date
views 4 331

Ichki ishlar vazirligi kaltaklangan andijonlik voqeasiga izoh berdi (video)

Ichki ishlar vazirligi kaltaklangan andijonlik voqeasiga izoh berdi (video)
Andijonlik Jasurbek Hamroqulov Andijon shahar 6-son IIB profilaktika inspektori Sardor Abdumannopov tomonidan 2019 yil 11 sentabr kun IIB binosida kaltaklangani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Vazirlik tomonidan ma’lum qilinishicha, mazkur holat bo‘yicha ma’lumot joriy yilning 13 yanvar kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘iga joylangan bo‘lib, unga Andijon viloyati IIB axborot xizmati tomonidan munosabat bildirilgan.

Andijon viloyati IIB axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilning 11 sentabrida soat chamasi 22:30 da Andijon shahrida yashovchi Jasurbek Hamroqulov Andijon shahri Nodira ko‘chasida joylashgan «Kamelot» kafesi oldida mast holatda fuqaro O.B. bilan sababsiz janjallashib, unga yengil tan jarohati yetkazgan.

Chaqiruvga ko‘ra, tungi vaqtda xizmat olib borayotgan Andijon shahri ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining 6-sonli ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori Sardor Abdumannopov voqea joyiga yetib kelgan. Inspektor jamoat tartibini buzayotgan Jasurbek Hamroqulovni tinchlantirishga uringan vaqtida faol qarshilikka uchragan, deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, shundan so‘ng, fuqaro Jasurbek Hamroqulov hududiy ichki ishlar bo‘limiga olib kelinib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Mast holatda bo‘lgan Jasurbek Hamroqulov bu yerda ham xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgan. Vazirlikning ma’lum qilishicha, e’lon qilingan videotasvirda aynan shu holat aks etgan.

Mazkur holat Andijon viloyatining prokuratura organlari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilib, Jasurbek Hamroqulovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 277-moddasi 2-qismi (Bezorilik) bilan ayb e’lon qilingan. Hozirda jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 388-moddasi tartibida sud muhokamasiga yuborilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ichki ishlar vazirligi kaltaklangan andijonlik voqeasiga izoh berdi (video)
LiveInternet