksport qilsa, Xitoyning ulushi – 1,3 million tonnaga yaqin.
Eron olmasi asosan, Iroq, Afg‘oniston, Rossiya, Turkmaniston, BAA va Pokistonga sotiladi. O‘zbek olmasining bozorimizda kamligi eronlik va xitoylik olmafurushlarga qo‘l kelmoqda.
Muzxonalarimizda o‘z soatini kutib yotgan olmalar egalariga katta foyda keltiradimi, yo‘qmi, bu hali noma’lum. Chunki hozirgi narxlar nafaqat Eron va Xitoy, balki Polsha va Moldaviya kabi davlatlar olma eksportchilarini ham qoniqtiradi. Olmaning narxi ikki dollargacha ko‘tariladi, deb kutib yotgan savdogarlarimizning orzusi amalga oshmay qolishi ham mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar