11:54 / 31.01.2020
4 045

Sherzod Qudratxo‘jayev koronavirusga davo topilmayotgani haqida fikr bildirdi

Sherzod Qudratxo‘jayev koronavirusga davo topilmayotgani haqida fikr bildirdi
Foto: Xalqaro press klub
Xalqaro press-klub raisi va Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘jayev O‘zA nashrida Xitoyda tarqalgan koronavirus atrofidagi mish-mishlarga munosabatini bildirdi.

- Dunyodagi barcha mavjud narsalar nisbiy va ular Yaratganning qo‘lida... Mana, biz XXI asr, 5G, «internet chegarasizligi», Marsni zabt etish va hattoki inson genomasining tahriri haqida gapiryapmiz. Maqtanamiz, kibrlanamiz, g‘o‘ddayamiz, xom sut emgan bandalar o‘zimizni avliyo, deb bilamiz va barchasi bizning qo‘limizda, deb o‘ylaymiz.

Lekin oddiy kunlarning birida oddiygina bir ilon oddiygina bir ko‘rshapalakni yeydi. Keyin esa o‘sha ilonning o‘zi Xitoyning bir kichkina qishlog‘idagi eng oddiy bir oshxonada ovqatlanish stolida yaxshi pishmagan delikatesga aylanadi...

Uni oddiy bir odam tanovvul qiladi, ikki hafta ichida u nima yegani esidan chiqqanida birdaniga isitmalab, betob bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay, bedavo kasallikdan o‘ladi. Lekin shu vaqt oralig‘ida yuzlab odamlar bilan bir havodan nafas oladi, muloqotda bo‘ladi...

Keyin aniqlanishicha, o‘sha ilon kasal ko‘r shapalakni yeganida uning ichida virus mutatsiya bo‘lib, chala qovurilgan taom iste’moli oqibatida odam jismini egallaydi. Qarang, oddiy narsalar zanjiri odamni larzaga solmaydimi? Aslida ularni «oddiy» deyishimiz soddalik emasmi?

Yangi koronavirus qariyb bir oy ichida nafaqat jahon iqtisodiyotida ikkinchi o‘rinni egallaydigan, trillionlab oltin zaxiralariga ega va sayyoradagi eng ilg‘or ilm va tibbiyot xodimlari yashaydigan mamlakatni, balki barchani jiddiy o‘ylashga majbur qilmoqda.

Jahon ilmiy hamjamiyati bilan birgalikda ham kasallikdan qutulish yo‘llarini topishga boshi qotmoqda. Koronavirus deb atalishga sabab mikroskop ostida kattalashtirib ko‘rilganda, virus toj, ya’ni koronasimon shaklga ega bo‘lganligi sababli shunday deb ataldi.

Soatiga ko‘p minglik katta shaharlar kirish va chiqish uchun yopilmoqda, o‘n minglab reyslar bekor qilinmoqda, neft va barcha birja kotirovkalar narxlari o‘ta katta tezlik bilan tushib ketmoqda. Hech kim taxminiy bashorat qilolmayapti, qachon va qanday tugashi haqida ma’lumot bera olmayapti.

Bu biz uchun, insoniyat uchun yaxshi bir dars, saboq, nasihat bo‘lishi lozim. Qanchalik ilmiy yutuqlarga erishishimizning va iqtisodiy qudratga ega bo‘lishimizning ahamiyati yo‘q.

Yaratgan Egam bizni har qanday vaqtda ojizligimizni eslatib qo‘yadi va buning uchun bitta oddiy ko‘rshapalak va ilonning o‘zi yetarli bo‘ldi. Hattoki, bundan-da kichikroq narsaning o‘zi ham yetadi», - deydi Sherzod Qudratxo‘jayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sherzod Qudratxo‘jayev koronavirusga davo topilmayotgani haqida fikr bildirdi